Deputat: “Soliq organlari tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlovchi, haqiqiy maslahatchi organga aylanishiga hali ancha vaqt borligiga oʻxshaydi”

14:21 18 Sentyabr 2019 Jamiyat
151 0

Joriy yilning 6-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida oʻtkazilgan “Hukumat soati”da Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi B.Musayev yangi soliq konsepsiyasining joriy qilingani munosabati bilan belgilangan soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish vazifalari boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlari toʻgʻrisida deputatlarga axborot berdi.

Sezganingizdek, masala juda dolzarb edi. Deputatlarda joylardagi uchrashuvlar mobaynida xalqimizdan, saylovchilardan kelib tushgan koʻplab savollar va murojaatlar yigʻilib turgan edi.

Yaxshi bilasiz, “Hukumat soati” oʻz nomi bilan bir soat davom etadigan tadbir. Shu bois, parlament quyi palatasida qaror topgan amaliyotga muvofiq, Davlat soliq qoʻmitasi raisiga axborot berishi uchun 20 daqiqagacha vaqt ajratilgan edi. Ammo “maʼruza” 35 daqiqaga choʻzilib ketdi. Tabiiyki, savol-javoblarga juda kam vaqt qoldi. Natijada parlament aʼzolari koʻplab muammoli savollarini berolmadilar.

Bu ham yetmaganday, xalq vakillarining aholi hamda tadbirkorlarni oʻylantirayotgan masalalar yuzasidan bergan savollariga ham mutasaddilar aniq javob qaytara olmadi.

Masalan, OʻzLiDeP fraksiyasi tomonidan Prezidentimizning 2018-yil 30-oktyabrdagi “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan 2019-yil 1-yanvardan boshlab davlat ulushi 50 foizdan kam boʻlgan korxonalar kontragentlari bilan oʻzaro munosabatlarda kechiktirilgan debitorlik qarzlar uchun sanksiyalarni qoʻllash tartibi bekor qilingan boʻlishiga qaramasdan, soliq organlari tomonidan moliyaviy sanksiya va jarimalar qoʻllanib kelinayotgani aniq misollar bilan keltirilib, eʼtiroz bildirildi.

Davlat soliq qoʻmitasining raisi esa, mazkur masala toʻliq oʻrganib chiqishni, bu esa, vaqt talab talab etishini roʻkach qilib, keltirilgan misollardagi qarzdorliklar oʻtgan yillarda vujudga kelgani uchun moliyaviy jarimalar qoʻllanilgan boʻlishi mumkin, deya javob qaytardi.

Vaholonki, Prezident Farmonida debitorlik qarzlar uchun sanksiyalarni qoʻllash tartibi 2019-yil 1-yanvardan bekor qilinishi qayd etilgan boʻlib, bunda oʻtgan davrda hosil boʻlgan debitorlik qarzlari uchun qoʻllanilmasligi keltirilmagan. Yaʼni bu korxonalar kontragentlari bilan oʻzaro munosabatlarda kechiktirilgan debitorlik qarzlar oʻtgan yillardan boʻlsa ham sanksiyalar qoʻllanmasligini anglatadi.

Qizigʻi, deputatlarning boshqa savollariga ham javob shunga oʻxshash tarzda berildi.

Xullas, Davlat soliq qoʻmitasi raisidan “Hukumat soati”da koʻp masalalarga yechim, joʻyali javob kutgan edik. Ammo soliq organlari tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlovchi, haqiqiy maslahatchi organga aylanishiga hali ancha vaqt borligiga oʻxshaydi.

Erkin XOLBOʻTAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?