Denni Laypsiger: Yuqori masʼuliyat va shaffoflik taʼminlangan joyda iqtisodiy oʻsish, farovonlik darajasi yuqori boʻladi

16:16 27 Avgust 2018 Iqtisodiyot
421 0

Iqtisodiy oʻsish, inflyatsiya va aholi bandligi. Shubhasiz, bular har qanday mamlakat oldidagi asosiy makroiqtisodiy masala hisoblanadi. Biroq ushbu vazifalarning barchasini maqsad qilib olgan hukumat ularga bir vaqtda erisha olmaydi. Agar yuqori iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichi taʼminlansa, inflyatsiya ham baland boʻlishi, past inflyatsiya boʻlganda esa ishsizlik darajasi oʻsib ketishi, oqibatda bandlik darajasining pasayishi kutiladi. Shu sababli, dunyoning aksariyat davlatlari oʻz oldiga inflyatsiya darajasini maʼlum darajada ushlab, iqtisodiy oʻsishni maksimallashtirishni bosh maqsad qilib qoʻyadi.

Binobarin, iqtisodiy oʻsish, avvalo, aholining turmush tarzini yaxshilash uchun zarurdir. Chunki bunga erishish yoʻlida amalga oshiriladigan islohotlar jamiyatining barcha jabhalarini qamrab oladi. Natijada aholi yuqoriroq daromadga ega boʻladi, sifatli tibbiyot xizmatidan foydalaniladi, pirovardida umr koʻrish darajasi oshadi. Shu bois rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy oʻsishning yangi manbalarini izlab topish odamlar turmush tarzini yaxshilashning birdan-bir yoʻli sifatida qaraladi.

Xoʻsh, islohotlarning hozirgi bosqichida Oʻzbekiston ushbu maqsadga erishish uchun qanday yoʻl tutmoq kerak? Bu jarayonda nimalarga eʼtibor qaratish zarur?

Muxbirimiz shu kabi dolzarb savollarga oydinlik kiritish maqsadida bir necha oydan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan hamkorlik qilib kelayotgan iqtisodiy oʻsish masalalari boʻyicha ekspert, Jorj Vashington universiteti (AQSH) professori, Jahon banki Iqtisodiy maslahatchilar kengashi maslahatchisi Denni Laypsigerdan eksklyuziv intervyu oldi.

— Mutaxassislar iqtisodiy oʻsishga erishmasdan turib, aholining hayot darajasini yuksaltirib boʻlmasligini qatʼiy taʼkidlashadi. Shu maʼnoda, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadini ikki marta oshirishni maqsad qilgan Oʻzbekistonda buning uchun qanday ishlar amalga oshirilishi kerak?

— Chindan ham, iqtisodiy oʻsish kuzatilmayotgan joyda aholining turmush tarzi yaxshilanishi kutilmaydi. Aksi boʻlganda esa yangi ish oʻrinlari yaratiladi, qoʻshimcha daromad manbai shakllanadi, qashshoqlik darajasi keskin pasayadi. Bunga Xitoy, Janubiy Koreya va Vyetnam kabi mamlakatlar tajribasi yaqqol misoldir.

Dunyoning sanoqli davlatlargina barqaror ravishda yiliga 7 foiz iqtisodiy oʻsishga erishgan. Oʻzbekistonda bugun amalga oshirilayotgan izchil islohotlar kutilgan natijalarni bera boshlagach, hademay, u shunday mamlakatlar qatoriga kirish imkoniyatiga ega boʻladi. Gap bu yerda faqat yuqori iqtisodiy oʻsishga erishish masalasida emas, balki undan kim naf koʻrishi haqida ham ketmoqda. Shunday ekan, millatning turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy va ijtimoiy siyosat maqbul muvozanatini taʼminlash lozim.

Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni ikki marta oshirish uchun Iqtisodiy oʻsish va rivojlanish komissiyasi islohotlarni toʻgʻri amalga oshirish kerakligi, bu esa uzoq muddatli jarayon ekanligini taʼkidlaydi. Avvalo, iqtisodiy resurslardan oqilona foydalanish zarur. Yaʼni kapital resurslari, birinchi navbatda, samaradorligi yuqori sektorlarga yoʻnaltirilishi, inson kapitali rivojlantirilishi va undan unumli foydalanilishi, toʻgʻri narx signallarini aks etgan ishlab chiqarish tashqi bozorlarda raqobatdosh va eksportbop boʻlishi, iqtisodiy siyosatning barqaror va toʻgʻri koordinatsiya qilinishi, mamlakat kelgusi 10 yoki 20 yil ichida qanday rivojlanish darajasiga erishishi toʻgʻrisida aniq maqsadlarga ega boʻlishi lozim.

Toʻgʻri, sanab oʻtilgan mazkur besh omilga erishish oson emas. Oʻzbekiston uchun esa yanada murakkab jarayondir. Sababi, u hali bozor iqtisodiyotiga oʻtish bosqichida. Modomiki, omillarning barchasiga birdaniga erishib boʻlmas ekan, dastlab iqtisodiyotni ortga tortayotgan sohalar aniqlanib, ulardagi mavjud muammolarni bartaraf etish rejalari puxta tuzilishi shart.

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan valyuta siyosati va narx liberalizatsiyasi islohotlarda tub burilish yasashda asosiy qadam boʻldi. Bu yangilanishlar, umumiy maʼnoda, Davlat byudjeti tomonidan moliyalashtiriladigan investitsiyalarni yoʻnaltirish, jumladan, infratuzilma, taʼlim, sogʻliqni saqlash hamda yangi texnologiyalarni joriy qilish yoʻlida izchil davom ettirilishi kerak.

Bizning maʼlumot: Iqtisodiy oʻsish va rivojlanish komissiyasi (The Commission on Growth and Development) Jahon banki, Shvetsiya, Gollandiya va Buyuk Britaniya hukumatlari hamda Uilyam va Flora Xyulet jamgʻarmasi tashabbuslari asosida 2006 yilda tashkil etilgan boʻlib, u Nobel mukofoti sovrindori Maykl Spens boshchiligida oʻz ichiga hukumat, biznes va iqtisodiy siyosat sohasidagi yetakchi amaliyotchilarni birlashtiradi. Komissiyaning asosiy maqsadi iqtisodiy oʻsish va qashshoqlikni kamaytirish masalalarini chuqur oʻrganib, jahon hamjamiyatiga natijalarini eʼlon qilish kiradi.

—Sizningcha, qaysi sohalar Oʻzbekistonda, birinchi navbatda, isloh etilishi zarur?

— Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hukumat islohotlarning toʻgʻri ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrmoqda. Shu bilan birga, muayyan islohotlarning nima uchun amalga oshirilayotgani, ularning asosiy maqsadlari va uzoq muddatda qanday naf olishlari haqida targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Bunda Moliya vazirligi huzurida yangi tashkil etilgan Byudjet-soliq tadqiqotlari institutining roli katta boʻlyapti. Uning jarayondagi ishtirokini yanada kuchaytirish zarur.

Aytish joizki, belgilangan vazifalarga erishishda eski usullardan yangi usullarga oʻtish taqozo etiladi. Hukumat esa bu oʻtish davri qiyinchiliklaridan xabardor boʻlishi va ularga tayyor boʻlishi darkor. Men yalpi ichki mahsulot hamda eksport hajmini oshirish imkonini beruvchi qishloq xoʻjaligi, davlat korxonalaridan koʻra kichik va yangi korxonalarga kredit resurslarini ajratish, energetika sektori samaradorligini oshirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun zarur boshqaruv va sud islohotlari, shuningdek, davlat va xususiy korxonalar eksportini ragʻbatlantirishni islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari roʻyxatining oldingi qatorlariga kiritgan boʻlardim.

