Demokratiya va soʻz erkinligi – bu istalgan narsani qonunga xilof ravishda, hech qanday masʼuliyatni his qilmasdan aytaverish degani emas

13:43 14 Avgust 2019 Jamiyat
93 0

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov Instagramʻdagi sahifasida rasmiy bayonot bilan chiqdi :

Sizga yaxshi maʼlumki, respublikamizda soʻz erkinligini taʼminlash, erkin fikr yuritish uchun huquqiy himoyani kuchaytirish, davlat idoralarining ochiqligini taminlash, blogerlik mavqeini koʻtarish, barcha toifadagi OAV xodimlarini himoya qilish borasida talaygina ish qilindi va qilinmoqda.

Bu ularni ommalashishiga, xalq orasida hurmat qozongan holda amalda toʻrtinchi hokimiyat darajasiga sekin asta boʻlsa-da, koʻtarilishiga olib kelmoqda. Bunga hammamiz guvoh boʻlib turibmiz. Tan olib aytish kerakki, bugun har bir smartfon egasi erta tongdanoq uygʻonishi bilan telefoni orqali birinchi boʻlib ijtimoiy tarmoqlarga kiradi yoki yangiliklarni oʻqiydi. Va shu tariqa har birimiz elektron axborot maydonining tasiriga tushib bormoqdamiz. Kimlardir bu maydonda ishtirokchi, kimlardir uning qurboni, kimlardir esa kuzatuvchi. Mobil telefonidan foydalanuvchilar sonining 20 milliondan ortib borayotganini inobatga olsak, axborot siyosati sohasidagi masul davlat organi boʻlgan bizning agentligimiz bu masalaga befarq boʻla olmaydi va uni oʻz holiga ham tashlab qoʻya olmaydi. Gap bizning davlatchiligimiz, xalqimizning tinchligi, xotirjamligi va qolaversa davlatimiz ravnaqi haqida bormoqda.

Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda qanday yangilik paydo boʻlmasin uning tagida turli munozarali bahslar, munosabatlar, fikrlar, tortishuvlar yoziladi. Bu fuqarolarning faollashib borayotganini koʻrsatadi.

Lekin, ming afsuski, ular orasida oxirgi paytda haqoratli soʻzlar, tuhmatli gaplar, soʻkinishlar, obroʻsizlantiruvchi fikrlar keskin koʻpayib bormoqda. Bunday izohlar, oʻz navbatida, har bir fuqaroga salbiy tasir koʻrsatib, yolgʻon malumotlar shakllanishi, odamlarimiz orasida turli mish-mishlar paydo boʻlishiga olib kelmoqda. Eng yomoni bularning aksariyati bir guruh trollar yoki feyk yani soxta akkauntlar tomonidan uyushtirilmoqda. Bularning ortida nima maqsad yotgani, bu guruhlar kimga qarashli ekani katta savol tugʻdiradi.

Ming afsuski, ushbu muammo nafaqat Oʻzbekiston balki butun dunyo mamlakatlarining bosh ogʻrigʻiga aylangan. Sizga yaxshi malumki, turli ommaviy tartibsizliklarning barchasi ushbu resurslar yordamida amalga oshiriladi. Yaqin qoʻshni davlatlar, umuman dunyo hamjamiyati ham ushbu muammo bilan qattiq kurashib kelmoqda.

Buning yechimi bitta. Bu jamiyatda qonun va qonun ustuvorligini taminlash hamda huquqiy bilim va madaniyatni oshirish.

Demokratiya va soʻz erkinligi – bu istalgan narsani qonunga xilof ravishda, hech qanday masʼuliyatni his qilmasdan aytaverish degani emas. Soʻz erkinligi bu avvalo qonunga amal qilish, aytilgan har bir soʻz uchun javob bera olish masʼuliyati.

Juda koʻplab xorijiy davlatlarning yetakchi ommaviy axborot vositalari faoliyati oʻrganilganda, aynan shu mezonga qatʼiy amal qilinishini koʻramiz. Har bir jurnalist, bloger OAV orqali aytayotgan gapi, berayotgan maʼlumoti uchun qonun oldida javobgardir. Bu norma rivojlangan davlatlar qonunchiligida ham, Oʻzbekiston Respublikasining axborot sohasiga oid qonunlarida ham qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, bundan buyon har bir OAV, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messendjerlardagi guruhlar moderatorlari nafaqat oʻzlari yozgan maʼlumotlarda yuqoridagi talabga rioya qilishlari, balki ular ostidagi fuqarolar feyk akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzgʻunchi sharhlar, haqoratli soʻzlar, tahqirlashlar, yolgʻon izohlar uchun ham qonunda belgilangan tartib asosida javobgar boʻlishlarini eslatib oʻtmoqchimiz. Sizdan faqatgina qonunchilikdan kelib chiqqan holda bunday maʼlumotlarni oʻtkazmaslik yoki sahifangiz ostida yozilgan boʻlsa uni zudlik bilan oʻchirib tashlash amaliyotini yoʻlga qoʻyish soʻralmoqda.

Hurmatli hamkasblar, barchangizni yurtimizda soʻz va fikr erkinligi, qonun ustuvorligini taʼminlash uchun axborot sohasida boʻlayotgan turli nosogʻlom jarayonlarga qarshi birlashib harakat qilishga chaqiramiz.

P/s: Veb-resurs egasi Internet tarmogʻiga axborotni joylashtirishdan avval uning toʻgʻriligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning notoʻgʻriligini aniqlagan taqdirda uni darhol oʻchirib tashlashi shart.

Zero, amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda bunday xatti-harakatlarning taʼrif-tavsifi va ularga belgilangan jazolar aniq koʻrsatib oʻtilgan.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunida: “Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obroʻsini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi”, deb belgilangan.

Shuningdek, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunda: “Axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi. Ommaviy axborot vositalari oʻzlari tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar”, deya qayd etilgan. “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, veb-saytning yoki veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger Internet tarmogʻidagi oʻz veb-resursi orqali fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi axborotni tarqatishi qatʼiy man etilgan.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasiga koʻra, haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish — eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.Maʼlumot uchun: Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasiga koʻra, haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish — eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Jinoyat kodeksining 140-moddasiga muvofiq esa, haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin sodir etilgan boʻlsa, — eng kam oylik ish haqining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilish — eng kam oylik ish haqining 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?