Deputat: Aholining namunaviy uylar boʻyicha eʼtirozlari asosli chiqdi

09:45 14 Avgust 2019 Jamiyat
178 0

Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev oʻzining Telegram-kanalida aholi murojaati asosida Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani Saxovat mahallasi, Saxovat koʻchasidagi namunaviy loyihalar asosida qurilgan uylarning ahvoli bilan tanishganini bildirgan.

“Shu yilning aprel oyida tugallanishi vaʼda qilingan uylar hamon toʻliq egalariga topshirilmaganligi va qurilishdagi sifatsiz ishlar haqida aholi vakillari oʻtgan haftada Yangiyoʻldagi qabulxonamga kelib murojaat qilishgandi, - deydi deputat. 

-Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, murojaat joyida oʻrganilgandagina asl haqiqat namoyon boʻladi. Shu bois, qurilishga masʼul “Qishloq qurilish invest” IK va tuman hokimligi masʼullarini joyiga taklif qilib, muammoni oʻrganib chiqdik.

Ochigʻi aholi vakillari noliganicha ham bor ekan: jami 76 ta uyning 60 ga yaqinida xonadon egalari u yoki bu darajada qurilish ishlaridan norozi, aksariyati qurilish-taʼmirlash ishlari sifatsiz bajarilgani uchun uylarni qabul qilib olishmagan. Shu bois, uylar hamon tabiiy gaz bilan taʼminlamagan, yangi koʻcha chang toʻzon va shagʻaldan iborat bir ahvolda. Shuningdek, bir qator xonadonlardagi hammom, qozonxona, eshik, kanalizatsiya, hovli sahnidagi beton va elektr toki montaj ishlari qurilish talablariga mos olib borilmagan, ayrim quruvchi ustalar ish haqlarini ola olmay sarson...

Barcha kamchiliklar bilan tanishgach, aholi eʼtirozlari bejizga emasligini tushundik. Soʻng shu yerning oʻzida tez muddatda qurilish taʼmirlash ishlarini oxirigacha yetkazish boʻyicha ishlar rejalashtirib olindi.

Har tugul bu safar bir-birimizni yaxshi tushundik, shekilli “Qishloq qurilish invest” masʼullari eʼtiborsizlik qilgan qurilish ishlarini qattiq nazoratga olib, kamchiliklarni bartaraf qilishga kirishishdi. Hokimlik ham ertalabdan vaʼda qilingan ishlarni boshlab yuboribdi. Nasib qilsa shunday ruxda oxirigacha boradi.

Deputatlik nazorati degan gapdan kelib chiqib, ishlar oxiriga yetmaguncha har hafta bir oyogʻimiz shu yerda boʻladi endi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?