Denov tumanida “JAJJI ISTEʼMOLCHI” maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etildi

17:04 22 Iyul 2019 Jamiyat
230 0

Denov tumanida “JAJJI ISTEʼMOLCHI” maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etildi

Denov tumanida 75 ta maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, bugungi kunda bogʻcha yoshidagi (3 yoshdan 7 yoshgacha ) 33 ming 168 nafar bolalarning atigi, 5 ming 765 nafari yaʼni 17,2 foizi davlat, oilaviy, davlat xususiy sherikchilik yunalishlarida tashkil etilgan maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olingan......

Taʼlim va tarbiyaning asosiy oʻzagi, taʼbir joiz boʻlsa, eng boshlangʻich nuqtasi, hech shubhasiz maktabgacha taʼlim tizimidir. Maktabgacha taʼlim sifati kerak boʻlsa, millat va mamlakat ertasini belgilovchi omillarning eng avvalida turadi desak xato boʻlmaydi. Boisi, farzandlarimizning inson sifatidagi fazilatlari, yurtiga, xalqiga boʻlgan muhabbati ham maktabgacha taʼlim ostonasida shakllanadi. Oʻgʻil-qizlarimizning taqdiriga, sogʻlom genofondni yaratish, har jihatdan yetuk avlodni voyaga yetkazishga befarq qaramagan har bir inson maktabgacha taʼlim tizimining bugungi rivojiga loqayd qarab turmaydi. Bugun bu tizimga yuksak eʼtibor koʻrsatilayotgan bir paytda ham oʻz yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Eng katta muammo esa jajji farzandlarimizni joylashtirish uchun bogʻchalarni yetishmasligi, mavjudlarining barchasi ham zamon talablariga javob bermasligidadir. Mazkur muammo natijasida ayrim tarbiya maskanlarida bitta guruhda 30-40 tagacha bolalar tarbiyalanishi kuzatilgan. Ayniqsa, bunday holatlarni chekka tumanlarda koʻp kuzatish mumkin. Bu esa meʼyor talablariga toʻgʻri kelmaydi. Shu yildan boshlab mamlakatimiz maktabgacha taʼlim muassasalarida bir guruhda 25 nafargacha bola boʻlishi meʼyoriy koʻrsatkich etib belgilandi. Ammo bu natijaga erishish uchun yangi va zamonaviy taʼlim muassasalarini bunyod etish kerak boʻladi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 30-sentabrdagi “Maktabgacha taʼlim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida soha oldidagi dolzarb vazifalar va ustuvor yoʻnalishlar belgilab berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, Prezident qayerda boʻlmasin, maktabgacha taʼlim muassasalarini kirib koʻrmoqda, bir necha bor shu masalaga oid videoselektor yigʻilishlarini olib bordi, yaʼni tizimga ragʻbat Davlat siyosati darajasiga olib chiqildi.

Maktabgacha taʼlim muassasalari davlat va nodavlat tarmogʻini kengaytirish bugungi kunda muhim ahamiyatga ega. Chunki yukni faqat davlat zimmasiga tashlab qoʻyilsa, yoki bu faqat byudjetning ishi, deb qaralsa juda xato boʻlardi va istagan niyatimiz roʻyobi uzoqlashib ketadi. Sohani rivojlantirish faqatgina yangi tashkil etilgan vazirlik, Prezident, Bosh vazir, viloyat va tuman hokimlarining vazifasi, desak toʻgʻri boʻlmaydi.

2014-yilda “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonun, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan mamlakat ijtimoiy va iqtisodiy hayotiga oid muhim dasturlarni amalga oshirishda birgalikda harakatni koʻzda tutadi. Albatta, bunda majburiyatlarni qabul qilish ixtiyoriy. Koʻplab nodavlat tashkilotlari oʻz kunini amal-taqal qilib koʻrayotgan bir paytda ulardan bunday yordamni kutishning oʻzi qandaydir noqulay boʻladi. Lekin biz qarab oʻtirmoqchi emasmiz. Ozroq imkonimiz boʻlsa shundan foydalanishga harakat qilyapmiz. Shu maqsadda respublikamizda birinchi marotaba “uchinchi sektor” vakili sifatida Denov tumanida nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasini foydalanishga topshirdik, shuningdek isteʼmolchilarga qulaylik yaratish maqsadida aholiga oʻzi uchun eng yaqin maktabgacha taʼlim muassasasi haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumot berish boʻyicha maxsus bazani yaratish istagidamiz. Binobarin, qonunchilikka kura xar qanday isteʼmolchi koʻrsatiladigan xizmat turi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qisqa muddatda olishga haqli. Buni maktabgacha taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda grant loyihasi yoki ijtimoiy buyurtma asosida amalga oshirishimiz maqsadga muvofiq, deydi Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov.

Shu maʼnoda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan Denov tumani “Qoraxon” qishlogʻining “Namuna” mahallasida 50 oʻringa moʻljallangan “Jajji isteʼmolchi” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasini foydalanishga topshirilgani tuman ahli uchun chin maʼnoda quvonchli voqeaga aylandi. Buni yosh-u, qarining koʻzlaridagi sevinchdan koʻrish mumkin.

Zamonaviy qiyofaga ega, hudud sharoiti hisobga olingan holda, qishda issiq va yozda salqin, bolalarning yuvinishi, ovqatlanishi, mashgʻulot oʻtkazishi, oʻynashi, uxlashi uchun barcha sharoitlarga inshoot tuman bolalari uchun orzular maskani boʻlishi shubhasiz.

Bir soʻz bilan aytganda, bularning barchasi fuqarolik jamiyati instituti sifatida federatsiyaning mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy hayotidagi umummilliy dasturlarda ijtimoiy sherik sifatida oʻzining toʻlaqonli ishtiroki va tashabbuskorligini sobitqadamlik bilan taʼminlashga qaratilganidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?