Davlat test markazi direktori: Test sinovlari adolatli o‘tishi uchun qator o‘zgarishlar qilindi

10:52 07 Iyun 2018 Jamiyat
627 0

Yoshlar tarbiyasi, ularning zamonaviy andozalar asosida ta’lim olishi hamda davlat taraqqiyoti uchun fidoyi mutaxassislarni tayyorlash bugungi kunning eng muhim va dolzarb vazifasiga aylangan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tub islohotlar o‘g‘il-qizlarimizning ilmu fanga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirib, izlanishga undamoqda.

Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018 yil 4 iyunda imzolangan “2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qarori qalbi bir olam orzu umidlarga to‘la yoshlarimiz uchun navbatdagi imkoniyatdir.

Ushbu hujjatga muvofiq, 2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 69 200 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha — 17 654 nafar va to‘lov-kontrakt asosida — 51 546 nafar, magistrlar uchun 5 903 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha — 1 552 nafar va to‘lov-kontrakt asosida — 4 351 nafar, maxsus sirtqi bo‘limlarda bakalavrlar uchun 11 765 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha — 15 nafar va to‘lov-kontrakt asosida — 11 750 nafar etib belgilandi.

Ya’ni bu yil qabul miqdori oshirilib, yangi ta’lim yo‘nalishlari ochilgani ilmga chanqoq yoshlarimizni quvontirgani, shubhasiz. Ayni paytda eng muhim masala — test sinovlarini o‘tkazishda ham qator yangiliklar joriy etilgani ular uchun ayni muddao bo‘ldi.

Xo‘sh, bu yangiliklar nimalardan iborat?

Tan olishimiz kerak, bugungi kunga qadar o‘tkazilgan test sinovlari ko‘p tomonlama zamonaviylikdan, ilg‘or tajribalardan orqada qolayotgan edi. Buni tayyorgarlik ishlarida ham, sinovlarni tashkil etish, natijalarni hisoblash va e’lon qilishda ham ko‘rdik. Quvonarlisi, hozirgi vaqtda bu yo‘nalishda kiritilgan o‘zgarishlar evaziga ana shunday muammolar bartaraf etildi.

Nomi yuqorida keltirilgan hujjat qabul qilinmasdan avval Davlat test markazida kam shtat mavjud edi. Ayni paytda bu yerda 150 nafardan ziyod xodimlar mehnat qilmoqda, jumladan, hududlar uchun ham ko‘proq shtat ajratildi. Shuningdek, xodimlarimiz testologiya sohasi rivojlangan AQSH, Angliya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Rossiya kabi davlatlarda malaka oshirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, zamonaviy usullarni o‘zimizda tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Endi abituriyent bilishi shart muhim o‘zgarishlarga e’tibor qaratsak. Bu yerda, birinchi navbatda, ular test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim uchun har yili 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan muddatda, kuniga ikki smenada o‘tkazilishini, birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanishini unutmasliklari kerak.

Shuningdek, abituriyentlar ruxsatnomaga ham e’tibor qaratishlari lozim.

Bu yildan boshlab test sinovlari 15 kun davomida, har kuni 2 smenada o‘tkazilishini inobatga olgan holda abituriyentlar ruxsatnomasida, test sinovida qatnashish kuni va smenasi (soati) ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Demak, abituriyent 15 kun davomida faqat bir marotaba test sinovida ishtirok etishi mumkin. Boshqa kunlar yoki belgilangan smenada u test sinovlariga qo‘yilmaydi.

Shu o‘rinda test sinovlariga abituriyentlar barcha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha aralash holda qatnashadimi yoki boshqacha tartib belgilandimi, degan haqli savol tug‘iladi. Bu, aytish kerakki, oliy ta’lim muassasalarining qaysi ta’lim yo‘nalishiga qancha abituriyent hujjat topshirishiga bog‘liq. Ma’lumotlar aniq bo‘lgach, test sinovi topshirish jadvali taqdim etiladi. Shulardan kelib chiqqan holda, test materiallari belgilangan muddatlarda hududlarga yuboriladi va har kuni Davlat test markaziga qaytariladi.

Natijalar test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasigayoq Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Natijalarning tezkor e’lon qilinishi uchun javoblar varaqalarini o‘qiydigan ilg‘or texnika vositalari, aniqrog‘i, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan “Scantron” korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 2 dona “Insight 150” optik skaneri xarid qilindi.

Bulardan tashqari, 2018 yildan boshlab test sinovi o‘tkaziladigan binolarga abituriyentlar shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videofiksatsiya qurilmalari, metallodetektorlar orqali kiritiladi hamda test sinovi jarayoni uzluksiz videokuzatuv ostida o‘tadi. Endilikda abituriyentlarning ota-onalari test sinovi jarayonini ham muntazam kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bunday texnikalar Toshkent shahri va viloyatlarda sinab ko‘rildi.

Yana bir bor eslatib o‘tamiz: binoga kirishning nazorat o‘tkazish joyida xizmat olib borayotgan xodimlar tomonidan tekshiruv tashkil qilinadi va bu vaqtda abituriyentda taqiqlangan buyum yoki boshqa vosita mavjudligi aniqlangan taqdirda shu joyga biriktirilgan Davlat test markazining vakili xabardor qilinadi va abituriyent binoga kiritilmaydi.

Abituriyentlar doimo shuni yodda tutishlari kerakki, agar javoblar varaqasining tegishli qismiga va test topshiriqlari kitobi muqovasining belgilangan joyiga abituriyentga tegishli ma’lumotlar yozilmagan yoki imzo qo‘yilmagan bo‘lsa, ixtiyoriy bosqichda dalolatnoma tuziladi va bu test sinovi natijasi chiqarilmasligiga asos bo‘ladi.

