Davlatimiz rahbari “Navoiy” EIZga tashrif buyurdi

18:10 28 Dekabr 2019 Siyosat
350 0

Avval xabar berilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 28-dekabr kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.

Rivojlanayotgan davlatlarning iqtisodiy barqarorlikka erishishida erkin iqtisodiy zonalarning oʻrni katta. Bu kabi zonalar ahamiyati mamlakat rivojlanishining iqtisodiy, ijtimoiy, demografik mezonlari bilan belgilanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda “Navoiy”, “Angren”, “Jizzax”, “Urgut”, “Gʻijduvon”, “Qoʻqon” va “Hazorasp” kabi erkin iqtisodiy zonalar faoliyat yuritmoqda.

Jahon standartlariga javob beradigan, zamonaviy, yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarish maqsadida yurtimizda birinchilardan boʻlib “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan edi. Bugungi kunda bu yerda Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Italiya, Xitoy, BAA, Hindiston, Singapur, Rossiya davlatlari bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. EIZ hududida joylashgan korxonalarda 100 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, ularni eksport qilish yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish va Navoiy viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida investitsiyalarni faol jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, raqobatbardosh yangi zamonaviy ishlab chiqarishlar va kichik korxonalarni rivojlantirishning yangi tizimi yaratildi. Shuningdek, ularni qoʻllab-quvvatlash, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi tashkil etilgan alohida hududlarda joylashtirishni taʼminlash va shu asnoda ishlab chiqarish sohasida yangi ish oʻrinlari yaratish hamda aholi bandligini taʼminlash mexanizmlari ishlab chiqildi.

Maʼlumki, Prezidentimiz 2018-yil 2-mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida istiqboldagi rejalar taqdimoti bilan tanishgan edi. Taqdimotda mutasaddilar davlatimiz rahbariga 2017-2019-yillarda 32 loyiha amalga oshirilib, 1650 dan ziyod ish oʻrni yaratilishi, bunda elektrotexnika, farmatsevtika va tibbiy buyumlar, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari, kimyo va neft kimyosi mahsulotlari ishlab chiqarish koʻzda tutilgani haqida maʼlumot bergan edi.


Davlatimiz rahbari joriy yil 13-mart kuni mazkur hududga navbatdagi tashrifi chogʻida Navoiy viloyatini erkin iqtisodiy zonaga aylantirish tashabbusini ilgari surdi.

Bu galgi tashrifda davlatimiz rahbari ana shu tashabbus va loyihalarning amalga oshirilayotgani bilan qiziqdi.

2019-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, iqtisodiy zonada umumiy qiymati 276,2 million dollarlik 39 korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida iqtisodiy zonada 27 yangi tadbirkorlik subyekti roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ular tomonidan jalb etilgan investitsiya loyihalarining umumiy qiymati 437 million dollarni tashkil qiladi. Hududdagi tadbirkorlik subyektlarining soni esa 66 taga yetdi.

“Navoiy” EIZning umumiy maydoni 564 gektar. “Navoiy” xalqaro aeroporti, Ye-40 avtomagistrali va xalqaro ahamiyatdagi temir yoʻlga yaqin joylashgani, Navoiy viloyatining multimodal transport-logistika tarmogʻi imkoniyatlaridan foydalanish imkoniyati mavjudligi qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.

Bugun “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida yuqori texnologik va zamonaviy talablar asosida turli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

– Viloyatda iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Iqtisodiyotni rivojlantirishdagi dolzarb vazifalarni amalga oshirishda erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini jadallashtirish va kengaytirishga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev

Albatta, investitsiyalarni jalb qilishda, investorlar uchun qulay muhit, shart-sharoit yaratishda erkin iqtisodiy zonalar faoliyati muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-maydagi “Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari toʻgʻrisi
da”gi farmoni biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, innovatsion tadbirkorlik va yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish, shuningdek, Navoiy viloyati hududida mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshimcha quvvatlarni tashkil etishga qaratilgan muhim qadam boʻldi.