— Ayni chogʻda davlat korxonalarining samaradorligi haqida qanday fikrdasiz?

— Davlat korxonalari haqidagi fikrim har doim pragmatik. Nega deganda, ayrim sanoat tarmoqlarining tabiati ularning davlat korxonalari sifatida ish yuritishini talab etadi. Boshqalari esa bunday maqomda iqtisodiy afzallikka ega emas. Bundan tashqari, ikkala holatga ham bir vaqtda tegishli “kulrang sohalar” mavjud. Suv va sanitariya xizmatlari koʻrsatishni ayni shu toifaga kiritaman. Negaki, uning faoliyati davlat korxonasi sifatida samarali yoki samarasiz boʻlishi mumkin. Bunday firma xususiy boʻlganda ham tartibga solish organi faoliyatining sifatiga bogʻliq ravishda samarali yoki samarasiz boʻlish ehtimoli katta. Lekin xalqaro tajribada sement, avtomobil ishlab chiqarish yoki toʻqimachilik sanoatida samarali davlat korxonalari kamdan-kam uchraydi.

Resurslarni kerak boʻlmagan sohadagi davlat korxonalarini qoʻllab-quvvatlash uchun yoʻnaltirilishi maqsadga muvofiq emas. Bu holat xususiy kapitalni siqib chiqaradi. Buning ustiga, bunday korxonalar monopoliya maqomiga ega boʻlsa, ular oʻta yuqori darajadagi narxlar oʻrnatib, yangi firmalarning bozor ishtirokchisi sifatida faoliyat yuritishi va sogʻlom raqobatni taʼminlashiga toʻsqinlik qiladi.

Jahon tajribasida xususiy sektor yaxshiroq xizmat koʻrsatishi mumkinligiga ishonch katta. Biroq xususiy sektor uning faoliyati toʻgʻri tartibga solingandagina yaxshi natija berishini unutmaslik joiz. Davlat korxonasi monopoliyasini xususiy korxona monopoliyasiga almashtirishning hech qanday afzalligi yoʻq. Bunga misol tariqasida Meksikada amalga oshirilgan telekommunikatsiya sektorini xususiylashtirish oqibatlarini eslash kifoya. Demak, xususiylashtirish jarayonini toʻgʻri tartibga solish, muhimi, boshqaruv bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim.

— Iqtisodiy taraqqiyotda raqobatning oʻrni haqida koʻp gapiriladi. Ayting-chi, islohotlar muvaffaqiyatli boʻlishida raqobat qanday rol oʻynaydi?

— Ushbu bogʻliqlikni payqaganingiz juda toʻgʻri. Shunisi ayonki, ichki bozori himoyalanib, past darajadagi raqobatga ega davlatlar kamdan-kam holatda global bozorda raqobatdoshdir. Bozor iqtisodiyotiga oʻtuvchi mamlakatlarda, odatda raqobat qoʻmitalari hukumat eʼtiboridan chetda qolib, ular qonuniy vakolatlari cheklangan boʻladi. Shuning uchun mahalliy firmalar ichki bozorda oʻzini yaxshi his qiladi. Axir, import cheklovlari ularning holatlarini mustahkamlashga yordam vazifasini oʻtaydi. Bunday holatda ushbu firmalar yanada samarali boʻlishga intiladimi? Xorij mamlakatlari bozoriga chiqishga harakat qiladimi? Ishonchim komilki, dunyo miqyosida raqobatdoshlikka erishish uchun firmalar mahalliy bozorda oʻz mavqei uchun kurashishi kerak va bu ichki raqobat darajasi muhim ahamiyatga egaligini koʻrsatadi.

