Davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash tartibi qanday?

13:48 28 Fevral 2019 Jamiyat
253 0

Hukumat qarori bilan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Nizomga muvofiq, uy joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlganlarni hisobga olish, navbatni belgilash hokimliklar va tasarrufida idoraviy uy–joy fondi boʻlgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Uy-joy maydonining ijtimoiy normasi bir kishiga 16 kvadrat metrdan, nogironlar uchun esa 23 kvadrat metrdan kam boʻlmasligi lozim.

Quyidagilar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deb hisoblanadi:

turar joyi boʻlmagan yoki yashash uchun yaroqsiz uy-joylarda yashovchilar;

har bir oila aʼzosi uchun uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam maydon toʻgʻri keladiganlar;

yotoqxonalarda, ishlab chiqarish va xizmat xonalarida yashovchilar;

qarindoshlik aloqalari boʻlmagan ikki va undan ortiq oila bir boʻlib kvartirada yashovchilar;

ayrim surunkali kasalliklarga chalinganlar;

uy-joy ajratilayotgan aholi punktida kamida 3 yil yashayotgan fuqarolar.

Quyidagi fuqarolarga aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joy beriladi:

1941-1945 yillardagi urush faxriylari va baynalminal jangchilar;

shartnoma boʻyicha harbiy xizmatdan zaxiraga boʻshatilgan yoki isteʼfoga chiqqan harbiy xizmatchilar;

ogʻir surunkali kasalliklarga chalinganlar;

16 yoshgacha yetti nafar va undan ziyod bolalari boʻlgan oilalar;

chin yetim bolalarni vasiylikka olgan oilalar;

uch nafar va undan koʻp mehnatga layoqatsiz oila aʼzolari boʻlgan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar;

ishlamaydigan I va II guruh nogironlari;

keksayib qolgan yolgʻiz pensionerlar;

bolalikdan nogiron boʻlib qolgan 16 yoshgacha yoki bolalikdan I va II guruh nogironi boʻlib qolgan bolalari bor oilalar.

Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar hokimliklarning hisobga olish va turar joylarni taqsimlash boʻlimlari tomonidan hisobga olinadi.

Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar ariza beradi hamda ariza 15 kunda komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi va ikki kunda fuqaro roʻyxatga kiritilganligi haqida xabardor qilinadi.

Uy-joyni berish roʻyxatdagi navbat asosida amalga oshiriladi.

Quyidagilarga navbatdan tashqari uy-joy beriladi:

uy-joyi tabiiy ofat oqibatida yaroqsiz holga kelgan fuqarolar;

davlat bolalar muassasalaridan, qarindoshlaridan, vasiylardan qaytgan fuqarolar;

noqonuniy javobgarlikka tortilgan va keyinchalik reabilitatsiya etilgan fuqarolar;

boshqa aholi punktlaridan oʻtkazilgan yoki taklif qilingan rahbarlar va mutaxassislar.

Fuqarolarga berilgan uy-joylar sanitariya, yongʻinga qarshi va texnik talablarga javob berishi shart.

Bir xonaga turli jinsdagi shaxslarni joylashtirish taqiqlanadi (er-xotindan tashqari).

Davlat uy-joy fondidagi turar joyni berish toʻgʻrisidagi qarorga asosan 3 ish kunida fuqaroga order beriladi.

Xizmat turar joyiga berilgan orderga “xizmat turar joyi”, aniq maqsadli kommunal turar joylariga berilgan orderga “aniq maqsadli kommunal turar joyi” degan qayd kiritiladi.

Xizmat turar joylari oʻz mehnat majburiyatlariga koʻra ish joyida yoki xizmat binosida yashash zarurat boʻlgan fuqarolarga beriladi.

Mehnat shartnomasi bekor qilinishi bilan turar joydan foydalanish huquqi ham bekor boʻladi. Shunga asosan xodim bir oyda uyni boʻshatishi lozim.

Quyidagilar xizmat turar joylaridan boshqa turar joy berilib koʻchiriladi:

I va II guruh nogironlari;

1941-1945 yillardagi urush faxriylari va baynalminal jangchilar;

harbiy xizmatni oʻtayotganda halok boʻlgan yoki bedarak yoʻqolgan harbiy xizmatchilarning oilalari;

nogiron farzandlari boʻlgan oilalar;

tarbiyachi ota-onalar, oilaviy bolalar uyi tugatilgan taqdirda;

tashkilotda kamida 10 yil ishlagan xodimlar;

xodimlar soni yoki ish xususiyatining oʻzgarishi yoxud korxona tugatilishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslar;

oʻzi ishlagan korxonadan pensiyaga chiqqan xodimlar;

xodim vafot etganida uning oila aʼzolari;

voyaga yetmagan farzandlari bilan birga yashayotgan yolgʻiz shaxslar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?