Deputat fikri: “Jarima faqat yuk va yoʻlovchi tashuvchilarga qoʻllanishi mumkin”

16:33 06 Fevral 2019 Siyosat
435 0

Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning 135-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilib, qabul qilindi. Buning ahamiyati haqida quyi palata deputati Rasul Kusherbayev oʻz telegram kanalida quyidagi fikrlarni bildirib oʻtdi:

“Haydovchilarning malakasini oshirish va sertifikat olish masalasi ancha muncha muhokamaga sabab boʻlgan mavzular qatorida boʻldi. Turli takliflar va fikrlar boʻlganligini ham kuzatdik.

Koʻpchilikning taklifi va haqiqatan ham fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida bugun deputatlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning 135-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilib, qabul qilindi.

Maʼlumot uchun: ushbu modda yoʻl harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari boʻlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarganligi uchun jarima qoʻllashga bagʻishlangan.

Qonun loyihasining birinchi oʻqishda kiritilgan variantidan farqli ravishda deputatlarning takliflari bilan loyiha ikkinchi oʻqishda qayta ishlanib, yoʻl harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari boʻlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishda zarur boʻlgan hujjatlar qatorida transport vositalarida faqatgina “yoʻlovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchining malaka oshirishdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikati” boʻlishi zarurligi nazarda tutildi. Yaʼni barcha yuridik shaxs haydovchilari emas, faqat yoʻlovchi va yuk tashish bilan shugʻullanadigan haydovchilarning malaka oshirganligi toʻgʻrisidagi sertifikati boʻlishi haqida gap ketmoqda. Shuningdek, transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani almashtirish yoki yoʻqolgan guvohnoma oʻrniga boshqasini berish hollarini istisno qilgan holda guvohnoma olgan paytdan eʼtiboran ikki yillik davr bu talabdan mustasno ekanligi koʻzda tutilmoqda.

Demak, bundan anglashiladiki, yoʻl harakati xavfsizligi inspektori(GAI) hujjatni koʻzdan kechirishda barcha yuridik shaxslarga tegishli avtotransport haydovchilaridan emas, balki faqat yoʻlovchi va yuk tashishga ixtisoslashgan haydovchilardangina malaka oshirganligi haqida sertifikatni koʻrsatishni talab qilishi mumkin.

Fursatdan foydalanib, hamkasblarimizga masalaga toʻgʻri yondashib, loyihani shunchaki emas, real natija berish, qulaylik yaratishga xizmat qilishi mumkin boʻlgan holda maromiga yetkazib, qabul qilinishiga qoʻshgan hissalari uchun (ketgan asab uchun ham) tashakkur demoqchiman”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?