Deputat: Shu vaqtgacha xalq taʼlimi tizimida musiqa oʻquv darslari hamisha past saviyada olib borilgan

13:06 30 Iyun 2020 Siyosat
130 0

Oʻtgan hafta oxirida mamlakatimiz rahbari Namangan viloyatiga tashrif buyurib, xalq deputatlari viloyat Kengashida yana bir bor milliy madaniyatni rivojlantirish va shu asnoda davlatimiz iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotini taʼminlash boʻyicha nihoyatda hayotiy va dolzarb yoʻnalishni belgilab berdi. Unga koʻra, endilikda har bir umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi taʼlim muassasasini fizika, matematika va boshqa koʻplab fanlar qatorida biron musiqiy cholgʻuni chalishni oʻrganganlik toʻgʻrisidagi bahosi bilan bitiradi.

Davlatimiz rahbari bugungi kunda iqtisodiyotni rivojlantirish orqali insonlarning turmush darajasini koʻtarish jarayonini boshdan kechirayotganimizni, ammo madaniyat va sanʼat sohasini yuksaltirmay turib, ijobiy natijalarga erishib boʻlmasligini taʼkidlab oʻtdi.

Tarixdan maʼlumki, ilmu maʼrifatda dong taratgan allomalarimiz diniy va dunyoviy ilmlar qatorida musiqa ilmi barobarida amaliyotini ham batafsil oʻrganib, uni chuqur egallashgan. Abu Nasr Forobiy, Safiuddin al-Urmaviy, Abdulqodir Marogʻiy, Zaynullobiddin Husayniy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va yana koʻplab jahonga mashhur mutafakkirlar musiqiy cholgʻuni chalishni bilgan va bu xususda fundamental ilmiy-nazariy risolalar yozishgan. Bundan koʻrinib turibdiki, musiqa ilmini egallash estetikasi oʻziga xos kategoriya boʻlib, oʻrta asr olimlarining komillikka erishishida nihoyatda muhim omil sifatida xam xizmat qilgan.

Davlatimiz rahbarining umumtaʼlim maktablari dasturiga musiqiy cholgʻuni oʻrganish fanini kiritish borasidagi taklifi butun bir madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi taʼlim tizimini rivojlantirishga katta taʼsir koʻrsatishni taqozo etadi. Bu bilan, avvalo, soha mutaxassislari uchun qoʻshimcha ish oʻrinlarining yaratilishiga imkoniyat berilmoqda.

Maʼlumki, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini musiqa sanʼatiga qiziqtirish oson ish emas. Buning uchun kuchli ishtiyoq uygʻotish talab etiladi. Yaʼni oʻquvchiga cholgʻu chalishning afzalligini tushuntira bilish, shu bilan birga, musiqiy cholgʻuni chalishda muhim hisoblangan sifatlar, xususan, tinglash qobiliyatini rivojlantirish pedagogdan yuksak mahorat talab etadi. Buning uchun pedagogning oʻzi ijrochilik borasida oʻz kasbini yaxshi egallagan, oʻquvchi qalbida musiqaga mehr uygʻota oladigan hamda sanʼatning inson umrida tutgan ahamiyatini yoshlarga yetkaza biladigan taʼsir kuchiga ega boʻlishi zarur.

Tan olish kerakki, shu vaqtgacha xalq taʼlimi tizimida oʻqitiladigan musiqa oʻquv darslari hamisha past saviyada olib borilgan. Musiqa fani oʻqituvchilari bilimining yetarli emasligi, musiqiy cholgʻuni ijro etish tajribasining yoʻqligi, oʻqitish uslubining oʻta joʻn va jaydari koʻrinishga ega boʻlgani sababli voyaga yetgan koʻplab avlodlarning haqiqiy milliy mumtoz va zamonaviy musiqa haqidagi tasavvurlari toʻgʻri shakllanmadi. Shu bois, hozirgi kunda katta yoshdagi ziyoli odamlar bilan gaplashganda musiqa haqida gap ketsa, sohani faqatgina koʻngilochar predmet sifatida tushunib, miyigʻida kulib qabul qiladilar.

Aslida esa musiqa sanʼatini tushunish, xususan, uning asoslarini egallash inson sogʻlom dunyoqarashining shakllanishida, tafakkur salohiyatini yana-da boyitishida muhim oʻrin egallaydi. Chunonchi, musiqiy cholgʻuni egallash niyatida boʻlgan bola, avvalo, sabrli boʻlishni oʻrganadi. Negaki, musiqa mashgʻulotlari oʻquvchidan yolgʻiz qolib, oʻz ustida ishlashni, maqsadga erishish yoʻlida izlanishni talab etadi. Har bir ishga ijodkorlik, masʼuliyat tuygʻusi bilan yondashishni oʻrgatadi. Bu esa uning butun hayoti davomida hal qiluvchi oʻrinni egallaydi.

Davlatimiz rahbarining xalq taʼlimi tizimiga musiqa ilmini kiritish borasidagi taklifining yana boshqa bir hikmati ham bor. Musiqa sanʼati azal-azaldan xalqimiz tafakkurining ajralmas qismi boʻlib kelgan. Har bir xonadonda dutor yoki boshqa bir musiqiy cholgʻuning devorda osilib turishi, insonlar qalbiga chuqur maʼnaviy ozuqa beradigan musiqiy-sheʼriy mashvaratlarning odatiy hayot tarziga aylanishi musiqa sanʼati tomonidan buyurilgan shart-sharoit boʻlib kelgan.

Shunday ekan, xalqimizning mentalitetiga xos ushbu xususiyatni yosh avlodni estetik tarbiyalash vositasi sifatida xalq taʼlimi tizimiga joriy etish gʻoyasi bugungi kun uchun dolzarb masaladir. Zero, jamiyatimizning bu sohada maʼrifatli boʻlishi, yoshlarimizning musiqiy merosimizni chuqur tushunishi xalqimizning milliy gʻururini yuksaltirib, ezgu maqsadlari sari dadil intilishiga turtki beradi.

Oydin ABDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?