Davlat soliq qo‘mitasida 24 soat uzluksiz ishlaydigan “call-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

11:11 25 Iyul 2018 Iqtisodiyot
900 0
Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Prezidentimizning 2018 yil 26 iyun kuni imzolagan “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishlari bilan bog‘liq munosabatlarda ko‘makchi va maslahatchi sifatida “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi tashkil etildi.

Mazkur korxona tomonidan aholiga axborot xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida 24 soat uzluksiz ishlaydigan “call-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shuningdek, shaxsiy kabinetlar orqali elektron tarzda soliq to‘lovchilardan kelib tushadigan murojaatlarni individual ravishda ko‘rish va har biriga javob berishga qaratilgan “Soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish” maxsus bo‘limi tashkil etilib, murojaatlarni ko‘rib chiqish tizimi tubdan o‘zgartirilmoqda.

Ilgari quyi bo‘g‘indan qo‘mitaga najot so‘rab murojaat qilgan arizachining so‘rovi, Davlat soliq qo‘mitasidan viloyat davlat soliq boshqarmalariga, undan hududiy davlat soliq inspeksiyasiga yuborilib, soliq to‘lovchining huquqini buzgan inspektorning qo‘liga yana qaytib borar va natijasi esa o‘z-o‘zidan ayon edi.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Bu boradagi ayni haqiqatni raqamlarga e’tibor qaratgan holda ham yaqqol anglash mumkin.

Joriy yilning birinchi olti oyligi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali DSQ manziliga 3116 murojaatlar kelib tushgan. Ularning katta qismini soliq inspeksiyalari faoliyatiga doir shikoyatlar tashkil qiladi.

Shu davr mobaynida kelib tushgan murojaatlardan 5,1 %i arizachilar foydasiga ijobiy hal qilingan, qolgan holatlarda esa arizachiga faqat rasmiy tushuntirishlar berilgan.

Lekin bu taqlid berilgan tushuntirishni tadbirkorning o‘zi ham Soliq kodeksidan o‘qib olishi mumkin, deydigan mutaxassis topilmagan. Tadbirkorlik subyektlarining muammoli masalalari yillar davomida to‘planib kelayotganligining asl sababi ham shu bo‘lsa ajabmas.

Endilikda mazkur muammolar o‘z yechimini topib, har bir murojaatni kelib tushgan joyning o‘zida hal etish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, davlat soliq xizmati organlarining “Ishonch telefon”lariga qilingan murojaatga tezkor munosabat bildirish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?