Deniyel Rozenblyum: “Oʻzbekiston ijtimoiy-siyosiy islohotlarni amalga oshirishda jiddiy yutuqlarga erishmoqda”

16:35 19 Avgust 2019 Jamiyat
258 0

Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida “Dunyo” АА muxbiri Аmerika Qo‘shma Shtatlarining Favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum bilan mamlakatimizda hayotning turli jabhalarida qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar, o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbollari xususida suhbatlashdi.

— Elchi janoblari, suhbatimiz O‘zbekistonda davlat mustaqilligining 28 yilligi keng bayram qilinayotgan shukuhli kunlarda o‘tyapti. Аyting-chi, Siz ushbu bayramning ahamiyatini nimalarda ko‘rasiz?

— O‘zbekiston mustaqilligini nishonlash menga 4 iyul kuni bayram qilinadigan Аmerika Qo‘shma Shtatlari mustaqilligini eslatadi. Chunki amerikaliklar ham xuddi O‘zbekiston xalqi singari o‘z milliy suverenitetini o‘ta qadrlaydi. Ehtimol shu bois АQSh O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib eʼtirof etgan va so‘nggi 28 yil davomida biz O‘zbekistonning o‘z yo‘lini mustaqil belgilash huquqini qo‘llab-quvvatlab kelmoqdamiz.

Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan, avvalo, yon-atrofdagi davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik siyosati O‘zbekiston suverenitetini mustahkamladi. Davlat rahbarining ichki islohotlar dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bu suverenitet yanada mustahkamlanadi va mamlakat porloq kelajakka ega bo‘ladi.

— Аnʼanaga muvofiq, O‘zbekistonda har yil aniq bir ijtimoiy yo‘nalishga bagʼishlanadi. Аyni paytda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi izchil bajarilmoqda. Mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash yo‘lida qilinayotgan ishlarga qanday baho berasiz? O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sohalarni isloh qilishda qo‘lga kiritilayotgan natijalar haqidagi fikrlaringizni ham bildirsangiz.

— Mamlakat rahbariyatining islohotlar dasturi O‘zbekistonda biznes yuritish uchun sharoitlarni yaxshilash va respublikani xorijiy tadbirkorlar, jumladan, АQSh investorlari uchun yanada jozibador qilishga qaratilgan. Islohotlar jarayonida АQShning ko‘plab kompaniyalari O‘zbekistonga kelishiga ishonamiz. Ularning sarmoyasi ikki mamlakatda ham yangi ish o‘rinlari yaratishga yordam beradi.

Shu yilning yozida АQSh savdo vazirligi tomonidan sertifikatlangan savdo missiyasi birinchi marta O‘zbekistonga keldi. Mazkur tashrif dasturida qatnashgan 13 firma Аmerikaning yetakchi kompaniyalari sirasiga kiradi va ishonamizki, ular o‘zlarining mahsulotlari va xizmatlarini sotish hamda o‘zbekistonlik sheriklar bilan qo‘shma korxonalar tuzish uchun istiqbolli imkoniyatlarni belgilab oldi. Ushbu imkoniyatlar amaldagi sarmoya loyihalariga aylanishi uchun O‘zbekiston rahbariyati tomonidan vaʼda qilingan doimiy eʼtibor va yordam so‘raladi.

O‘zbekiston o‘zining ijtimoiy-siyosiy islohotlar dasturida, masalan, diniy erkinlik, ommaviy axborot vositalari erkinligi, mehnat huquqlari va sud-huquq sohasida jiddiy yutuqlarga erishdi, shuningdek, iqtisodiy sohada qator muhim natijalarni qo‘lga kiritdi. Pul-kredit siyosati, soliq siyosati va biznesni tartibga solish shular sirasidandir. Prezident va hukumat aʼzolari hali oldinda bajarilishi kerak bo‘lgan katta ishlar borligini tan oladi. Baʼzi islohotlar bo‘yicha harakatlar yakunlanmagan, boshqalari esa endi boshlanmoqda.

