Deputat: Tadbirkorlar barqaror “moliyaviy taʼtil”ga chiqishadi

19:23 20 Mart 2020 Iqtisodiyot
470 0

Illyustrativ surat

Bilamizki, jahon iqtisodiyoti moliyaviy inqirozlarni boshidan kechirgan davrlarda xalqaro moliya tashkilotlari va turli hukumatlar tomonidan makroiqtisodiy muvozanatni taʼminlashga qaratilgan zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

2020-yil boshidan buyon davom etayotgan global salomatlik krizisi taʼsiri natijasida jahon YAIM 2020-yilda 2,7 trln. AQSH dollari miqdorida yoʻqotishga duch keladi. Jumladan, 2020-yilda Yevrohudud 1,2 foizga, AQSH iqtisodiyoti esa, 0,6 foizga kamayishi mumkinligi bashorat qilindi. Jahon bankining maʼlumotlariga koʻra, dunyo iqtisodiyoti 2009-yildan buyon oʻzining dastlabki yuqori iqtisodiy oʻsishiga erishi boshlanganda virus taʼsirining yuzaga kelishi global iqtisodiyotni yana xavf ostiga qoʻydi.

Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan tezkor chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etildi. Bu borada, Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonining qabul qilinishi ayni muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Mazkur hujjat bilan inqirozga qarshi jamgʻarma tashkil etilib, pandemiya oqibatlarini aniq moliyalashtirish manbasi belgilab berildi. Kam taʼminlangan aholi qatlamlariga moddiy yordam berish hajmini oshirish chora-tadbirlari orqali ichki istyemolni ragʻbatlantirish va iqtisodiy oʻsish surʼatini saqlab qolish choralari koʻriladi. Ijtimoiy soliq va shu kabi soliq, boshqa majburiy toʻlovlarning kechiktirilishi yoki maʼlum foizda kamaytirilishining joriy etilishi tadbirkorlarga barqaror “moliyaviy taʼtil”ga chiqishini anglatadi. Natijada, makroiqtisodiy talab va taklif muvozanatiga erishishga sharoit yuzaga keladi. Shuningdek, jalb etilishi nazarda tutilgan tashqi qarz mablagʻlarini isteʼmol yaratuvchi sohalarga yoʻnaltirilishi uzoq muddatli yalpi iqtisodiy qiymatni yaratishga yordam beradi.

Bir soʻz bilan aytganda, favqulodda yuzaga kelgan virusning taʼsiri kengayib ketmasligi uchun oʻz vaqtida choralarni, jamladan, iqtisodiy vazifalarni ishlab chiqilishi va hayotga tatbiq etilishi iqtisodiy inqiroz oqibatlarini yumshatishga va bartaraf etishga toʻliq shart-sharoit yaratib beradi, deb hisoblaymiz.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?