Davlat organlari va byudjet tashkilotlari joriy yil birinchi choragida qancha pulni havoga sovurdi?

10:41 12 Aprel 2019 Iqtisodiyot
658 0

Illyustrativ foto

Moliya vazirligi maʼlumotiga koʻra, joriy yilning birinchi choragida davlat organlari va byudjet tashkilotlari tomonidan 70 mlrd. soʻmdan ziyod mablagʻ noqonuniy sarflangan.

Olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida umumiy summasi 70,2 milliard soʻmlik byudjet intizmoi buzilishi va boshqa asossiz xarajatlar bilan bogʻliq qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Nazorat tadbirlari samaradorligi oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan ikki barobar koʻpaygan(2018 yil birinchi choragida 30 milliard soʻmni tashkil etgandi).

Xususan, tekshiruvchilar tomonidan byudjet intizomi buzilishi, pul va tovar-material qimmatliklari kamomadi, shuningdek, 23,4 milliard soʻmlik maqsadsiz va asossiz xarajatlar aniqlangan.

Qonunbuzuvchilar ichida quyidagilar “yetakchi”lik qilgan:

- Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi – 6,2 milliard soʻm, shundan 4,9 milliard soʻmi undirilgan (78 foiz);
- Xalq taʼlimi vazirligi – 3,7 milliard soʻm, shundan 3 milliard soʻmi undirilgan(80 foiz);
- Sogʻliqni saqlash vazirligi – 1,5 milliard soʻm, shundan 1,4 milliard soʻmi undirilgan(89 foiz);
- Maktabgacha taʼlim vazirligi – 1,5 milliard soʻm, shundan 1,2 milliard soʻmi(83 foizi).

Mahalliy byudjetdan moliyalashtiriluvchi muassasalarda eng koʻp byudjet qonunchiligi buzilish holati Jizzax(5,3 mlrd. soʻm), Surxondaryo(2,5 mlrd. soʻm), Fargʻona(2,1 mlrd. soʻm), Samarqand(2,1 mlrd. soʻm), Qashqadaryo(1,9 mlrd. soʻm), Andijon(1,5 mlrd. soʻm) va Toshkent(1,3 mlrd. soʻm) viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahri(2,6 mlrd. soʻm)da uchragan.

Bundan tashqari, Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi tomonidan davlat maqsadli jamgʻarmalari va Moliya vazirligi huzuridagi jamgʻarmalar mablagʻlaridan maqsadli foydalanish boʻyicha moliyaviy qonunbuzilishlar hamda asossiz xarajatlar aniqlandi . Uning qiymati 25,5 mlrd. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, shundan 20 mlrd. soʻmi qoplangan.

Hukumat kafolati ostida ajratilgan kredit mablagʻlari va Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli foydalanish boʻyicha olib borilgan 76 ta nazorat tadbirida 2,4 milliard soʻmlik noqonuniy xarajatlar aniqlandi. Shundan 700 mln. soʻmi qoplangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?