Navoiy viloyatining hududiy chegaralari ichida innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha investitsiya dasturlarini amalga oshirayotgan korxonalarga “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi maqomi beriladi. Tabiiyki, bunday ishlab chiqaruvchilar erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi uchun belgilangan huquq va imtiyozlaridan foydalanadi.

Prezidentga “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida istiqbolda amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida ham maʼlumot berildi.

Davlatimiz rahbari “National plast” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan sanoatning yangi tarmogʻi PVXdan profil va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish jarayoni bilan ham tanishdi.

Mazkur korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar qurilish bozorida oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlib bormoqda. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 10 ming tonnadan ortiqni tashkil etadi. Korxonada 400 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi.


– Bu kabi korxonalarni qurishda birinchi oʻrinda sifatga eʼtibor qaratish kerak. – Binolari ixcham boʻlsa ham asosan jahon talablariga javob beradigan mahsulot ishlab chiqarish muhim, – dedi davlatimiz rahbari.

Asosiy material ekologik toza va xavfsiz plastik xomashyo hisoblanadi. Barcha xomashyo resurslari Italiyaning zamonaviy texnikalari asosida toʻliq avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Natijada ekstuziya jarayoni uchun tayyor polimer vujudga keladi. Ekstruder qurilmalari yordamida polimer qorishma yuqori haroratda katta bosim ostida haydalib, polimer qorishmadan plastmassa hosil boʻladi. Ayni paytda korxonada 44 ekstuziya liniyasi ishlab turibdi.


Profillarga qolip va kabellar yordamida shakl beriladi. Ushbu mahsulotlar yuqori sifat va turli sharoitlarga oʻta chidamliligi bilan ajralib turadi.
Prezidentga korxonaning ikkinchi bosqichi haqida maʼlumot berildi. 2020-yilning uchinchi choragida foydalanishga topshiriladigan ushbu loyiha natijasida 40 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish, 10 million dollarlik mahsulotni esa eksport qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, iqtisodiy hududda “Green Line Profil” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati ham davlatimiz rahbari eʼtiborida boʻldi.

Korxona tomonidan alyumin profil va alyumin mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Umumiy qiymati qariyb 40 million dollar boʻlgan mazkur korxona 2018-yilda ishga tushirilgan. 650 ish oʻrni yaratilgan. Joriy yilda 18,6 ming tonna mahsulot tayyorlandi. 10 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Yangi yildan ishlab chiqarish hajmini 22 ming tonnadan oshirib, eksport miqdorini 14 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlar MDH davlatlari, Ukraina, Litva, Polsha, Chexiya, Germaniya, Kanada, AQSH va boshqa xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.


Korxonaning alyuminiy eritish sexida avtomatik koʻtariluvchi 15 va 30 tonnalik pechlar boʻlib, ularda oʻrtacha 700-750 daraja haroratda eritiladi. Shundan soʻng suyuq metall quyish stoli orqali oʻrtacha bir soatda quyiladi.


Quyish sexidan chiqqan alyuminiy billetlar (yarim tayyor mahsulot) turli xildagi profillar ishlab chiqarish uchun ekstuziya sexiga yoʻnaltiriladi. Hozirgi kunda 3 dona 4000, 2000, 1000 tonnalik presslar ishlab turibdi. Ushbu texnologiyalar zamonaviy va tejamkorligi boʻyicha Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi.


Davlatimiz rahbari mazkur korxonaning ish jarayoni, mahsulotlari sifatini koʻzdan kechirdi. Import oʻrnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirib, aholini arzon va sifatli qurilish materiallari bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.


Prezidentimizga korxonaning ikkinchi bosqichi haqida maʼlumot berildi. 2020-yilning uchinchi choragida foydalanishga topshiriladigan ushbu loyiha natijasida 40 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish, 10 million dollarlik mahsulotni esa eksport qilish rejalashtirilgan.

Abu Bakir OʻROZOV, OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?