Deputat Prezident qarorlarining Namangandagi ijrosini oʻrganmoqda

10:24 06 Iyun 2020 Siyosat
308 0

Davlatimiz rahbari joriy yilning 26-may kuni investitsiya masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida pandemiyaning iqtisodiyotga taʼsirini yumshatishga qaratilgan islohotlarni, bu yoʻlda joriy qilingan imtiyozlarni aholi va tadbirkorlik subyektlariga toʻgʻri va manzilli yetkazishdagi ishlar koʻngildagidek yoʻlga qoʻyilmaganligini taʼkidlab,tuman, shahar, viloyat hokimlari, vazirlarning har oyda bir marta Prezident qarorlari ijrosi boʻyicha parlament vakillari va keng jamoatchilik oldida hisobot berib borilishi mexanizmi yoʻlga qoʻyilishi borasida aniq koʻrsatmalar berib oʻtgandi.

Tabiiyki, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan imtiyozlar, yaratilayotgan sharoitlarni ularga oʻz vaqtida va toʻgʻri tushuntirish parlament quyi palatasida faoliyat olib borayotgan deputatlar zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Shundan kelib chiqqan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Barno Mirzamova mahalliy kengashga saylangan deputatlar bilan birga pandemiyaga oid Prezident qarorlari va topshiriqlari ijrosi yuzasidan Namangan viloyatining bir qator tumanlarida oʻrganishlar olib bormoqda.

Deputat bu ishni Chortoq tumanida tadbirkorlik subyektlari va tomorqa yer egalari faoliyati bilan tanishishdan boshladi. Muloqotlar davomida tadbirkorlar, fermerlar va tomorqachilar oʻz faoliyatlarini yana-da rivojlantirish borasida qator takliflar, fikrlar bildirishdi va aniqlangan muammolar joyida yechim topilishiga erishilmoqda.

– Chortoqda qishloq xoʻjaligi sohasida koʻplab istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotganiga, ehtiyojmand oilalar roʻyxati shakllantirilib, ularga oilaviy biznes boshlashda koʻmaklashilayotganiga guvoh boʻldik, - deydi B. Mirzamova. – Oʻrganishlar davomida tumanda qishloq xoʻjaligi sohasida erishilgan yutuqlar, imkoniyatlar va imtiyozlar borasida ham keng tushunchalar berib borildi.

Aytish kerakki, Prezidentimizning 2020-yil 1-maydagi «Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori ijrosi doirasida tumanda 22 ta loyiha ishlab chiqilgan.Hududda aholi bandligini taʼminlash ishiga fermer xoʻjaliklari ham faol qatnashmoqdalar. Masalan, «AxrorxoʻjaSojira» fermer xoʻjaligi tomonidan 20 yildan buyon foydalanilmayotgan adirlikda 106 gektar maydon oʻzlashtirilib, 52 gektarida gʻoʻza parvarishlanyapti. Buning natijasida 50 nafarga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratildi. Bundan tashqari, “Hamid Olimjon boʻstoni” agrofirmasi 20 gektar yerga kam taʼminlangan aholi uchun 2 sotixdan issiqxona qurib berishda koʻmaklashilmoqda.

Shuningdek, tumanda faoliyat olib borayotgan “Wall nuts of Chartak” fermer xoʻjaligi kooperativi tomonidan foydalanib boʻlmaydigan 41,4 gektar yer maydonni qayta oʻzlashtirib, u yerga Turkiya davlatidan olib kelingan yongʻoq koʻchatlari ekildi va koʻchat oralariga oraliq ekin ekish uchun 35 nafar kam daromadli xonadonlarga boʻlib berildi.

Deputat uchrashuv davomida tumanda “NAMANGAN FISHERIES” MCHJ tomonidan bir gektar yer maydonda sadoq usulida baliq yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan loyihani koʻzdan kechirdi. Uning umumiy qiymati 4300 mln soʻm, shundan 1200 mln soʻm tashabbuskorning oʻz mablagʻi va 3100 mln soʻmi tijorat bank krediti hisobidan amalga oshirish belgilangan. Ushbu loyihani tezlashtirish maqsadida tadbirkorni kredit mablagʻi bilan taʼminlash boʻyicha Respublika Markaziy bankiga taklif kiritilishi belgilab olindi.

Deputat Barno Mirzamova viloyatning Pop va Mingbuloq tumanlarida ham boʻlib, tadbirkorlik subyektlari, fermer xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari bilan muloqotlar olib bordi, muammolari va takliflari oʻrganildi.

Oʻrganishlar natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, Pop tumanida agroklasterlarni tashkil qilish, bogʻdorchilikni rivojlantirish borasida qator loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Unga koʻra tumanda “Namangan agro logistik” hamda “Agro HUB” MCHJlarga qarashli meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etildi. Agroklasterlarga jami 2 ming 588 gektar, shundan 365 ta fermer xoʻjaliklarini ixtiyoridagi 2 ming 494 gektar va 94 gektar klasterlarni oʻzlarining yer maydonlari ajratildi. 1 802 gektar yer maydoniga bogʻ va tokzorlar bosqichma-bosqich barpo etib boriladi.

Deputat ushbu klasterlar faoliyatini koʻzdan kechirar ekan tadbirkorlar bilan suhbat jarayonida mazkur bogʻ va tokzorlarni suv tejovchi texnologiyalar asosida sugʻorilishi, bu orqali kamroq sarf-xarajat qilinib, hosildorlikni yana-da ortishiga erishish haqida gap bordi.

Ishchi guruh vakillari Mingbuloq tumanida aholi bandligini taʼminlash, shu orqali inqirozdan chiqarish borasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar bilan tanishdilar.

Unga koʻra tumanda 41 gektar yer maydonida sholichilik, 
28,7 gektariga metall konstruksiyali va tomchilatib sugʻoriladigan issiqxona kooperativlarini tashkil etish belgilangan boʻlib, ularni amalga oshirish uchun 10 mlrd soʻm subsidiyalar ajratish orqali 1370 nafar kam taʼminlangan, ishsiz fuqarolar bandligini taʼminlash koʻzda tutilgan.

Qonunchilik palatasi deputati B. Mirzamovaning boshqa tumanlarda ham davlat rahbarining qaror va farmonlarida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash borasidagi oʻrganishlari davom etmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?