Davlat organlari va tashkilotlarda gimnastika soatlari va “Salomatlik kuni” oʻtkaziladi

09:51 19 Dekabr 2018 Sport
440 0

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasini, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Prezident qaroriga koʻra, shunday tartib oʻrnatilishi belgilanmoqdaki, unga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida:

ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari;

haftasiga kamida bir marotaba xodimlarning jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarda (yugurish, suzish, futbol, voleybol, basketbol, tennis va boshqalarda) ishtirok etishini nazarda tutadigan “Salomatlik kuni”;

muntazam ravishda xodimlar orasida ommaviylashgan sport turlari boʻyicha sport musobaqalari va boshqa jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar oʻtkazib borilishi amaliyotga joriy etiladi.

Davlat organlari va tashkilotlari texnologiya, ishlab chiqarish va ish sharoitlaridan kelib chiqib, xodimlariga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslarni belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:

a) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

ishlab chiqarish gimnastikasining namunaviy mashqlar kompleksini;

transportda qatnash jihatidan qulayligi va masofani inobatga olgan holda korxonalar, tashkilotlar va muassasalar xodimlariga shugʻullanish uchun tavsiya etiladigan sport inshootlari roʻyxatini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 apreliga qadar tuman (shaharlar) boʻyicha zonalarga boʻlib hamda ish faoliyatining tavsiflari, mashgʻulotlarning narxi, ish vaqti va boshqa maʼlumotlarni keltirib oʻtgan holda, sport inshootlarining yagona bazasini yaratsin hamda Internet tarmogʻiga joylashtirilishini taʼminlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?