Yana bir omil — texnologiyaning ishlab chiqarish jarayoni va joyi qaysi turdagi yangi mahsulotlarni taklif etish yoʻllarini oʻzgartirmoqda. Bu firmalarning oʻzgarishlarga moslashuvchan hamda kelajakka nazar solib faoliyat yuritishini talab etadi. Bundan tashqari, yangi firmalar oʻz gʻoya va texnologiyalari bilan bozorga kira olishi, kerak boʻlganda, moliyaviy resurslar topa olishi, katta hajmda ishlab chiqarib, eksport qila olishi lozim. Bu mahsulotlar ishlab chiqarishga tegishli boʻlsa-da, xizmatlar sohasida qoʻllanilishi koʻproq uchraydi.

Bir soʻz bilan aytganda, raqobat bozor samarasini oshiradi.

— Garchi bozor iqtisodiyoti yuqori natijalarga erishish imkonini bersa-da, bir qator davlatlar sanoat siyosatini amalga oshirgan va bu orqali ustuvor korxonalarni tanlab olgan. Oʻzbekiston qanday iqtisodiy siyosat yuritishi kerak, deb oʻylaysiz?

— Sanoat siyosati koʻplab shakllarda namoyon boʻlishi mumkin. Agar hukumat ustuvor korxonalarni kerakli shart-sharoit yaratmasdan tanlasa, bunday qaror muvaffaqiyatsiz boʻlish ehtimoli yuqori. Makroiqtisodiy boshqaruvi sust boʻlib, iqtisodiy resurs narxlari va taqsimlanishi notoʻgʻri boʻlgan davlatlarda sanoat siyosatini yuritish yaxshi gʻoya hisoblanmaydi. Sharqiy Osiyodagi bir qator davlatlar bunday siyosatni amalga oshirgan, baʼzilari yaxshi natijalarga erishgan boʻlsa-da, yoʻl qoʻyilgan xatolar, korrupsiya va ustuvor boʻlmagan sanoatga koʻrsatilgan bosim evaziga ushbu amaliyot qimmatga tushgan.

Bunday siyosatni qoʻllash uchun yetarli shart-sharoit mavjud boʻlgan Janubiy Koreya va Malayziyada mazkur tajriba muvaffaqiyatli joriy etildi. Singapurda faol sanoat siyosati bilan birga, maxsus davlat va biznes orasidagi munosabatlar ham oʻrnatilgan. Xitoy kelajakda kuchli davlat siyosati yuritishini eʼlon qildi, lekin oldinda uni moliyalashtirish uchun katta miqdordagi jamgʻarma fondlarini toʻgʻri yoʻnaltirish masalasi turibdi.

Koʻp mamlakatlar muayyan turdagi innovatsiya siyosatiga ega va bunda qoʻyiladigan asosiy talab xatti-harakatlarning qanchalik muvaffaqiyatli va samarali tashkil qilinishidir. Innovatsiya siyosatini toʻgʻri amalga oshirgan mamlakatlarda ochiq bozor, yetarli venchur kapitali mavjud va eksportni ragʻbatlantiruvchi muhit hukm surgan. Innovatsiya siyosati va sanoat siyosati oʻrtasida katta farq boʻlsa-da, bir sektorga iqtisodiy siyosatni yoʻnaltirish mumkin. Shunday ekan, bozor munosabatlariga oʻtish davrida tor darajadagi sanoat siyosatidan uzoq turgan maʼqul.

Bizning maʼlumot: bozor iqtisodiyotining neoliberal modellarida iqtisodiy oʻsish barqaror boʻlmagan holatlar koʻp. Bundan tashqari, davlat rolini kamaytiruvchi iqtisodiy liberalizatsiya islohotlari jamiyatda ijtimoiy disbalanslar keltirib chiqarishi maʼlum. Sanoat siyosati, boshqa tomondan, davlat aralashuvi orqali iqtisodiy rivojlanishga erishishni taqozo etadi. Bunda hukumat ustuvor korxonalarni tanlab, ularning rivojlanishi uchun alohida biznes muhit yaratadi.

— Oʻzbekistonda makroiqtisodiy boshqaruvning amalga oshirilishi va koordinatsiyasi haqida fikringiz ham biz uchun qiziq...

