Dehqonobodda “Xotira xiyoboni” ochildi

20:20 07 May 2019 Jamiyat
442 0

Xotira va qadrlash kuni arafasida tuman markazida Motamsaro ona haykali, ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan dehqonobodlik askarlarning nomlari bitilgan xotira kitobini oʻz ichiga olgan “Xotira xiyoboni” majmuasining ochilishiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Tuman hokimligi, Dehqonobod Kaliyli oʻgʻitlar zavodi homiyligida ishga tushirilgan majmuada Qoʻqon, Shahrisabz va toshkentlik usta hunarmandlar tomonidan sharqona meʼmorchilik anʼanalari uslubidagi koʻrkam ayvon va xotira kitobi oʻrin olgan ayvon sahni oʻziga xos milliy uslubda bunyod etildi. Majmuada 1 milliard 23 million soʻmlik qurilish montaj ishlari amalga oshirildi.

Majmuaning ochilishiga bagʻishlangan marosimda ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, viloyat hamda tuman hokimligi, Dehqonobod Kaliyli oʻgʻitlar zavodi va jamoatchilik vakillari “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qoʻyib, urush qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

-Dehqonobod tumanidan 18-21 yoshda urushga ketganlarning 2119 nafari urushda halok boʻlgan yoki bedarak ketgan, -deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Dehqonobod tuman boʻlimi raisi Kenja Eshboyev. -Shundan 684 nafar askar urushdan qaytib kelgan. Hozir shulardan 5 nafari hayot. Ushbu majmua oʻsha urushdan qaytmagan yurtdoshlarimizning nomlari abadiy boʻlishi uchun qurildi. Ularning qabriga marmartosh qoʻyilgandek boʻldi. Buning uchun biz avvalo urush qatnashchilariga shunchalar eʼtibor, izzat-ikrom koʻrsatayotgan Prezidentimizga, tumanimiz hokimligiga, majmua qurilishiga homiylik qilgan Dehqonobod Kaliyli oʻgʻitlar zavodi jamoasiga cheksiz minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Prezidentimiz tomonidan juda katta imtiyozlar berilgan. Bayram arafasida ularga bir martalik mukofot pullari berildi. Bundan tashqari har oyda 15 turdagi qishloq xoʻjaligi oziq ovqat tovarlari va kiyim-kechaklar bilan taʼminlanmoqda. Shuningdek, bir yilda ikki marta oʻzi xohlagan dam olish maskanlariga davolanish uchun borishadi. Otqamar qishlogʻidan 95 yoshli urush faxriysi Abdulhakim Jabborov, Chilgaz qishlogʻidan 98 yoshli Sadat Azizov, Torqabchiqay qishlogʻidan 97 yoshli Joʻra bobo Shokirov, 93 yoshga kirgan Juma Ibragimov, Qarashina mahallasida yashovchi Inat bobo Sharipov hozir safimizda.

-Biz oilada 5 aka uka edik, beshalamiz ham urushga ketdik, -deydi ikkinchi jahon urushi veterani Juma Ibragimov. -Men kenjasi edim, akamlarning hammasi frontga ketganidan keyin 1944 yili meni ham chaqirishdi. Biz urush tugashi arafasida harbiy xizmatga chaqirilganimiz uchun Uzoq Sharqqa, Yaponiyaga yuborishdi. 1945 yil 3 sentyabrda Yaponiya ustidan gʻalaba qozonilganidan keyin 1950 yilgacha askarlik burchimizni bajardik. Uyga kelsam, armiyaga ketgan 4 akamning ikkisi yarador boʻlib qaytgan, ikkitasi esa frontda halok boʻlgan ekan. Bugun mana shu xotira kitobida ularning nomlarini koʻrib koʻnglim taskin topgandek boʻldi.

-Mening otam Joʻra Yoqubov 1944 yilda frontga chaqirilib, urushda halok boʻlgan, - deydi Dehqonobod tumani Avjin qishlogʻida yashovchi Ziyodilla Joʻraqulov. -Hozir oʻzim 77 yoshdaman. Xotira kitobida otamning ismini oʻqib uni koʻrgandek boʻldim. Chunki men otamni eslolmayman, u frontga ketganda 6 oylik chaqaloq boʻlgan ekanman. Otam kabi navqiron yoshida urushga ketib halok boʻlgan yurtdoshlarimizning qoni bekorga toʻkilmagan. Ular bugungi mana shu tinchligimiz uchun oʻzini qurbon qilgan.

-Xotira kitobidan bobomiz Ibodilla Tilavovni topib xursand boʻldik, deydi Qarashina mahallasida yashovchi Ravshan Tilovov. –Bobom 1944 yilda Belorusdagi janglarda qurbon boʻlgan. Ilgari ularni eslash uchun poytaxtimizdagi “Xotira xiyoboni”ga borar edik. Mana endi oʻzimizning tumanimizda ham shu tuproqdan urushga ketib qaytmaganlarning nomlari muhrlandi.

Tadbirda ikkinchi jahon urushining boshlanishi, oʻsha davr askarlarining harbiy chiqishlari va gʻalaba kunlarini aks ettiruvchi teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, harbiy orkestr, viloyat va tuman sanʼatkorlari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar namoyish etildi.

A. Muhammadiyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?