Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

07:35 27 Iyun 2018 Hujjatlar
384 0
Foto: "Xalq so`zi"

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakat iqtisodiyotini uzoq muddatli rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan sharoitda samarali soliqqa tortish tizimi va davlat soliq xizmati organlarining uyg‘unlashgan faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, soliq nazoratining eskirgan uslub va prinsiplariga asoslangan davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tashkil etish mazkur organlar oldiga qo‘yilgan yangi vazifalarni hal qilish, jumladan, soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliqlar yig‘iluvchanligining oshirilishini ta’minlash imkonini bermaydi, o‘z yechimini topmagan sezilarli muammolarning mavjudligi ushbu holatni yanada og‘irlashtirmoqda, xususan:

birinchidan, soliq solishning qo‘shimcha manbalarini izlamasdan soliq hisoboti bilan cheklanib qolgan, asosan, prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan soliq ma’muriyatchiligining past darajasi;

ikkinchidan, soliq ma’muriyatchiligida korrupsiyaviy muhitni shakllantirayotgan, davlat soliq xizmati organlarining deyarli barcha bo‘g‘inlarida xodimlar korrupsiyalashuviga olib kelayotgan sezilarli shart-sharoitlarning mavjudligi;

uchinchidan, soliq ma’muriyatchiligini to‘liq amalga oshirish, soliq solinadigan qo‘shimcha bazani aniqlash, iqtisodiyotda xufiyona aylanmalar darajasini qisqartirishga imkon bermaydigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanmaslik;

to‘rtinchidan, kameral nazoratni, jumladan, soliq imtiyozlari va preferensiyalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan kameral nazoratni amalga oshirish uchun tashqi manbalarni yig‘ishni ta’minlaydigan ta’sirchan dasturiy mahsulotlarning mavjud emasligi;

beshinchidan, soliqlar to‘lashdan bo‘yin tovlashning turli sxemalari yaratilishiga olib kelayotgan, savdo, umumiy ovqatlanish korxonalari, bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha berilgan vakolatlardan samarasiz foydalanilishi;

oltinchidan, maqsadli tekshiruvlar tashkil etish uchun soliqlarni to‘lashdan muntazam ravishda bo‘yin tovlayotgan shaxslarni, shuningdek, soliqqa oid huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlashning aniq mezonlari mavjud emasligi;

yettinchidan, mavjud resurslardan davlat soliq xizmati organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish uchun yetarlicha foydalanilmayotganligi va intizomiy javobgarlikka tortish darajasi haddan tashqari yuqoriligi umuman soliq tizimining samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mavjud muammolarni bartaraf qilish, O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini va 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi soliq ma’muriyatchiligi tizimini takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlari hisoblansin:

birinchidan, davlat soliq xizmati organlarini soliq to‘lovchilarning biznes-hamkori va maslahatchisi sifatidagi yangi imidjini yaratish orqali xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan idoraga aylantirish, har bir xodim tomonidan “Soliq xizmati — insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori” degan maqsadli vazifani so‘zsiz bajarish;

ikkinchidan, eksterritoriallik prinsipi asosida soliq to‘lovchilar o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishi, biznesni qonuniy, shaffof va qulay yuritish uchun maqbul shart-sharoitlar yaratish, soliq to‘lovchilarning qoniqish darajasining oshishini ta’minlash;

uchinchidan, soliq ma’muriyatchiligi va nazoratining mutlaqo yangi tizimini yaratish, shuningdek, korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha preventiv va oldini olish choralarini qo‘llash;

to‘rtinchidan, soliq to‘lovlarining o‘z vaqtida va bir xildagi tushumini ta’minlash, ma’muriy tartib-taomillarni maksimal darajada kamaytirish va soddalashtirish, soliq solinadigan bazani kengaytirish va iqtisodiyotda xufiyona aylanmalarni qisqartirish hisobiga byudjetlarning daromad qismini barqaror shakllantirish;

beshinchidan, tekshiruvdan oldingi tahlil va masofaviy nazorat-tahlil ishlarini amalga oshirish uchun ma’lumotlarni to‘liq yig‘ish va qayta ishlashni ta’minlaydigan zamonaviy, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish choralarini yanada kuchaytirish;

oltinchidan, davlat soliq xizmati organlari xodimlariga korporativ etikani singdirish, davlat soliq xizmati organlarining strategik maqsad va vazifalariga erishish uchun o‘z xizmat faoliyati samaradorligini oshirish motivatsiyasi tizimini joriy etish.