Yana bir muhim holat — test sinovi topshirish jarayonida videokuzatuv orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilayotgan yoki qilmayotganligi kuzatib borilishi hisoblanadi. Agar jarayon davomida tartibbuzarlik holati aniqlansa, abituriyent jarayondan chetlatiladi. Belgilanganidek, abituriyentlar tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab tegishli ravishda bir, ikki yoki uchta fan majmuasi bo‘yicha test sinovini topshiradi.

Test sinovi tartibi, testologiya bo‘yicha hozirgi kunga qadar bir nechta xorijiy hamkorlar bilan ish olib borildi. Xususan, Germaniyaning Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgan Gyote instituti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Bundan tashqari, “Oxford University Press”, Cambridge Language Assessment, Britaniya kengashi, Rossiya va Qozog‘istondagi hamkorlarimiz bilan yaqin aloqadamiz. Hamkorlik davomida testologiya, pedagogik o‘lchov, test savollari jamg‘armalarini shakllantirish, test savollari strukturasi, murakkablik darajalari, savollarni matematik statistika orqali tahlil qilishning zamonaviy usullari bo‘yicha fikrlar almashildi, tajribalar o‘rganildi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab test sinovi topshiriladigan har bir fandan 30 tadan savol kiritishga qaror qilindi. Endilikda test topshiriqlari kitobida 3 ta fandan test sinovi topshiriladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun 90 ta, 2 ta fandan test sinovi topshiriladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun 60 ta, bitta fan uchun 30 ta savol bo‘ladi. To‘g‘ri topilgan savollarga fanning muhimlilik darajasiga qarab 3,1; 2,1; 1,1 miqdorida ball berish tizimi o‘zgarmadi.

Vaqt me’yori masalasiga kelganda eslatish joizki, test topshiriqlarini bajarish va javoblar varaqasini to‘ldirish uchun 30 ta test topshirig‘iga 1 soat, 60 ta test topshirig‘iga 2 soat, 90 ta test topshirig‘iga 3 soat vaqt belgilanadi.

O‘z navbatida, apellyatsiya haqida ham quyidagilarni aytish mumkin: test sinovi natijasidan norozi bo‘lgan abituriyent 20 avgustdan 30 avgustgacha, belgilangan ish vaqtiga muvofiq, dam olish kunlarisiz o‘n bir kalendar kuni davomida yozma va elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega. U Davlat test markazida hamda uning hududiy bo‘limlarida qabul qilinadi.

Abituriyentlar uchun yana bir muhim o‘zgarish: javoblar varaqasiga test topshiriqlariga mos ravishda o‘zgartirishlar kiritildi. Masalan, javoblar bo‘yaladigan doirachalar raqamlari 90 gacha belgilanadi. Bundan tashqari, ingliz, nemis va fransuz tillaridan test sinovi topshiradigan abituriyentlar tomonidan qaysi tildan test topshirayotganligini aniqlash uchun bo‘yaladigan doirachalar o‘rni o‘zgardi, maxsus kod ustunida “0” dan iborat bo‘lgan birinchi qator shu ustunning eng pastki qatoriga ko‘chirildi. Bularning barchasi abituriyentlar tomonidan ko‘p hollarda yo‘l qo‘yib kelingan xatoliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, avvallari alohida mavjud bo‘lgan “Test sinovidan chetlashtirish haqida dalolatnoma” blankasi endi ishlatilmaydi — ushbu dalolatnoma shakli javoblar varaqasiga joylashtirildi. Shularni hisobga olgan holda, abituriyentlar mazkur o‘zgarishlarni yaxshi o‘rganib, xatoga yo‘l qo‘ymaydilar, degan umiddamiz.

Test sinovlarini o‘tkazishda har bir fanning mazmuni va abituriyentlarning tayyorgarlik darajasiga qo‘yiladigan talablar kodifikatori hamda test topshiriqlari tafsilotlari ishlab chiqilganligi, test topshiriqlari bazasi mazkur kodifikator va tafsilotlar asosida shakllantirilayotganligi, ushbu talablar kodifikatori umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining Davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari hamda umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun tavsiya etilgan darsliklar asosida tayyorlanganligi ham abituriyentlarga qulaylik tug‘diradi. Bulardan tashqari, yana Davlat test markazining rasmiy saytida har bir fandan uchta tilda (o‘zbek, rus, qoraqalpoq tillarida) 30 ta savoldan iborat namunaviy test topshiriqlari varianti kiritildi.

Test topshiriqlarining namunaviy variantlari tasdiqlangan talablar kodifikatori va test topshiriqlari tafsilotlari asosida tayyorlangan bo‘lib, abituriyentlarga, ularning ustozlari va keng jamoatchilikka umumta’lim fanlari bo‘yicha bo‘lg‘usi imtihonning shakli, mazmuni, murakkablik darajasini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan. Shu bilan birga, “Axborotnoma” jurnalining 2 ta maxsus sonida har bir fandan 4 tadan variantda va har bir variantda 30 tadan test topshiriqlari chop etildi. Ushbu test topshiriqlari bu yilgi test sinovlarida ishlatiladigan bazalardan olinganligini hisobga olsak, ular abituriyentlar uchun naqadar muhim ahamiyat kasb etishini tasavvur qilish qiyin emas. Aniqroq aytganda, ushbu variantlar va test topshiriqlari boshqa metodik nashrlar bilan bir qatorda abituriyentlarga qabul test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun katta yordam beradi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlamoqchimizki,barcha ishlar oxiriga yetkazildi, deyishga hali erta. Davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan talablarni bajarishda tegishli vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Barcha kuch va imkoniyatlar shularga qaratilgan. Maqsad — tizimda shaffoflikni ta’minlash, yoshlarimizni ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish.
Majit KARIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Davlat test markazi direktori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?