Davlat soliq qoʻmitasida Jahon banki ekspertlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

13:40 03 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
362 0
Foto: DSQ

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasida shu kunlarda mamlakatimizda tashrifda boʻlib turgan Jahon banki ekspertlari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi xabar qildi.

Maʼlumki, xalqaro ekspertlar respublikamiz hukumati tomonidan soliq islohotlari konsepsiyasining samarali ijrosini taʼminlash va texnik jihatdan koʻmaklashishga jalb qilingan.

Uchrashuvda soliq konsepsiyasiga muvofiq, 2019 yilning 1 yanvaridan mamlakatimizda yangi soliq tartibi joriy etilayotgani tufayli soliq toʻlovchilarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tushunmovchilik va ziddiyatlarning oldini olish, kichik biznes subyektlari uchun soddalashtirilgan qoʻshimcha qiymat soligʻini tatbiq qilish, soliq toʻlovchilar bilan munosabatlarni takomillashtirishda maqbul mexanizmlar asosida zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.

Shu bilan birga, davlat soliq xizmati organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimining texnik, dasturiy va axborot taʼminotini oqilona yoʻlga qoʻyish va shu orqali soliq toʻlovchilar uchun qulayliklar yaratish, elektron hisob-fakturalarning samarali tizimini joriy etish, “call-markaz” maxsus servisida aholiga axborot xizmatlari toʻliq koʻrsatilishiga erishish borasidagi chora-tadbirlarda amaliy yordam koʻrsatishga oid jihatlar atroflicha koʻrib chiqildi.

Oʻzaro muloqot jarayonida koʻtarilgan masalalar yechimi yuzasidan Moliya vazirligiga tegishli taklif va tavsiyalar kiritish hamda bu oʻzgarishlar yaqin istiqbolda qabul qilinishi rejalashtirilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida oʻz aksini topishiga kelishib olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?