Davlatga xiyonatda ayblangan sobiq diplomatga hukm oʻqildi

15:38 09 Yanvar 2020 Jamiyat
459 0

Bugun, 2020-yil 9-yanvar, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 157-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan sobiq diplomat K. Yusupovga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi eʼlon qilindi. Bu haqda Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.

Bir necha oy davomida oʻtkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchi va guvohlarning koʻrsatmalari tinglanib tahlil qilindi. DXX Tergov boshqarmasi tomonidan toʻplangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchining vajlari tekshirildi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va toʻliq oʻrganib, sudlanuvchi K. Yusupov davlatga xoinlik qilish jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sudlanuvchiga nisbatan jazo chorasini tayinlashda sud Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va jinoyat qonunchiligida belgilangan insonparvarlik va adolat tamoyillariga ham asoslandi.

Natijada, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchining shaxsi, oilaviy ahvoli kabi jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar eʼtiborga olinib, K. Yusupovga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?