Deputat: Sayoz seriallar o‘rniga Aytmatov asarlari asosida suratga olingan filmlarni ko‘rsatishsa yaxshi bo‘lardi

15:43 06 Iyun 2018 Dunyo
342 0
Foto: komitet.kg

Qirg‘iziston Jokorgu Keneshi mamlakat jamoatchilik teleradiouzatish korporatsiya(JTRK) axborot siyosatini keskin tanqid ostiga oldi.

U atoqli yozuvchi Chingiz Aytmatovning 90 yillik yubileyini yoritish mavzusiga yetarli darajada e’tibor bermayotganini qayd etib, korporatsiya kuzatuv kengashini iste’foga chiqarishni talab qildi, deb yozmoqda 24.kg sayti.

Parlament majlisida JTRK rahbari Ilim Karipbayevning axborotini eshitgan deputatlar uning hisobotidan qoniqmagan.

“Men Chingiz Aytmatovning 90 yilligi nishonlanayotgan paytda JTRK bunga e’tibor qaratmayotganidan xafa bo‘laman. Sayoz seriallar o‘rniga Aytmatov asarlari asosida suratga olingan filmlarni ko‘rsatishsa yaxshi bo‘lardi” dedi deputatlardan biri Taabaldi Tillayev.

Teleradio korporatsiya rahbari bunga javoban kompaniya Chingiz Aytmatov yubileyini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibiga kiritilgani, hukumat bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilib kelayotgani, ammo hamma ish moliyaga borib taqalayotganini bildirgan. JTRK boshlig‘i o‘z sa’y-harakatlari bilan yozuvchi hayoti va ijodiga bag‘ishlangan animatsion roliklarni translyatsiya qilayotgani va “Aytmatovning buyuk yo‘li” filmini suratga olayotganini qo‘shimcha qilgan.

Deputatlar bundan oldin JTRK muhim iqtisodiy va strategik muhim yangiliklarni yoritish o‘rniga tug‘ilgan kunlar uchun tabriklarni efirga berib vaqtni behuda sarflayotganini ham tanqid qilgandi.

O‘shanda Ilim Karipbayev o‘z korporatsiyasi mashhurligi bo‘yicha aholi o‘rtasida birinchi o‘rinda turishi, lekin tabriklar tig‘iz paytda berilmasligini aytgandi.

“Hududlardan odamlar qutlovlar buyurtma qiladi, xatlar yozadi, ko‘rsatuvlarni ko‘radi”, deya o‘zini oqlagandi u.

Respublikadagi taniqli teleboshlovchi Assol Moldokmatova esa matbuot anjumanlaridan birida yozuvchi yubiley tadbirlari davlat miqyosida emas, balki jamoatchilik sa’y-harakatlari bilan tashkil etilayotgani haqida kuyunib gapirgandi.

“O‘zbekistonda spektakl, kitob va film chiqarishdi. Bizda-chi? Aytmatov nomi – bu brend. Qayerda bo‘lmayin, Qirg‘iziston haqida gapirar ekanman, Aytmatov ismini tilga olishadi”, dedi u.

U mamlakat rahbariga yozuvchi yodgorligi ijodiy eskizi va maketini moliyalashtirish uchun 1,5 million som(22 ming AQSH dollari) so‘rab xat ham yo‘llagan. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?