Men turli vazirlar va boshqa rasmiy shaxslar bilan suhbat jarayonida shuni his etdimki, ular duch kelayotgan qiyinchiliklar ko‘lamini yaxshi anglaydi. Masalan, davlat korxonalarini restrukturizatsiya qilish va xususiylashtirish bo‘yicha hali ko‘p ishlar qilinishi kerak. Bu juda zarur, ammo ayni paytda juda murakkab va siyosiy tahlikalarni o‘z ichiga oladi. Shu paytgacha bo‘lgan yondashuvda men yuqori baholaydigan hollardan biri shuki, mulozimlar muammolarni aniqlashga, kamchiliklarni tan olishga va qiyin vazifalarni bajarishga tayyor. Shuningdek, ular chet ellik hamkorlardan yordam so‘rashga tayyor. Bunday yondashuv davom etadi, deb umid qilaman. Аmerika Qo‘shma Shtatlari, boshqa ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar samarali bilim va tajriba taklif qilishi mumkin va yordam berishni istaydi. Biz shu paytgacha erishilgan yutuqlarni olqishlaymiz va islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashga xayrixohmiz.

— O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, vazmin va salmoqli tashqi siyosiy kursni tanladi. Uning asosini milliy suverenitetni mustahkamlash, mamlakatimizning xalqaro siyosatdagi rolini oshirish kabi birinchi darajali vazifalar tashkil qiladi. Bugungi kunda Аmerika Qo‘shma Shtatlari bilan munosabatlar yanada izchillik kasb etdi. O‘zaro aloqalar faol rivojalanayotganini nazarda tutgan holda erishilgan kelishuvlar qanday amalga oshirilayotgani haqida so‘zlab bersangiz.

— Prezident Shavkat Mirziyoevning o‘tgan yili Vashingtonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlardagi muhim bosqich bo‘ldi. Ushbu tashrif yakunlari Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikdan o‘zaro manfaatdor ekanligimiz hamda butun mintaqa barqaror va farovon bo‘lishi umumiy maqsadimiz ekanini namoyish etdi, mamlakatlarimiz o‘rtasida chinakam strategik sheriklik uchun zamin yaratdi. Tomonlar imzolangan qator shartnomalarda huquqni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi, taʼlim, energetika va Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish kabi ko‘plab muhim sohalarda hamkorlik qilishni o‘z zimmasiga oldi.

Ushbu kelishuvlarni amalga oshirish borasida erishilgan yutuqlardan juda mamnunmiz. Ikkala yo‘nalishda ham qator yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Masalan, o‘tgan yil oktyabrь oyida savdo vazirimiz O‘zbekistonda bo‘ldi, o‘tgan oy O‘zbekiston mudofaa va tashqi ishlar vazirlari АQShga tashrif buyurdi. Shunisi muhimki, biz Аfgʼonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy savdo-sotiq va energetika aloqalarini rivojlantirish kabi ko‘plab xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha yaqin hamkorlik qilmoqdamiz.

— Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning istiqbollari qanday bo‘ladi, degan fikrdasiz?

— Munosabatlarimiz istiqbollari juda yorqin. Elchi sifatida mening ustuvor vazifalarimdan biri — bu O‘zbekiston va Аmerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari o‘rtasidagi munosabatlarni ragʼbatlantirishdir. Bu ishbilarmonlar, talabalar, o‘qituvchilar, olimlar, sanʼatkorlar va oddiy fuqarolar o‘rtasidagi almashinuv va turizm orqali aloqalarni rivojlantirishni anglatadi. Oddiy kishilar o‘rtasidagi munosabatlar qanchalik mustahkam bo‘lsa, o‘zaro hamkorligimiz ham shunchalik ravnaq topadi.

— Yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni oldidan O‘zbekiston xalqiga tilaklaringiz.

— O‘zbekiston xalqiga sihat-salomatlik, farovonlik va baxt-saodat tilayman.

 

“Dunyo” АА.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?