Dehqonoboddagi xazina hudud ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qanday rol o‘ynamoqda?

11:42 24 Aprel 2018 Iqtisodiyot
707 0
Фото: xabar.uz

Yaqin-yaqingacha Qashqadaryo viloyatining qoloq va chekka hududi sifatida qarab kelingan Dehqonobod tumani ijtimoiy-iqtisodiy hayotida keyingi paytlarda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohalari, ayniqsa, sanoat tarmoqlari rivojlanib, u obod hamda go‘zal hududga aylanib bormoqda.

“Tepaqo‘ton” kaliyli tuzlar koni negizida “Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi” unitar korxonasining ishga tushirilgani nafaqat ushbu tuman, balki mamlakatimiz sanoatida muhim voqelik bo‘ldi. Negaki, mazkur yirik sanoat ob’ekti foydalanishga topshirilgach, yurtimizda kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqarish mahalliylashtirildi.

Ayni paytda qariyb 2 ming nafarga yaqin ishchi-xizmatchilar mehnat qilayotgan mazkur korxonada yiliga 300 ming tonnadan oshiq kaliy o‘g‘iti tayyorlanib, uning 95 foizi eksport qilinmoqda.
— 2010 yilda zavodimizda 50 ming tonna mahsulot tayyorlangan bo‘lsa, 2018 yilning dastlabki uch oyida undan 16 ming tonna ko‘p, ya’ni 66 ming tonna mahsulot tayyorlandi, — deydi korxonaning ishlab chiqarish bo‘yicha bosh muhandisi Muxtor Hasanov. — Yil oxiriga qadar ushbu ko‘rsatkichni 314 ming tonnaga yetkazish belgilangan. Vaholonki, o‘tgan yili 280 ming tonna kaliy xlorid mahsuloti ishlab chiqarilgan edi.

Prezidentimizning qishloq xo‘jaligini mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlashga doir tegishli qaroriga asosan, “Agrokimyohimoya” hududiy aksiyadorlik jamiyatlariga birja savdolari asosida mineral o‘g‘it yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilib, shu asosda ichki bozor kaliy xlorid mineral o‘g‘iti bilan ta’minlanmoqda.

Lekin korxona faoliyatida asosiy yo‘nalish eksportga qaratilgan. U ish boshlaganidan buyon umumiy eksport miqdori 810 ming tonnaga yetkazilgani buning yaqqol dalilidir. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar Singapur, Turkmaniston, Malayziya, -Xitoy, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Iroq, Ukraina, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Gruziya, Yaponiya, Hindiston, Armaniston, Turkiya, Moldova, Vetnam kabi davlatlarga yetkazib berilmoqda.

Saxovatpeshalik — xalqimizga xos fazilat. Ehtiyojmand oilalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar holidan xabar olish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi jamoasida ezgu an’anaga aylangan.

Gap shundaki, hudud aholisi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtojlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlashda zavod jamoasi tashabbuskor bo‘lmoqda. Masalan, 2017 yilda 32 nafar shu toifadagi fuqaro ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, Dehqonobod agrosanoat hamda Dehqonobod sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejlari bitiruvchilaridan 24 nafari to‘rt tomonlama shartnoma asosida zavodga ishga qabul qilindi.

Bunday xayrli ishlar joriy yilda ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Navro‘z bayrami kunlarida ehtiyojmand oilalar uchun 10 ta sunnat hamda 5 ta nikoh to‘yi o‘tkazib berildi. To‘ybolalarga 500 ming so‘mlik, kelin-kuyovlarga 1 million so‘mlik bank omonat kartochkalari hamda esdalik sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan ikki nafar fuqaroga maxsus aravacha olib berildi.

To‘y tantanalari, aytish joizki, ishchilar shaharchasida bir qator ijtimoiy va tadbirkorlik ob’ektlarini ishga tushirishga bag‘ishlangan tadbirlarga ulanib ketdi. 40 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, minifutbol maydoni, kutubxona va tikuvchilik sexi tuman ahliga haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi. Shuningdek, uy-joyga muhtoj 10 ta oilaga oilaviy yotoqxonalar kalitlari topshirildi.

— Bugun eng katta muammomiz yechimini topib, o‘z uy-joyimizga ega bo‘ldik, — deydi zavod markaziy laboratoriyasi laboranti Bibioysha Normo‘minova. — Yotoqxonamizda madaniy dam olish xonasi ham tashkil etilgan. Unda davriy nashrlar, televideniye yangiliklari bilan tanishib borish mumkin. Ikkinchi qavatida esa kutubxona xizmat ko‘rsatadi. Farzandlarimiz yangi qurilgan zamonaviy minifutbol maydonida bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazadilar. Bunday sharoit va imkoniyatlar oilalarning baxtli hayot kechirib, barakali mehnat qilishi uchun muhim omil hisoblanadi.

— Prezidentimiz shu yil Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Dehqonobod tumanidagi ichimlik suvi masalasi, suv ombori qurilishi va boshqa bir qator muammolarga alohida to‘xtalib, ularni hal etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bergani bizni mamnun qildi, — deydi mehnat faxriysi Bozor Berdiyev. — Biz, keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan hurmat va ehtiromdan minnatdormiz. Mana, yaqinda tumanimizda “Nuroniylar maskani” qurilib, foydalanishga topshirildi. Oqsoqollar bu yerda dam olish bilan birga, tibbiy muolaja va maslahatlar olishi uchun zarur imkoniyatlar -mavjud.

Ta’kidlash kerakki, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi tomonidan tikuvchilik sexi ishga tushirilgach, korxona ehtiyoji uchun zarur tikuvchilik-trikotaj mahsulotlarini chetdan olishga hojat qolmadi. Ular shu yerning o‘zida ishlab chiqarilmoqda.

— Seximizda, asosan, zavodning tog‘-kon va ishlab chiqarish majmualari ishchi-xizmatchilari uchun maxsus kiyimlar tikiladi, — deydi ishchi Nizomiddin o‘uzorov. — Bu yerda mehnat qilayotgan 8 nafar chevar bu bilan cheklanib qolmasdan, choyshab va yostiqlar ham tikishmoqda. Kelgusida sex faoliyatini yanada kengaytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish niyatidamiz.
Mazkur sa’y-harakatlarning barchasi korxonada mehnat qilayotgan odamlarning ish va yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush farovonligini oshirish, boshqacha aytganda, ularni bugungi hayotidan rozi bo‘lishiga erishishga qaratilgan.

M. AHADOV.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?