Davlat qabul komissiyasi “Sahrodagi moʻjiza”ni qabul qildi

14:44 18 Oktyabr 2019 Jamiyat
140 0

Qandim gazni qayta ishlash majmuasida investitsiya loyihasi obyektlarini foydalanishga qabul qilib olish boʻyicha davlat komissiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda “Qandim konlar guruhida gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi va ishga tushirilishi” investitsiya loyihasi toʻliq qurib bitkazilib, taqdim etilgani munosabati bilan Davlat qabul komissiyasining hujjatni imzolash marosimi oʻtkazildi.

Ikkita texnologik tizimdan iborat gazni qayta ishlash zavodi “LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani” MCHJ tomonidan bunyod etildi. Zavodning quvvati 8 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlashga moʻljallangan boʻlib, bu yerda gaz vodorod sulfiddan tozalanadi va tovar gaz, barqaror gaz kondensati ishlab chiqariladi.

Davlat qabul komissiyasiga loyiha doirasida bunyod qilingan maʼmuriy bino, taʼmirlash hududlari va zavod qoshidagi boshqa obyektlar, 1150 kishiga moʻljallangan alohida turarjoy majmuasi, umumiy uzunligi 220 kilometr boʻlgan yigʻuv tizimi inshootlari, 71 ta quduq, 285 kilometr avtomobil yoʻli, uzunligi 70 kilometrga teng eksport quvuri, 55 kilometr uzunlikdagi suv taʼminoti, 268 kilometr uzunlikdagi elektr taʼminoti tizimlari taqdim etildi.

Eslatib oʻtamiz, Qandim gazni qayta ishlash majmuasining tantanali ochilish marosimi 2018-yil 19-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev, Rossiya Federatsiyasi Energetika vaziri A.Novak va “LUKOYL” PAO prezidenti V.Alekperov ishtirokida boʻlib oʻtgandi.

Davlatimiz rahbari uni “sahrodagi moʻjiza” deya yuqori baholangandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?