Davlat va maqsadli jamgʻarmalar byudjetlarining 2020-yil I yarim yillikdagi ijrosi yakunlari koʻrib chiqildi

17:51 24 Avgust 2020 Siyosat
329 0

OʼzLiDeP deputatlari Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil I yarim yillikdagi ijrosi yakunlarini koʻrib chiqdi

2020-yil I yarim yillik yakuniga koʻra mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) hajmi joriy narxlarda 255,3 trln. soʻmni tashkil etgan holda, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,2 foizga oʻsdi. Oʻtgan yil bilan taqqoslanganda YAIM tarmoqlar tarkibida qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi hamda qurilish mos ravishda 0,7, 0,2 foizga oshgan boʻlsa, xizmatlar hamda sanoat mos ravishda 0,6 va 0,3 foizga pasaygan.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida YAIM oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,2 foizga oʻsib, bu qishloq xoʻjaligining 2,8, qurilish ishlarining 7,3, xizmatlarning 2,6 foizga oʻsishi hisobiga erishildi. Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish 1,2 foizga oʻsgan holda, umumiy sanoat ishlab chiqarish oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,9 foizga kamaydi.

Bu haqda bugun, 24-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining videokonferensaloqa tarzida boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishida maʼlum qilindi.

Unda deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil I yarim yillikdagi ijrosi yakunlarini koʻrib chiqdilar.

Yigʻilishda COVID-19 pandemiyasi taʼsirida aholi harakatchanlik indeksi sekinlashgani, karantin choralari taʼsiri 2020-yil yanvar-iyun holatiga aholi umumiy daromadlarida ham oʻz aksini topib, buning natijasida aholi umumiy daromadlari 176,0 trln. soʻmni, 2019-yilning mos davriga nisbatan real oʻsish 101,5 foizni tashkil etgani taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, respublikamizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar Davlat byudjeti ijrosiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Jumladan, Davlat byudjetining 2020-yil 6 oylik daromadlari 58 157,0 mlrd. soʻmga yoki tasdiqlangan yillik parametrlarga nisbatan 45,3 foizga ijro etildi.

Hisobot davrida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga koʻp mablagʻ tushirilishiga erishilib, Davlat byudjeti daromadlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 22,8 foizni tashkil etdi. Shuningdek, Davlat byudjetining 2020-yil 1-yarim yillik xarajatlari (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 64 878,9 mlrd. soʻmni (aniqlangan reja koʻrsatkichlariga nisbatan 90,3 foiz) yoki YAIM ga nisbatan 25,4 foizni tashkil qildi.

Byudjet tashkilotlarining qariyb 23,1 trln. soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari hamda 5,0 trln. soʻmdan ortiq ish haqiga nisbatan ajratmalari oʻz muddatlarida toʻliq moliyalashtirilishi taʼminlandi.

Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 34 665,5 mlrd. soʻm yoki umumiy xarajatlarning 53,4 foizi miqdorida mablagʻ sarflandi. Bu xarajatlar YAIM ga nisbatan 13,9 foizni tashkil etdi. Ushbu xarajatlarning 86,9 foizi yoki 30 117,8 mlrd. soʻmi Ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari hissasiga toʻgʻri keldi.

Ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari uchun ajratilgan mablagʻlarning 23,1 trln. soʻmi yoki qariyb 76,8 foizi ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirildi.

Yigʻilishda joriy yilning 1-iyul holatiga “Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash” jamgʻarmasidan Respublika hududlarida yangi tokzorlarni barpo qilish maqsadida uzumchilik loyihalarini moliyalashtirishga tijorat banklariga jami 23,4 mlrd. soʻm resurs mablagʻlari ajratilgani aytib oʻtildi.

Respublika hududlarida yangi tokzorlar barpo qilish maqsadida respublika byudjetidan jami 19,0 mlrd. soʻm, shundan suv chiqarish uchun burgʻulash quduqlarini ishga tushirish, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv chiqarish maqsadida nasos stansiyalarini qurishga 6,3 mlrd. soʻm hamda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilishga 12,7 mlrd. soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilgani qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2019-yil 25-oktyabrdagi tegishli qaroriga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2020-yilda 43 825 gektar, xususan, 38 744 gektar tomchilatib sugʻorish, 1 520 gektar yomgʻirlatib sugʻorish hamda 3 560 gektar diskret (pulsar) sugʻorish tizimini joriy qilish belgilangan.

Bugungi kunda respublikamizda jami suv tejovchi texnologiyalar 45 738 gektar yoki rejaga nisbatan 104 foiz maydonlarda joriy qilingan boʻlib, shundan tomchilatib sugʻorishga 39 511 gektar yoki rejaga nisbatan 102 foiz maydonda qurilish ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, bogʻdorchilikda 10 488 gektar yoki rejaga nisbatan (10 487 reja gektar) 100 foiz, uzumchilikda 5 321 yoki rejaga nisbatan (reja 4 230 gektar) 125 foiz, boshqa ekin maydonlarida 2 597 yohud (reja 384 gektar) 676 foiz qurilish-montaj ishlari yakunlanib, texnologiya ishga tushirildi.

Yigʻilishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mahalliy byudjet mablagʻlarini boshqarish boʻyicha mustaqilligini oshirish, byudjet ijrosini markazga bogʻliqligini keskin kamaytirish jarayonlarini chuqurlashtirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturlarini kafolatlangan moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlash, mahalliy hokimliklarni mahalliy byudjetlarni shakllantirishda va mablagʻlardan samarali foydalanishda masʼuliyati va javobgarligini oshirish boʻyicha joriy yilning 1-yarim yilligida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi.

Hisobot davrida mahalliy byudjetlarning daromadlar qismi 12 870,7 mlrd. soʻmni, xarajatlar qismi esa rejaga nisbatan 92,8 foizga ijro etilib, 20 203,3 mlrd. soʻmni tashkil etgani qayd etildi. Mahalliy byudjetlarda 2020-yil birinchi yarim yillikda jami 3 368 mlrd. soʻmlik qoʻshimcha manba shakllantirilgani eʼtirof etildi.

Bahs-munozaralar, savol-javoblardan soʻng Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?