Demokratik va ochiq muloqot maydoni yaratiladi

11:45 09 May 2018 Jamiyat
481 0
Foto: ar.pinterest.com

Prezidentimizning 2018 yil 4 mayda qabul qilgan “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasiga qurilgan ko‘prik hamda ularni yakqadam qiladigan demokratiya darsxonasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Farmon nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun normalaridagi bugungi kun talablariga javob bermaydigan, eskirgan ortiqcha byurokratik talablar hamda g‘ovlarni bartaraf qilishga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

Farmonda bu borada tilimizning uchida turgan muammolar, faoliyatning samaradorligiga to‘siq bo‘layotgan holatlar keskin tanqidiy tahlil etildi. Bu bejiz emas, albatta. Ko‘pdan buyon nodavlat notijorat tashkilotlari bilan mutasaddi davlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikning samarasizligi, muloqot maydonining shaffof emasligi namoyon bo‘lib qolayotgan edi.

Prezidentimiz ushbu Farmon bilan bu boradagi ko‘plab muammo va to‘siqlarga chek qo‘yish bo‘yicha muhim vazifalarni oldimizga belgilab berdi. Mazkur hujjat so‘zsiz davlat hamda fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yanada jadal va har tomonlama taraqqiy toptirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy, demokratik hamda ochiq-oshkoraviylikka maydon yaratadi. Fuqarolik jamiyatini va keng jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish orqali jamiyatda erkin fikr, faol fuqarolik pozitsiyasi, ertangi buyuk kelajakka ishonchini mustahkamlashga imkon tug‘diradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida tashkil etilgan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha Maslahat kengashi bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirib boradi, uni tashkiliy jihatdan ta’minlash esa Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, Farmonda nodavlat notijorat tashkilotlari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilangani, Jamoat fondi ma’muriy xarajatlarining yillik umumiy summasi fondning barcha xarajati summasining 30 foizidan (amalda 20 foizni tashkil etardi) oshmasligi, pensionerlarga pensiya ularning mazkur tashkilotlardagi faoliyati yagona ish joyi bo‘lgan taqdirda to‘liq to‘lanishi belgilab qo‘yildi. Quvonarlisi, hujjat bilan xalq deputatlari viloyat Kengashlari huzurida nodavlat notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlarini tashkil etish va 2019 yildan boshlab mahalliy byudjetlardan zarur mablag‘lar ajratilishi yuzasidan hokimliklarga aniq vazifalar qo‘yildi. Eng asosiysi, endi nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari imtiyozli asosda o‘z binolariga ega bo‘ladi. Ya’ni joylarda bo‘sh yotgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlari negizida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari” tashkil qilinadi hamda ularga nodavlat notijorat tashkilotlarini ijara to‘lovining “nol” stavkasini qo‘llagan holda joylashtirish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, Farmon manfaatdor vazirlik va idoralarning nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha mas’ul tayinlashi, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga, ularning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlashga doir masalalar yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining eshituvini qo‘llash amaliyotini tashkil etish, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini ta’sis qilish taklifi kiritilgani, rag‘batlantirish borasidagi va boshqa qator imtiyozlar jamiyatimizda katta imkoniyat, salohiyatga ega bo‘lgan fuqarolik jamiyati institutlarining yanada mustahkam rivojiga istiqbol eshiklarini ochadi.

Prezidentimiz bugun oldimizga fuqarolarning huquq hamda erkinliklari oliy darajada ta’minlangan, inson qadri oliy qadriyatga aylangan, adolatli, odamlarni rozi qiladigan yangi jamiyat qurishni yuksak maqsad sifatida qo‘ydilar. Ajdodlarimiz orzu etgan bunday jamiyatni barpo qilish uchun nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamjihatlikda, qo‘lni-qo‘lga bersak, ijtimoiy sheriklikda hamqadam bo‘lsak, ko‘zlangan maqsadlarga, albatta, yetishamiz. Davlatimiz rahbarining mazkur Farmoni bunda mustahkam huquqiy asos, o‘zbekona demokratiya darsxonasi bo‘lib xizmat qiladi.

Enaxon SIDDIQOVA,
Oliy Majlis Senati a’zosi,
xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi huzuridagi
Ijtimoiy sheriklik jamoat komissiyasi raisi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?