Deputat koʻmagi bilan 34 nafar fuqaro ishga joylashdi

10:11 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
186 0

Illyustrativ foto

Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati xalqimizni yana bir bor qudratli kuchga aylantirganini, barcha vatandoshlarimizni olijanob maqsad yoʻlida birlashtirganini alohida qayd etib oʻtdilar.

Albatta bu xayrli va savob ishdan partiyadoshlarimiz ham chetda turishmadi. “Saxovatli adolatchi” loyihasi doirasida Sirdaryo viloyatida sodir boʻlgan suv toshqinidan zarar koʻrgan aholiga oziq-ovqat, kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshak va boshqa hayot uchun zarur boʻlgan koʻmak karvoni yuborildi. Bundan tashqari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Erkin Toʻxtayev partiyamiz daʼvatiga asosan oʻz hisobidan Sirdaryoga 1 ta ekskavator, 1 ta avtotreyler, 1 ta avtosamosval texnikalari bilan aholining turar joylarini tozalash ishlariga yordam koʻrsatdi. Bundan tashqari, 100 ta rezina etik ham xayriya qildi. Partiyadoshimiz Erkin Toʻxtayev Oq oltin tumanining “Shodlik” mahallasidagi 10 ta kottej uyni rekonstruksiya qilib berdi. Muruvvatli partiyadoshimiz viloyat hokimligi qoshida tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati hisob raqamiga oʻz hisobidan 100 million soʻm xayriya mablagʻini beminnat oʻtkazib berdi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari Qoʻyli Narzullayev, Erkin Toʻxtayev, viloyat hokimligi mutaxassisi, partiya faoli Umarbek Haydarov va boshqalar Sirdaryo viloyatining Oq oltin tumanidagi 130 uyni sifatli qurishda oʻz hissalarini qoʻshdilar.

Deputatlik guruhimiz aʼzolari Dilrabo Temirova Shahrisabz shahridagi “Yashil diyor” MFYga qarashli 10 ta, Mavjuda Jumayeva esa Koson tumanidagi «Nartibaland» MFYning 30ta, Qoʻyli Narzullayev Mirishkor tumanidagi MFYga qarashli 5 ta ehtiyojmand oilalarni oʻz otaliqlariga olishgan.

Qarshi shahar «Mahallot» mahallasi Oʻrikzor koʻchasida yashovchi fuqarolar Gulnoza Choriyeva hamda Ruxsora Toshpoʻlatovalar partiyaning viloyat Kengashiga joriy yilning 24-iyul kuni 14 yoshgacha bolalar nafaqa pulini olishga amaliy yordam soʻrab murojaat qilishdi. Fuqarolarning muammolarini men obdon oʻrganib, joyida hal qilishga erishdim. Ushbu fuqarolarning ikkoviga ham 14 yoshgacha boʻlgan nafaqa puli ajratildi. 2020-yilning sentyabr oyida ularga nafaqa puli tarqatildi.

Qarshi shahar «Qavali» mahallasida yashovchi fuqaro Tuygʻun Abduvoitov ham partiya viloyat Kengashiga yashab turgan uyining kadastr hujjati, hokim qarori bor boʻlsa ham oʻz uyiga boshqa fuqaro egalik qilish uchun daʼvogarlik qilmoqchiligini aytib ariza bilan shikoyat qildi.Ushbu ariza yuzasidan men oʻzim ishchi guruh tuzib oʻrganib chiqdim va masala joyida oʻz yechimini topdi. Xuddi shunday shahardagi 4-mikrotumani 20 uy 18 xonadonida yashovchi Matluba Ibragimxoʻjayeva ham murojaat qilib, unda doimiy yashash manzili Toshkent shahar Shayxontohur tumani Bogʻ koʻchasi 16/34 uyda yashashi, ammo Qarshi shahridagi uyida istiqomat qilmagan boʻlsa-da, elektr tarmoqlarida noreal qarz mavjudligi va uning uyi elektr taʼminotidan noqonuniy uzilganligi maʼlum qilingan. Ushbu murojaat yuzasidan ham men oʻzim va partiyaning Qarshi shahar Kengashi raisi A.Sayniyazov, shahar Kengashi deputati Q.Roʻziboyev, viloyat elektr tarmoqlari boshqarmasi mutaxassisi A.Anvarovlar ishtirokida ishchi guruh tuzilib, muammo joyida oʻrganildi. Shuni alohida qayd etish kerakki, mazkur holat yuzasidan fuqaroning murojaati asosli ekanligi, uning elektr energiyasidan hech qanaqa qarzdorligi mavjud emasligi aniqlandi. Shundan soʻng fuqaro Matluba Ibragimxoʻjayevaning xonadoni elektr energiyasiga ulab berildi.

2020-yilning 9-iyul kuni Shahrisabz shahar “Kulolchilik” mahallasi fuqarolari deputatlik guruhimizga elektr energiyasi oʻchib yonishi tufayli uy-roʻzgʻor buyumlari yaroqsiz ahvolga kelib qolganligi, simyogʻochlarning eskirib ketganidan qulab tushishi xavfi ortib borayotganini shikoyat qilishgan edi. Ushbu jumboq ham joyida deputat Dilrabo Temirova tashabbusi bilan oʻrganilib, odamlarning murojaati haqli ekanligi aniqlandi. Deputat muammoni tez kunda bartaraf etish yuzasidan tuman elektr tarmoqlari rahbariga deputatlik soʻrovi yubordi. Ayni paytda aholi eʼtirozi yuzasidan elektr energiyasining nima sababdan oʻchib yonishi, nechta beton sim yogʻochlar kerak boʻlishi ustida mutaxassislar ish olib borishyapti.

