Iqtisodiy sharoitdan kelib chiqib, toʻlov-kontrakt narxlarini pasaytirish lozim — deputat

16:04 09 Avgust 2020 Siyosat
988 0

Hammamizga maʼlumki, yurtimizda karantin davrida iqtisodiyotni barqarorligini taʼminlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilab berilishiga qaramasdan ming afsuski, pandemiya holati jiddiy davom etmoqda. Ayniqsa, bu holat fuqarolarimiz daromadlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani kishini tashvishlantiradi. Ushbu sinovli kunlarda xalqimiz ham maʼnaviy, ham iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashga har qachongidan-da muhtojdir. 

OTMlarda bu yilgi oʻquv jarayonlari yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorlashguncha katta ehtimol bilan masofaviy usulda olib borilishi rejalashtirilmoqda. Taʼlim berish masofaviy boʻlsa, oʻz-oʻzidan taʼlim muassasalaridagi xarajatlar ham bir muncha kamayishi tayin.

Bundan tashqari bugungi kundagi pandemiya vaqtida barcha oilalarda boʻlayotgan iqtisodiy sharoitdan kelib chiqib, toʻlov-kontrakt narxlarini ham pasaytirish lozim. Taʼlim online shaklda olib borilsa, talabalar va ularning ota-onalariga internet toʻlovlari ham albatta qoʻshimcha xarajat hisoblanadi. Toʻgʻri online shaklda taʼlim olish talabalar uchun yoʻl kira xarajatlari, viloyatlardan kelib Toshkent shahrida va viloyat markazlarida taʼlim olayotgan talabalar uchun yotoq, turar-joy xarajatlari tejalishiga olib keladi. Lekin hozirgi vaziyatni hisobga oladigan boʻlsak, bu tejamkorlik yetarli emas. Yuqoridagilardan kelib chiqqan xolda OTMda kontrakt toʻlovlarini kamaytirish yoki karantin oʻtgunga qadar imtiyozli vaqt berish lozim.

Prezidentimiz qaroriga muvofiq, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida kam taʼminlangan oila sifatida roʻyxatga olinganlarga bepul yoki imtiyozli shartlarda koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar roʻyxati tasdiqlandi. Unga koʻra:

- davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida ota-onalar toʻlovidan ozod etish; 

- maktabgacha taʼlim muassasalarida oʻrnatilgan miqdorlarda ota-onalar toʻlovini toʻlash;

- umumiy oʻrta taʼlim maktablarida darsliklar ijara toʻlovlaridan ozod etish;

- umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari uchun qishki kiyim-bosh berish; 

- ayrim fanlarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta maktablar oʻquvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish;

- sanʼat maktablari, musiqa maktablari, “Barkamol avlod” markazlari va boshqa maktabdan tashqari taʼlim muassasalarida oʻqish xarajatlaridan ozod etish;

- kam taʼminlangan oilalarning nogiron aʼzolarini protez-ortopediya buyumlari bilan taʼminlash;

- ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida bepul maxsus (ambulator yoki kunduzgi) tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha yoʻllanma (order) olish kabilar belgilandi.

Bu qaror xalqimizga davlatimiz rahbari tomonidan koʻrsatilgan yana bir gʻamxoʻrlik, albatta. Buni xalqimiz minnatdorlik va shukronalik bilan qabul qilishmoqda. Katta umid bilan aytamizki, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini ham OTMda toʻlanadigan kontrakt-toʻlovlaridan ozod qilinsa, bu ularga berilgan katta ishonch va imkoniyat boʻlardi. Ikki yoki undan ortiq farzandlari toʻlov - kontrakt asosida oʻqiyotgan oilalarimiz bor. Xuddi shunday oila farzandlari uchun ham kontrakt toʻlovlariga chegirmalar qilib berilsa, qanchadan-qancha oilalarning mushkuli oson boʻlardi. Yoki farzandi super-kontraktda tahsil olayotgan va bugungi kunda pandemiya tufayli daromadidan ayrilgan oilalarga koʻmak va imtiyozlar joriy etilsa, xalqimizning ogʻiri yengib boʻlib, erkin nafas olardi. Chunki hozirgi pandemiya sharoitda oʻgʻil-qizlarimizni ilmli, hunarli boʻlish uchun qancha koʻp imkoniyat hamda sharoit yaratib bera olsak, yurtimiz kelajagi va taraqqiyotiga shuncha koʻp hissa qoʻshgan boʻlamiz. Zero, bugungi talabalar ertangi olimlar, shoirlar, rahbarlar yoki vazirlar ekanini unutmasligimiz lozim.

Shahnoza Xolmaxamatova,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,

OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?