Eski kolxozlarning dala shiyponida oʻquv-mashgʻulotlari oʻtib kelinmoqda. Yoxud farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasiga befarq qarashga haqqimiz yoʻq

14:17 21 Noyabr 2020 Jamiyat
332 0

Taʼlim tizimiga boʻlgan eʼtibor har qachongidan ham yuqori. Zero, eng yaxshi investitsiya bu kelajak avlod uchun sarflangan investitsiya hisoblanadi.

Soʻnggi yillarda Denov tumanidagi maktablar yangi qiyofa kasb etmoqda, yangi taʼlim muassasalari qad rostlayapti. Ularda oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun barcha qulayliklar yaratilayotganini alohida eʼtirof etish joiz. Hozirda tumanda 98 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 70 ta filial hamda 5 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat olib bormoqda.

Yaqinda tumandagi sharoiti talab darajasida boʻlmagan 17 ta maktab, 7 ta filiallarning holati bevosita oʻrganildi. Ochigʻini aytish kerak, ahvol yaxshi emas.

Sababi, oʻrganilgan maktablarning aksariyat binolari oʻtgan asrning oʻrtalarida qurilgan, oʻquv-partalari eski, isitish tizimi (burjuyka pechlar ham bor) yaxshi ishlamaydi, sinfxonalar yetishmaydi, toza ichimlik suvi yoʻq. Deraza, eshiklar qariyb yaroqsiz holga kelib qolgan, hovli va yoʻlakchalari nosoz ekanligining guvohi boʻldik. Eng achinarli ahvol filiallarda boʻlib, eski kolxozlarning dala shiyponida, bogʻchalarda yoki aholi tomonidan hashar yoʻli bilan qurilgan binolarni moslashtirgan holda oʻquv-mashgʻulotlari oʻtib kelinmoqda.

XXI asr axborot texnologiyalari asri sifatida kirib keldi. Axborot texnologiyalari allaqachon hayotimizning ajralmas qismiga aylanib boʻlgan. Bolalarimizni iqtidorli, zamonaviy bilimlar egasi qilib tarbiyalash uchun kompyuter savodxonligining ahamiyati yuqori, albatta. Shunday boʻlishiga qaramay, tumandagi 4 ta maktab kompyuter bilan taʼminlanmagan, 18 ta maktabning kompyuterlari esa ancha eskirgan. 23 ta taʼlim maskanida optik tolali tarmoq orqali internet aloqa tizimi yoʻlga qoʻyilgan xolos. Demak, qolgan maktablarda internet aloqasi deyarli yoʻq, desa ham boʻlaveradi.

Sport bor joyda salomatlik boʻladi, degan gap bor. Lekin shunga qaramay, 30 ta maktabda yopiq sport inshooti (zal) yoʻq boʻlsa, qolgan maktablar sport anjomlari bilan qisman jihozlangan. Hududdagi maktablarning ochiq sport maydonchalarini ham yaxshi, deb boʻlmaydi. Biz bir narsani unutmaylik, sogʻlom bola ertaga sogʻlom inson boʻlib voyaga yetadi, ruhi tetik, tani baquvvat, fikri tiniq boʻladi. Bunday yoshlar jamiyatni boyitadi, hech qachon adashmaydi.

Yana bir gap, maktablar faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi, boshqacha aytganda ularni boshqaradigan tuman Xalq taʼlimi boʻlimining oʻzida yetarlicha sharoit yoʻq. Xonalar yetishmasligi natijasida xodimlar tiqilishib joylashgan, joy yoʻqligidan hujjatlar uyim boʻlib yotibdi.

Kuz ham oʻtib, qish kirishiga sanoqli kunlar qoldi. Havo harorati pasayib bormoqda. Maktablarni oʻrganish davomida oʻqituvchilarimiz xonalarning isimasligiga yana bir sabab sifatida sifatsiz koʻmir tarqatilganligini alohida taʼkidlashdi...

Albatta, yuqoridagi muammolar bir ikki yilda emas, yillar davomida sohaga yetarlicha berilmagan eʼtibor natijasida yigʻilib qolgan. Oʻrganish yakunida aniqlangan mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tuman hokimi bilan rejalarni belgilab oldik. Bolalarning oʻqish, sport bilan shugʻullanish, yaxshi inson boʻlishga intilish hissi eng qimmatli kuchdir. Fikrni bir joyga qoʻyib, kamchiliklarni tuzatish, sport zallari qurishning imkonini qilsa boʻladi, deb oʻylaymiz.

Shundoq ham fidoyi boʻlgan oʻqituvchidan natija, kelajak avloddan yuksak marralarni zabt etishni kutar ekanmiz, avvalo, ularga yetarlicha shart-sharoit yaratib berishimiz zarur, nazarimda.

Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?