Davlat rahbarlari muzokaralar natijalaridan mamnunligini bildirdi

07:00 20 Fevral 2020 Siyosat
261 0

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi natijalari toʻgʻrisida qoʻshma bayonotni imzoladilar.

Shuningdek, iqtisodiyot, savdo, texnologiyalar sohasiga oid hujjatlar imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻtkazilgan brifingda Rejep Tayyip Erdogʻan Oʻzbekiston Prezidenti tashrifidan mamnun ekanini bildirdi.

- Ilmlari, ijodlari bilan dunyoga ezgulik ulashgan Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy kabi buyuklarimiz tuproqlaridan salom keltirgan bu insonlarning tashrifi biz uchun juda aziz va qadrlidir. Oʻzbekiston bilan munosabatlarimiz mustahkam qardoshlik rishtalariga tayangan holda strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini eʼtirof etamiz, - dedi Turkiya Prezidenti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi doʻstona aloqalar tarixida yangi sahifa ochgani, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, madaniy-gumanitar sohalarga oid koʻplab masalalar atroflicha muhokama qilinganini taʼkidladi.

– Qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalasi muloqotimizning markaziy mavzularidan biri boʻldi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qiymati bir milliard dollardan ortiq boʻlgan yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bu jarayonni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldik, – dedi davlatimiz rahbari.

Aksariyat mintaqaviy va xalqaro muammolar borasida, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar kengashi doirasidagi hamkorlikka yondashuvlar mushtarak ekani taʼkidlandi. Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ham muloqotni kuchaytirish lozimligi aytildi.

Maʼrifiy Islomni targʻib etish, madaniyat, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport sohalarida birgalikda tadbirlar oʻtkazish muhimligi qayd etildi.

– Qardosh xalqlarimiz taraqqiyoti, tinch va farovon hayoti yoʻlida rivojlanib borayotgan anʼanaviy doʻstlik, keng qamrovli hamda istiqbolga moʻljallangan hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etishga tayyormiz. Aynan shu tamoyillar muloqotimiz yakunida imzolangan Qoʻshma bayonotda oʻz ifodasini topdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga tashrifi davom etmoqda.

 

 


Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?