— Makroiqtisodiy boshqaruv hukumatning siyosiy kuchini ifodalagani bois uni qoʻllab-quvvatlash kerak. Makroiqtisodiy mashinaning turli qismlari bir-biri bilan yaqindan hamkorlik qilishi va ogʻir vaziyatlarga tayyor boʻlishi zarur. Bu yetarli zaxira yigʻish yoki kelajakka qaratilgan barqaror byudjet daromadlarini taʼminlashni nazarda tutadi. Sharqiy Osiyoda mamlakatlari iqtisodiy muvaffaqiyatlaridan kelib chiqadigan xulosa shunday.

Qolaversa, 2008-2010 yillardagi iqtisodiy inqirozdan soʻng global bozorda noaniqlik oshdi. Boshqacha aytganda, kemaning suvda suzishi qiyinlashdi, global qiymat zanjirlari oʻzgardi va yangi texnologiyalar tarqalib ketayotgan zamonda koʻp mamlakatlar milliylik ustuvorligi gʻoyalarini olgʻa sura boshladi. Shu tariqa kelajakda boʻlishi mumkin boʻlgan bunday oʻzgarishlarni aks ettirgan, yaʼni “agar bunday boʻlsa, ...” kabi holatlarga bardosh bera oladigan makroiqtisodiy boshqaruv eng yaxshi amaliyotga aylandi.

— Bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida aholining ayrim qatlamlari salbiy taʼsir ostida qolishidan xavotirga tushadi. Bu qanchalik oʻrinli? Shunday boʻlgan taqdirda hukumat qanday yoʻl tutishi lozim?

— Hukumat va uning maslahatchilari, jumladan, Jahon banki va boshqa turli yoʻnalishlarga ega boʻlgan tashkilotlar iqtisodiy islohotlarning oqibatlari haqida yetarlicha xabardor boʻlgani uchun ular iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni yuritishga maʼsuliyat bilan yondashmoqda. Aholining zaif qatlamlariga camarali ravishda ijtimoiy himoya yoʻlga qoʻyilgani shubhasiz boʻlsa-da, narx, yer va mehnat bozoridagi buzilishlar uy xoʻjaliklarining daromad va xarajatlari haqidagi aniq maʼlumotlar asosida hisobga olinishi kerak. Bunda Vyetnam tajribasini qoʻllash mumkin. Yaʼni nisbatan daromad tengligini taʼminlash hukumat tomonidan ustuvor yoʻnalish sifatida qaralishi lozim.

Shu bilan birga, iqtisodiy imkoniyatlarning nisbiy tengligini taʼminlash ham muhim. Agar taʼlim, sogʻliqni saqlash va iqtisodiy aktivlardan foydalanish cheklangan boʻlsa, kelajakda daromad va boylikning taqsimlanishi yanada notekis boʻlib boradi. Bunday holatdan saqlanish lozim. Yuqori oʻsish strategiyasining bir qismi sifatida davlat maqsadlari ekologik barqarorlik va inklyuziv siyosat, jumladan, jamiyatdagi ayollarning iqtisodiy integratsiyasi ham qamrab olishi kerak.

Bundan tashqari, mulkka notoʻgʻri egalik qilish yoki salbiy korporativ boshqaruv muammolarining oldini olish uchun davlat yoki shaxsiy manfaatlar nazorat ostida boʻlishi lozim. Yuqori masʼuliyat va shaffoflik taʼminlangan mamlakatlarda, albatta, farovonlik darajasi ham yuqori boʻladi. Bozor munosabatlariga asoslangan Skandinaviya davlatlari iqtisodiyoti buning yorqin dalilidir. Demak, hukumatlar tengsizlikka qarshi kurashda toʻgʻri motivatsiya, moʻljal va maʼlumotga ega boʻlishi kerak.

“Xalq soʻzi” muxbiri Said RAHMONOV yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?