Davlatning noto‘g‘ri sarflangan 20,8 mlrd. so‘mi o‘z joyiga qo‘yildi

18:35 20 Aprel 2018 Iqtisodiyot
842 0

Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari 2018 yilning 1-choragida o‘tkazgan nazorat tadbirlari natijalari to‘g‘risida ma’lumotni e’lon qildi.

Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2018 yilning 1-choragida hukumat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning topshiriqlari asosida davlat moliyaviy nazorati tadbirlari o‘tkazildi. 
O‘tkazilgan jami 844 ta nazorat tadbirdan 661 tasida moliyaviy intizomga rioya qilinmay sarflangan mablag‘lar 33,0 mlrd.so‘mni, shundan kamomad va o‘zlashtirishlar 5,1 mlrd.so‘mni, noqonuniy xarajatlar 24,8 mlrd.so‘mni va Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan maqsadsiz ishlatilgan mablag‘lar 3,2 mlrd.so‘mni tashkil etdi.
Nazorat tadbirlarini o‘tkazish jarayonida va uning natijalari yuzasidan berilgan ko‘rsatmalarga asosan aniqlangan 20,8 mlrd.so‘m miqdoridagi noto‘g‘ri sarflangan mablag‘lar belgilangan tartibda tiklanishi ta’minlandi hamda 650 ta nazorat tadbirlari hujjatlari huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Jumladan:
I. Byudjet va byudjet mablag‘lari oluvchi tashkilotlar bo‘yicha o‘tkazilgan 626 ta nazorat tadbiridan 510 tasida 9,2 mlrd.so‘m mablag‘ noto‘g‘ri sarflanganligi aniqlandi, shundan 474 ta sub’ekt bo‘yicha (9,0 mlrd.so‘m) nazorat tadbiri materiallari huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.
Shuningdek, byudjet intizomini buzgan byudjet tashkilotlarining 32 nafar rahbar va mansabdor shaxsi 16,7 mln.so‘m miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortildi. 

II. Davlat maqsadli va moliya vazirligi huzuridagi jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan 127 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, ularning 94 tasida 5,2 mlrd.so‘m kamomad, o‘zlashtirish va noqonuniy xarajatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Aniqlangan noo‘rin va maqsadsiz xarajatlardan 3,1 mlrd.so‘mi belgilangan maqsadlarga qayta yo‘naltirildi va 1 mlrd.so‘mi belgilangan tartibda tiklandi, 3,3 mlrd.so‘m miqdorida moliyaviy qonun buzilishlar aniqlangan 98 ta tekshirish materiali qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.

III. Hukumat va huquqni muhofaza qilish organlarining qaror va farmoyishlariga asosan 64 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektda moliyaviy xo‘jalik faoliyati yuzasidan nazorat tadbiri o‘tkazilib, shundan 35 tasida 17,4 mlrd.so‘m miqdorida noqonuniy xarajatlar aniqlandi hamda tekshirish materiallari qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.
Ushbu sub’ektlarda aniqlangan 8,6 mlrd.so‘m miqdoridagi noqonuniy xarajatlarni tiklanishi ta’minlandi.

IV. Boshqa yo‘nalishlar (Hukumat tomonidan kafolatlangan kredit, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va boshqalar) bo‘yicha 27 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, ularning 22 tasida1,3 mlrd.so‘m miqdorida kamomad, o‘zlashtirish va noqonuniy xarajatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, shundan 1,1 mlrd.so‘mi belgilangan tartibda byudjetga tiklanishi ta’minlandi.
Shuningdek, moliyaviy qonun buzilishlar aniqlangan 1,2 mlrd.so‘m miqdoridagi 18 ta tekshirish materiallari huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.

V. Hisobot davrida Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalariga jismoniy shaxslardan jami 199 ta murojaat kelib tushdi, shundan 53 tasi tegishliligi bo‘yicha boshqa idoralarga yuborildi, 26 tasi bir xil mavzuda takroriy murojaatlarni tashkil qiladi, 12 tasi anonim deb topildi.

Jismoniy shaxslarning 96 ta murojaati o‘rganib chiqildi, shundan ularda qayd qilingan holatlar 12 tasida to‘liq, 30 tasida qisman tasdiqlandi va 54 tasida o‘z isbotini topmadi.
Shuningdek, jismoniy shaxslarning murojaatlari bo‘yicha 98 mln.so‘m miqdorida moliyaviy xatoliklar aniqlangan 13 ta o‘rganish materiali huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?