Deputat Kattaqo‘rg‘ondagi voqea haqida: “Shahar rahbarlari uchun iste’fo berish — eng oqilona yo‘l!”

13:33 06 Iyul 2018 Jamiyat
790 0
Deputat. Q. Jo‘rayev.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Qodir Jo‘rayev Kattaqo‘rg‘on shahrida ichki ishlar xodimi tomonidan tahqirlangan ayol voqeasiga o‘z munosabatini bildirdi.

Uning munosabati qanday bo‘lsa, shundayligicha e’tiboringizga havola etamiz.

“Shahar rahbarlari uchun iste’fo berish — eng oqilona yo‘l!

Kattaqo‘rg‘on shahridagi mudhish hodisa faqat bir kishining aybi bilan sodir bo‘lmagan. Bunga shahardagi butun boshli tizim aybdor! Shunday vaziyatda shahar IIB boshlig‘i va shahar prokurori hamma aybni o‘z zimmalariga olib, iste’fo bersalar maqsadga muvofiq bo‘lardi. Nima uchun deysizmi?! Shahar ahlining ishonchini oqlamaganliklari uchun; davlatimizning hozirgi siyosati mazmun-mohiyatini xodimlarga tushuntirib berolmaganliklari va ular ustidan nazoratni qo‘ldan boy berganliklari uchun; Prezidentimizning topshiriqlari so‘zsiz bajarilishini ta’minlab bermaganliklari uchun; eng yomoni — millatimiz kelajagi bo‘lmish ayol zotining tahqirlanishiga yo‘l qo‘yib berganliklari uchun!”

Bungacha mazkur hodisaga quyi palataning yana bir deputati, O‘zLiDeP a’zosi Rasul Kusherbayev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva (ikki marta) o‘z fikrlarini aytib o‘tgan edi. Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi esa rasmiy munosabat bildirgan edi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?