2. Belgilansinki, 2019 yil 1 yanvardan davlat soliq xizmati organlari xizmat ko‘rsatish, savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik subyektlari uchun yagona soliq to‘lovini, yagona yer solig‘ini, yuridik shaxslardan yer solig‘ini, shuningdek, bank aylanmalari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, boshqa tashqi manbalar asosida deklaratsiya qilinadigan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblash tarzida soliq to‘lovchilarga servis xizmatlari ko‘rsatadi hamda hisoblangan soliqlar summasi haqida soliq to‘lovchining “shaxsiy kabineti” orqali xabarnoma yuboradi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki va Savdo-sanoat palatasi bir oy muddatda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish yakuniga ko‘ra, tashqi ma’lumotlar va soliq to‘lovchilarning deklaratsiyalari asosida davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisoblanadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar ro‘yxatini bosqichma-bosqich kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlasin.

4. Belgilab qo‘yilsinki, 2018 yil 1 iyuldan:

davlat soliq xizmati organlari xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida o‘tkazilgan xronometraj natijalariga ko‘ra, oxirgi hisobot davri uchun tovar (ish, xizmat)lar realizatsiyasidan kamaytirib ko‘rsatilgan tushumni va xodimlar sonini qayta hisob-kitob qilgan holda soliqlarni hisoblashni amalga oshirish haqida talabnoma yuboradi, kamaytirib ko‘rsatish takroran aniqlanganda, ushbu harakatlar soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida malakalanadi;

uchinchi shaxslar tomonidan soliq to‘lovchi-jismoniy shaxs uchun to‘langan soliq summasi soliq to‘lovchining soliq solinadigan daromadi hisoblanmaydi;

davlat soliq xizmati organlari soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun asos bo‘ladigan ko‘zdan kechirish dalolatnomasini tuzish orqali soliq to‘lovchilarning pasportlashtirilishini yuritadi.

5. Davlat soliq xizmati organlari faoliyati samaradorligini baholashning quyidagi asosiy mezonlari belgilansin:

davlat soliq xizmati organlari ishining sifatini qoniqarli baholaydigan soliq to‘lovchilar, shuningdek, ularning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlarning soni;

kameral nazorat natijasi bo‘yicha undirilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning umumiy summasi;

xronometraj va ko‘zdan kechirish natijalari bo‘yicha aniqlangan Davlat byudjeti daromadlarini oshirish zaxiralari summasi va ularni undirish darajasi;

pasportlari tuzilgan soliq to‘lovchilarning soni;

hisoblangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar undirilishining to‘liqligi va soliq qarzdorligining pasayish darajasi;

davlat soliq xizmati organlari bilan o‘zaro munosabatlarda “shaxsiy kabinet”dan foydalanish darajasi;

elektron hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish va onlayn nazorat-kassa mashinalarini avtomatlashtirilgan monitoring qilish bo‘yicha dasturiy mahsulotlarni qo‘llayotgan soliq to‘lovchilarning qamrab olinishi.

6. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Maxsus jamg‘arma deb yuritiladi) hisobidan quyidagi summalarning 10 foiziga qadar miqdorda mukofotlanishi belgilansin:

kameral nazorat natijasi bo‘yicha undirilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar;

bir oy mobaynida xronometraj va pasportlashtirish natijasi bo‘yicha aniqlangan, soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan soliq;

soliq tekshiruvlari natijasi bo‘yicha undirilgan soliqlar.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bir oy muddatda yakuniy natijalarga erishishdan kelib chiqib davlat soliq xizmati organlari faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini va ularni moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlarini tasdiqlasin.

