Deputat: “2 kishilik palatada 6 bemor yotibdi...“

11:12 24 Fevral 2020 Jamiyat
238 0

Farzandingiz bemor boʻlib qoldi. Koʻnglingizga chiroq yoqsa yorishmaydi. Nima qilib boʻlsa ham uni davolatishingiz lozim. Zudlik bilan shifoxonaga yotqizish kerak. Tibbiyot muassasasiga olib kelib, koʻrsangizki, bolasi kasal bitta siz emas. Qabul boʻlimida uzun navbat, bolalar shifokori oldiga yaqinlashib boʻlmaydi. Uzoq kutishdan soʻng galingiz kelib, bir amallab tekshiruvlardan oʻtilgandan keyin palataga yotqizishga kirsangiz, 2 kishilik palatada 6 bemor yotibdi...

Afsuski, bu toʻqima asardan parcha emas, hayot haqiqati. Biz bunga Surxondaryo viloyatining bolalar koʻp tarmoqli shifoxonasida guvoh boʻldik.

Maʼlumki, Sogʻliqni saqlash sohasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi masʼul etib belgilangan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston “Adolat” SDP ham oʻz faoliyatida aholi sogʻligʻini saqlashni eng asosiy yoʻnalish sifatida qaraydi.

Shu boisdan, parlament quyi palatasi Spikeri oʻrinbosari, “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari Narimon Umarov boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari Surxondaryo viloyatida tibbiy xizmat holati, “aqlli tibbiyot” tizimini joriy qilish masalalarini oʻrganish boʻyicha bir qator tibbiyot muassasalarida boʻlishdi.

Oʻrganishlar davomida ijobiy jihatlar bilan birgalikda yuqoridagi kabi kamchiliklar ham kuzatildi. Jumladan, viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi 380 oʻringa moʻljallangan boʻlishiga qaramasdan, hozirgi kunda 600 nafarga yaqin bemorlar davolanmoqda. Bu esa, aholi oʻrtasida tibbiyot sohasi vakillariga nisbatan norozilik, sohadagi islohotlarga ishonchsizlik uygʻotmoqda.

Shifoxona bosh shifokori ushbu holatni Termiz shahri va unga yondosh tumanlarda bemor bolalar uchun tibbiy xizmat sifatining pastligi, oʻrinlar soni yetishmasligi natijasida ushbu muassasada bemorlar murojaati oshishiga olib kelayotganini taʼkidladi. Natijada, yaqindagina taʼmirlab topshirilgan qoʻshimcha 60 oʻrinli bino ham masalaga yechim boʻla olmayapti.

Mazkur muammoni oʻrgangan deputatlar masala yechimi yuzasidan mutasaddilarga bir qator yechimlarni taklif etdi. Xususan, birinchidan, mazkur muassasaga qoʻshimcha bino qurish va hududlardagi shifoxonalarda oʻrinlar sonini koʻpaytirish orqali yuklamani kamaytirish mumkin.

Ikkinchidan, shifoxona bosh shifokorining taʼkidlashicha, garchi karavotlar mavjud boʻlsa-da, sanitariya normalariga toʻgʻri kelmagani uchun 4 nafar bemor yerda yotishga majbur boʻlmoqda. Shuning uchun deputatlar sanitariya meʼyorlariga oid qonunchilikni takomillashtirish masalasini koʻrib chiqish tashabbusini bildirdilar.

Uchinchidan, bugungi kunda Surxondaryo viloyatidagi xususiy tibbiyot muassasalarida 2000 mingga yaqin oʻrin mavjud boʻlsa-da, bolalarni davolashga ixtisoslashgan muassasalar yoʻq. Ushbu holatning respublikamizning boshqa hududlarida ham kuzatish mumkin. Shu boisdan, ehtiyoj yuqori boʻlgan bolalarni davolashga moʻljallangan xususiy shifoxonalarni tashkil etmoqchi boʻlgan tadbirkorlarga maxsus imtiyozlar taqdim etish, tashkil etishdagi byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish lozimligi bildirildi.

Ishchi guruh tomonidan viloyatdagi tibbiyot muassasalariga masʼullar bilan suhbatlashilganda bu kabi muammolarni berilgan takliflar asosida tez orada tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yechimini topishga kelishib olindi. Zero, mamlakat ertasini, farzandlar sogʻligʻini oʻylagan hech bir rahbar ushbu mavzu boʻyicha shunchaki, kuzatuvchi sifatida chetda qarab turishga haqi yoʻq.

Ishchi guruhning oʻrganish ishlari davom etmoqda.

Muhammad VALIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?