“Davlat tili haqida”gi Qonun ijrosi muntazam oʻrganib boriladi

10:21 17 Yanvar 2019 Jamiyat
577 0

Bugungi kunda respublikamiz hududidagi 7 ming 300 ta moddiy madaniy meros obyekti orasidan tabiiy va texnogen hodisalar salbiy taʼsir etayotganlarini aniqlash, ularning kelib chiqish sabablarini ilmiy-amaliy jihatdan oʻrganish, oqibatlarini kamaytirish va bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻrganilgan. Madaniyat vazirining bu borada Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axboroti eshitilgan. Uning yakunlariga koʻra, asoslangan takliflar ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralarga kiritilgan.

Umuman, oʻtgan yilda qoʻmita tomonidan 4 ta nazorat tadbiri oʻtkazilgan. Bu haqda qoʻmitaning 2018 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va 2019 yildagi vazifalarga bagʻishlangan anjumanida aytib oʻtildi.

Qoʻmita faollari tomonidan “Davlat tili haqida”gi Qonunning Toshkent shahridagi ijrosi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazilgan. Adliya, moliya, iqtisodiyot va sanoat, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash kabi oʻnga yaqin bosh boshqarmalar va boshqa idoralar faoliyati tahlil qilinganda, ayrim jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani maʼlum boʻldi. Davlat tili nufuzini oshirish, sofligini saqlash, uni boyitib borish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qator amaliy taklif va tavsiyalar ­ishlab chiqildi. 2018 yil 24 dekabrda Senatga Bosh vazir imzosi bilan mavjud xatolarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” taqdim etildi. Uning ijrosi esa 2019 yil davomida senatorlar tomonidan oʻrganilib ­boriladi.

Shuningdek, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning Xalq taʼlimi vazirligi tizimida ijro etilishini oʻrganish rejalashtirilgan.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tash­qi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan anjumanda ham uning faoliyatiga oid bir necha qiziqarli va salmoqli maʼlumotlar taqdim etildi.

Toshkent shahriga investitsiyalarni jalb qilish — qoʻmita nazoratidagi muhim masalalardan biri. Xususan, bu yoʻnalishda Senat tegishli vazirlik va idoralar, kompaniya va agentliklar bilan birgalikda investitsiya loyihalarini tumanlar iqtisodiyotiga yanada tezroq kiritish yuzasidan nazoratni yoʻlga qoʻygan. Xususan, bu ishlar poytaxtning Olmazor tumanida jadallik bilan olib borilyapti. Har bir sektor ­rahbari oʻz hududida 20 million dollardan jami 80 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri ­xorijiy investitsiya jalb qilish boʻyicha ­tegishli chora-tadbirlar koʻrdi.

Joriy yildagi rejalar orasida xorijiy parlamentlar rahbarlarining, jumladan, Rossiya, Belarus, YEXHT Parlamentlararo Assambleyasi, Ispaniya parlamentlari rahbarlarining mamlakatimizga rasmiy tashriflarini tashkillashtirish rejalashtirilmoqda. Qoʻmita vakolatlariga aloqador sohalarda qonun hujjatlarining ijro etilishini oʻrganish kabi ishlar ham mazkur yilda yangicha yondashuv asosida amalga oshirilishi taʼkidlab oʻtildi.

Xuddi shunday tadbirlar yuqori palataning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda qoʻmitalarning oʻtgan yil davomida amalga oshirgan ishlari va 2019 yilgi rejalari xususida ­batafsil maʼlumotlar berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?