Maxsus jamg‘armaga soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar va ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarimalar summasidan ajratmalar miqdori 25 foizdan 40 foizga oshirilsin, bunda qo‘shimcha tushadigan mablag‘lar xodimlarni shaxsiy mukofotlashga maqsadli yo‘naltirilsin.

7. Davlat soliq xizmati organlariga quyidagi huquqlar berilsin:

soliq to‘lovchi qayd etilgan manzilda bo‘lmagan, shuningdek, soliq to‘lovchi tomonidan soliq yoki moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari yuzasidan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan hollarda soliq to‘lovchi-yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish;

davlat ulushlari bo‘yicha dividendlarni va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga ajratmalarni undirish;

soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etiladigan axborotning ishonchliligini hamda soliq to‘lovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llashning qonuniyligini tasdiqlash uchun kameral nazorat natijasi bo‘yicha joyiga chiqqan holda mavzuga oid va ekspress-o‘rganishlarni amalga oshirish;

yuzaga kelgan soliq qarzdorligini soliq to‘lovchi-jismoniy shaxslarning plastik kartalariga xizmat ko‘rsatuvchi bank hisobvaraqlaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdoridan ko‘p bo‘lmagan summada so‘zsiz hisobdan chiqarish.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining “Respublika axborot-maslahat markazi” va “Soliq deklaratsiyalarini qayta ishlash markazi” davlat unitar korxonalari negizida “Soliq-servis” davlat unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda — “Soliq-servis” DUK) uning hududiy markazlarini tuzgan holda tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Quyidagilar “Soliq-servis” DUKning asosiy vazifalari etib belgilansin:

soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda texnik jihatdan ko‘maklashish, shuningdek, hisobotlar va deklaratsiyalarni qabul qilish bo‘yicha soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish yuzasidan davlat soliq xizmati organlariga amaliy yordam berish;

davlat soliq xizmati organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimini texnik, dasturiy va axborot ta’minotini boshqarish;

davlat soliq xizmati organlari faoliyati natijasida yuzaga keladigan hujjatlarni qog‘oz va elektron shaklda markazlashgan holda arxivda saqlash;

“call-markaz” maxsus servisi orqali aholiga axborot xizmatlarini ko‘rsatish;

soliq to‘lovchilarni elektron hisobvaraq-fakturalarni yuritish qoidalari bo‘yicha o‘qitish, ularga soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarini yetkazish;

axborotni himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish;

davlat soliq xizmati organlari xodimlarining bilim va malakasini oshirish.

Davlat soliq qo‘mitasi:

davlat soliq xizmati hududiy organlarining yuqorida ko‘rsatilgan funksiyalarni bajaradigan boshqaruv xodimlari shtat birliklarini qisqartirish;

Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi ishini tubdan takomillashtirish, jumladan, soliq to‘lovchilar uchun yangi dasturiy mahsulotlar va servislarni ishlab chiqish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilishni nazarda tutsin.

9. “Soliq-servis” DUKning xizmatlari byudjet mablag‘lari va Maxsus jamg‘arma mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lanishi belgilansin.

“Soliq-servis” DUK tomonidan ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lashdan ozod etilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tashkil qilinsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashda nizoli masalalar yuzasidan xulosalar chiqarish;

soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishini aniqlashda soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni ko‘rib chiqish;

soliq nizolarini ko‘rib chiqish jarayonida aniqlangan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashining tarkibi va nizomini tasdiqlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tuzilmasida:

yirik soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, jumladan, soliq hisobotlarini qabul qilish, kameral nazorat o‘tkazish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish majburiyati yuklatilgan Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi;

davlat soliq xizmati organlari faoliyatining samaradorligini baholash va ularning rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan Tahlil boshqarmasi tashkil etilsin.

12. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari faoliyatida korrupsiyaviy jihatlarga barham berish maqsadida Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tugatilsin.

