Deputat Toʻlqinjon Karimov: Kunning yorugʻ vaqtida avtotransport vositalari chiroqlarini yoqib yurish toʻgʻrisidagi qoidani kim kiritgan?

16:18 31 May 2019 Jamiyat
644 0

Shu kunlarda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda kunning yorugʻ vaqtida avtotransport vositalari chiroqlarini yoqib yurishga oid joriy etilgan qoida boʻyicha turli bahs-munozaralar kechmoqda. Ushbu masalaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ayrim deputatlari oʻz pozitsiyalarini bildirishdi, unga Adliya vazirligi munosabat bildirishga ham ulgurdi.

Mazkur munozaralarni kuzatib, bir masalaga oydinlik kiritish lozim, deb hisoblayman. Adliya vazirligining munosabatidan, ayrim ijtimoiy tarmoq vakillarining fikrlaridan shu anglashiladiki, goʻyoki deputatlar ushbu qoidani kiritishga ovoz berishgan. Aslida bunday emas. Masalaning asl mohiyati boshqacharoq.

Deputatlar tomonidan 2016-yil 23-sentyabrda qabul qilingan Qonunga muvofiq Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 128-moddasidagi “sutkaning qorongʻi vaqtida yoki koʻrish cheklangan sharoitlarda yoritish asboblaridan (foydalanish qoidalarini buzish)” degan soʻzlar “tashqi yoritish asboblaridan (foydalanish qoidalarini buzish)” soʻzlari bilan almashtirilgan. Bunday oʻzgartish oʻsha paytda Yoʻl harakati qoidalarining 138-bandiga kunning yorugʻ vaqtida ayrim holatlarda (jamlanma safida harakatlanayotganda, bolalar guruhini tashkiliy tashishda va boshqalar) yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqilishi kerakligi toʻgʻrisidagi qoidaning kiritilishi bilan bogʻliq edi. Bunda Kodeksning 128-moddasi sanksiyasidagi jarima jazosi miqdori (eng kam ish haqining ikkidan bir qismi) oʻzgarishsiz qoldirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qaroriga muvofiq Yoʻl harakati qoidalarining 138-bandiga oʻzgartishlar kiritilib, unda kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart ekanligi belgilab qoʻyildi. Natijada, tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarining oʻzgarishi oʻz-oʻzidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 128-moddasi tatbiq etilishiga olib keldi. Yaʼni, ushbu qoidalarni buzgan shaxslarga nisbatan tegishli maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqardi.

Biroq, bu – deputatlar tashabbusi degani emas. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda turli sohalarda qonun osti hujjatlari bilan oʻrnatilgan qoida va tartiblarni buzganlik uchun (masalan, epidemiyalarga qarshi kurash, ov qilish yoki baliq tutish, yer berish, oʻrmon fondidan foydalanish qoidalari va h.k.) javobgarlik belgilangan. Bunda, qonun osti hujjatlari bilan belgilangan qoidalarning oʻzgarishi oʻz-oʻzidan maʼmuriy javobgarlikka tortishga ham taʼsir qiladi. Qoida va tartiblarning keng qamrovliligi va hajm jihatidan kattaligi ularni toʻgʻridan-toʻgʻri kodeksda batafsil yoritish imkonini bermaydi. Shu sababli, qonun chiqaruvchi kodeksda qonun osti hujjatlaridagi qoida va tartiblarga havola qilishga baʼzan majbur boʻladi.

Ayni paytda, mazkur vaziyatning tahlili, yana bir karra muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida bayon etilgan “Qonunosti hujjatlarini qabul qilish amaliyotidan voz kechish va toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanadigan qonunlar qabul qilish vaqti keldi”, degan gʻoyaning nechogʻlik dolzarb ahamiyat kasb etayotganligini yaqqol koʻrsatmoqda.

Ushbu gʻoyani amalga oshirish maqsadida parlamentda zarur choralar koʻrilmoqda. Xususan, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyoti hamda Toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunlarda tizimlashtirish va unifikatsiya qilinishi lozim boʻlgan qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi. Mazkur “Yoʻl xaritasi” asosida bugungi kunda 60 ga yaqin toʻgʻridan toʻgʻri amal qilish mexanizmiga ega boʻlgan qonunlarni qabul qilish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda, Qonunchilik palatasi qabul qilinayotgan har bir qonunda barcha masalalarni, qoida va tartiblarni batafsil yoritishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Birgina misol, parlamentimizga qonunchilik tashabbusi subyektlari tomonidan kiritilayotgan aksariyat qonun loyihalarining norma va qoidalari deputatlar tomonidan qayta ishlanib, ular toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qonun sifatida qabul qilinmoqda. Bu esa parlament oʻz faoliyatida davlat organlari ishidan xato izlash yoki kiritilgan qonun loyihasini qaytarish emas, balki masalaga oʻz vaqtida ijobiy yechim topishga eʼtiborini qaratayotganligini koʻrsatadi.

Shu maʼnoda, fikrimizcha, fuqarolarimizning huquq va manfaatlariga bevosita daxldor boʻlganligi uchun Yoʻl harakati qoidalarini qonun bilan tasdiqlash zarurati yuzaga kelmoqda. Agar shunday qilinsa, oʻylaymizki, bugun ijtimoiy tarmoqlarda kechayotgani kabi turli bahs-munozaralarga hech qanday hojat qolmaydi.

Toʻlqinjon KARIMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?