2020-yil 9-avgust kuni Qarshi shahar Shayxali shaharchasi fuqarolari deputat Muhabbat Sharopovaga bolalar bogʻchasini ishga tushirib berishda amaliy yordam berishini soʻrashgan edi. Ushbu murojaatga asosan deputat MTM boshqarmasi boshligʻi A.Alimardonovga deputatlik soʻrovi yubordi. Shuningdek, Qarshi shahridagi «Qarliqbogʻot» MFYda yashovchi fuqaro X.Xudoyqulova ham uy-joy masalasida menga murojaat qilgan edi. Uning arizasini oʻrganib, shikoyati oʻrinli ekanligi sababli uni qanoatlantirish yuzasidan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining viloyat boshqarmasi boshligʻi birinchi oʻrinbosari K.Karomova nomiga deputatlik soʻrovi yubordim.

Prezidentimiz xotin-qizlar va yoshlar bandligini taʼminlashga har bir rahbar, deputat masʼul ekanligini qatʼiy belgilab qoʻydilar. Biz davlatimiz rahbari koʻrsatmalariga asosan deputatlik guruhimizga murojaat qilib kelayotgan xotin-qizlar va yoshlarga har taraflama yordam koʻrsatyapmiz.Masalan, Qarshi shahridagi “Oqtepa” MFYga qarashli Islom Karimov koʻchasining 42-uyida yashovchi Marhabo Karimova ishga joylashtirish masalasida shu yilning 12-avgust kuni murojaat qildi. Men ushbu fuqaroni haqiqatdan ham ishsiz ekanligini oʻrganib, Qarshi shahar tibbiyot birlashmasiga deputatlik soʻrovi yuborgan edim. Sentyabr oyidan eʼtiboran esa Marhabo Karimova oʻz mutaxassisligi boʻyicha Qarshi shahar tibbiyot birlashmasiga hamshira sifatida ishga joylashdi.Xuddi shunday shahrimizdagi «Maxallot» MFYda umrguzaronlik qilayotgan Dilorom Hazratqulova ham ishsizlikdan qiynalayotganligini aytib, deputatlik guruhimizga shikoyat qildi. Uning maʼlum qilishicha, 10 dan ortiq korxona, tashkilot va muassasalarga ish soʻrab murojaat qilgan. Afsuski, uning bu iltijosi mutasaddilar tomonidan ijobiy hal etilmagan. Men fuqaroni moddiy qiynalib qolganligini tushunib, uni Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga farrosh sifatida ishga joylashib olishida koʻmaklashdim. Darvoqe, birgina shu avgust sentyabr oylarining oʻzida deputatlik guruhimiz aʼzolari saʼy-harakati bilan 34 nafar fuqaro doimiy ish joyiga ega boʻldi.

2020-yil 5-sentyabr kuni Yakkabogʻ tumanidagi “Mustaqillik” MFYning

Navoiy koʻchasi 3 –uyida yashovchi fuqaroning uy-joy masalasidagi qilgan murojaatiga asosan tuman hokimi L. Abdullayev nomiga deputatlik soʻrovi yubordim. Koson tumanidagi «Erkatoy polvonjon» MTM rahbari D.Rahmonova ham 8-sentyabr kuni ish haqi masalasida amaliy yordam berishimni soʻrab guruhimizga murojaat qilgan edi. Bu muammo ham mening aralashuvim bilan masʼullar ishtirokida hal etildi.

Joriy yilning avgust oyida Shahrisabz shahar “Yangi hayot” MFY fuqarolari deputatlik guruhimiz aʼzosi Dilrabo Temirovaga 17-umumtaʼlim maktabida oshxona, sport zali, faollar zali yoʻqligi muammo boʻlayotganligi yuzasidan shikoyat qilishgan edi. Deputat ushbu murojaatni joyida obdon oʻrganib, taʼlim muassasasida haqiqatdan ham oshxona, sport zal va faollar zaliga ehtiyoj borligini inobatga olib, ushbu binolarni barpo etishda yordam berishi va kerakli mablagʻ ajratish yuzasidan viloyat hokimi Z.Mirzayevga deputatlik soʻrovi yubordi.

Umuman olganda, guruhimiz aʼzolari bilan shu kecha-kunduzda deputatlik soʻrovi, murojaati, biror masalani doimiy komissiya majlisi yoki sessiya kun tartibiga olib chiqish uchun oʻz vakolatimiz doirasida faoliyat olib boryapmiz. Ayniqsa, joylarda karantin qoidalariga amal qilgan holda aholi orasida Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi maʼruzasi mazmun-mohiyatini keng tushuntiryapmiz. Partiyamizning Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar, mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarga naf keltirishi mumkin boʻlgan rejalarni soʻzsiz ado etish uchun barcha choralarni koʻryapmiz. Xalqimizning buguni va ertasidan koʻngli toʻq, hayoti farovon boʻlishi uchun harakat qilyapmiz.

Ruiddin Raupov,
Qoʻyli Narzullayev,
Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashidagi
Oʻzbekiston “Adolat” SDP deputatlik guruhi aʼzolari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?