13. Soliq akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi etib qayta tashkil qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi faoliyatini tashkil qilish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qitishning zamonaviy uslublarini, jumladan, malaka oshirishning masofaviy shakllarini joriy etish, shuningdek, hududiy filiallarini tuzishni nazarda tutgan holda hukumat qarorini qabul qilsin;

qayta tashkil etilayotgan Soliq akademiyasining bakalavriat va magistratura talabalarining o‘qishini tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutiga ko‘chirish choralarini ko‘rsin.

14. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

15. Davlat soliq xizmati organlari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 11 903 nafar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni

257 nafar etib belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni bilan kelishilgan holda quyidagi huquqlar berilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartishlar kiritish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, tuman (shahar)lar davlat soliq inspeksiyalari, shuningdek, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasining tuzilmasini tasdiqlash;

davlat soliq xizmatining hududiy organlari boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini, jumladan, “Soliq-servis” DUK tashkil etilishi munosabati bilan boshqaruv xodimlarining shtat birliklari qisqartirilishini hisobga olgan holda tasdiqlash;

Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan davlat soliq xizmati organlari boshqaruv xodimlari mutaxassislarining qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish.

16. Quyidagilar:

a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalariga tushumlar prognozining bajarilishi;

soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘liq va o‘z vaqtida tushishini ta’minlash ustidan lozim darajada nazorat o‘rnatilishi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi;

davlat soliq xizmati organlariga yuqori ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega malakali xodimlarni jalb etishga qaratilgan, kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va rag‘batlantirishning mutlaqo yangi tizimi yaratilishi;

xodimlarning xizmatga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish, qonun buzilishining barcha ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhiti yaratilishi, jamoada sog‘lom muhit shakllantirilishi;

davlat soliq xizmati organlari faoliyatining ochiqligi ta’minlanishi, soliq to‘lovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasiz muloqot o‘rnatilishi;

soliq ma’muriyatchiligining zamonaviy uslublarini joriy etish sohasida xalqaro ekspertlar, grantlarni jalb etish ishlari;

davlat soliq xizmati organlarining moddiy-texnika jihatdan ta’minlanishi uchun;

b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosarining:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalariga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘liq va o‘z vaqtida tushishining ta’minlanishi;

soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanishi, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublari joriy etilishi, soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlari tahlil qilinishi, ularga barham berish choralari ko‘rilishi;

soliq solish bazasini kengaytirish bo‘yicha, jumladan, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali kompleks chora-tadbirlar ko‘rilishi;

nazorat amalga oshirilishi va soliq qarzdorligi oshishiga yo‘l qo‘ymasligi, xalqaro tajribani chuqur o‘rganish orqali soliq tizimi modernizatsiya qilinishi uchun;

v) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlarining:

soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirishga ko‘maklashuvchi soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qo‘llash metodologiyasi takomillashtirilishi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlari darajasini oshirish uchun zaxiralarni izlash va aniqlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilishi;

soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarganligi uchun tadbirkorlik subyektlarini rag‘batlantirish choralari ko‘rilishi;

soliq solish qismida iqtisodiyotning xufiyona sektorini legallashtirishga qaratilgan tizimli nazorat ta’minlanishi;

sifatsiz, qalbaki (yasama) va noqonuniy olib kirilgan tovarlar ishlab chiqarilishi, shuningdek, realizatsiya qilinishiga qarshi kurashishning holati va samaradorligi;

soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tahlilning ilg‘or avtomatlashtirilgan uslublari, elektron hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish va onlayn nazorat-kassa mashinalarining avtomatlashtirilgan monitoringi bo‘yicha dasturiy mahsulotlar joriy etilishi hamda samarali faoliyat ko‘rsatishi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari puxta, har tomonlama, to‘liq va obyektiv ko‘rib chiqilishi, fuqarolar shaxsan qabul qilinishi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi va soliq kollejlari faoliyati samarali tashkil etilishi uchun shaxsiy javobgarligi belgilab qo‘yilsin.

17. Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralar rahbarlari Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi belgilansin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

bir oy muddatda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan shaxslar, yashirilgan soliq solish obyektlari, shuningdek, noqonuniy olib kirilgan tovarlar yetkazilishi, saqlanishi va realizatsiya qilinishi, yashirin sexlarni aniqlash yuzasidan tizimli qo‘shma reydlarni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilsin;

ikki oy muddatda davlat soliq xizmati organlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni, jumladan, offshor zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar bilan operatsiyalarni amalga oshiradigan soliq to‘lovchilarni monitoring qilishni nazarda tutgan holda tasdiqlasin;

uch oy muddatda soliq sohasida fuqarolar tomonidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishi uchun ijtimoiy tarmoqlar va dasturiy mahsulotlarning salohiyatidan foydalanish mumkin bo‘lgan, jumladan, ularga tadbirkorlik subyektlarining soliqqa oid huquqbuzarliklari to‘g‘risida xabar qilish imkonini beruvchi veb-portal ochish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

bir oy muddatda qo‘shilgan qiymat solig‘ini elektron boshqarish tizimini, jumladan, soliqlar yig‘iluvchanligini oshirish va insofsiz soliq to‘lovchilarni aniqlash maqsadida barcha aylanmalar zanjirini tahlil va nazorat qilish uchun davlat soliq xizmati organlarida elektron hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish bo‘yicha dasturiy kompleksni joriy etish yuzasidan takliflar kiritsin.

19. 2018 yil 1 avgustdan mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish zaxiralarini aniqlash faoliyatini moddiy rag‘batlantirishni oshirish va korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq davlat soliq xizmati organlari xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,7 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llanilishi belgilansin.

Mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

20. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda soliq imtiyozlarini qo‘llash samaradorligini monitoring qilish va baholash tizimini joriy etish, samarasiz foydalanilgan imtiyoz summalarini byudjetga majburiy qaytarish mexanizmlarini mustahkamlashni nazarda tutadigan soliq imtiyozlarini maqsadli berish tartibini tasdiqlasin;

Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga mazkur qarorga muvofiq tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga Ma’lumotlarni qayta ishlash markazini kengaytirish, zamonaviy elektron ma’muriyatchilik tizimini, jumladan, elektron hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish va onlayn nazorat-kassa mashinalarini avtomatlashtirilgan monitoring qilish tizimi dasturiy mahsulotlarini joriy etish, shuningdek, davlat soliq xizmati organlari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 2018 yilda zarur mablag‘larni ajratsin, 2019 yildan boshlab esa har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi quyidagilar bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rsin:

yuqori professional malaka va ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan professional kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish;

mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida vijdonan xizmat qilayotgan xodimlarni ularning shaxsiy hissasidan kelib chiqqan holda rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratish;

davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan korrupsiya ko‘rinishlari va mansab suiiste’molchiliklari sodir etilishining barcha xavflarini bartaraf qilish;

aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida keng tushuntirish, profilaktika ishlarini olib borish;

davlat soliq inspeksiyalarining ish yuklamasi va soliqlarni yig‘ish faoliyatining iqtisodiy samaradorligidan kelib chiqib ularning sonini optimallashtirish.

22. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga davlat soliq xizmati organlarining ma’lumotlar bazasini boshqa davlat organlari ma’lumotlar bazalari bilan taqqoslash, joylarda soliq tekshiruvlari dalolatnomalarini o‘rganish orqali soliq to‘lovchilarning va soliq solish obyektlarining to‘liq qamrab olinishiga alohida e’tibor qaratgan holda, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini monitoring qilish vazifasi yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi ikki hafta muddatda mavjud ma’lumotlar bazasiga Moliya vazirligining ulanishini ta’minlasin.

23. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi to‘g‘risidagi;

O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlarida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi yangilangan nizomlarni tasdiqlasin.

24. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarning Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini;

o‘zlari qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.

25. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 avgustdagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3168-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.

26. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O. B. Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J. A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari B. A. Musayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti     Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 26 iyun


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?