“Davlat tili haqida”gi Qonun talablari nega buzilmoqda?

19:30 20 Yanvar 2019 Jamiyat
630 0

Muallif olgan surat.

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Nurbek Abdullayev/Namangan. Mamlakatimizda “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganiga yaqinda oʻttiz yil toʻladi. Oʻtgan davr mobaynida mazkur hujjat asosida qator ishlar amalga oshirildi. Ammo shu bilan birga, bu sohada hali kamchiliklar yetarli ekanligini hech kim inkor etolmaydi. Qonun ijrosi yuzasidan izchil nazorat yoʻqligi koʻzga yaqqol tashlanmoqda. Namangan shahri koʻchalarini aylansangiz, bunga yana bir karra ishonch hosil qilasiz.

Ayniqsa, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari atrofidagi eʼlon, afisha hamda reklama pannolarida yozilgan matnlarni oʻqisangiz, koʻplab imloviy va stilistik xatolar, xorijiy soʻzlardan nooʻrin foydalanish kabi holatlarga koʻzingiz tushadi. Mana, oshxona oldidagi yozuv: “ZAKAZ SHASHLIK”. Bu oʻqlovday harflar uni tayyorlaganlarning savod darajasidan dalolat berib turibdi.

Muallif olgan surat.

“Chust BUYURUTMA TAOMLARI” va “NAXORGA MASTAVA” jumlalaridagi xatolar ham, hech soʻzsiz, peshonangizni tirishtiradi.

Muallif olgan surat.

“TILLO DODA PATIR NON MARKAZI”ning “ijodkorlari” nima demoqchi ekanliklarini oʻzlari tushunarmikinlar?

Muallif olgan surat.

 

“Na dizayn, na badiiy did talablariga javob beradigan yoʻl koʻrsatkichlariga mutasaddilar eʼtibor qaratganmikanlar?” degan savol ham tugʻiladi. Nahotki “A. Temur” oʻrniga “Amir Temur”, “Boburshox ko’chasi” oʻrniga “Bobur shohkoʻchasi”, “Hamrox” oʻrniga “Hamroh” deb yozish kerakligini hech kim anglab yetmagan boʻlsa? Achinarlisi, davlat tiliga bunday eʼtiborsizlik, bu kabi munosabatni, chalasavodlik koʻrinishlarini deyarli har qadamda uchratish mumkin.

 

 

Muallif olgan surat.

— Biz bir necha yildan beri shahar va tuman hokimliklari huzurida tashqi reklama vositalarining mazmun-mundarijasini nazorat qiladigan komissiya tuzilishi zarurligi haqidagi masalani koʻtarib kelamiz, — deydi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi boʻlimi rahbari Dilshod Mamajonov. — Afsuski, hozirgacha bu taklif inobatga olingani yoʻq. Oqibatda “Davlat tili haqida”gi Qonun talablarining buzilishiga yoʻl qoʻyilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?