Davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishi muhimligi nimada?

10:27 16 Aprel 2018 Siyosat
538 0
Foto: "Xalq so‘zi online"

“Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun yurtdoshlarimizning  mamlakatda kechayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshiradi.

Jamoatchilik nazorati demokratiya va xalq hokimiyatchiligining muhim instituti hisoblanib, u davlat organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish orqali fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari muhofazasini ta’minlashga xizmat qiladi.

U fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari muhofaza etilishini hamda qonun hujjatlari talablariga davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslari tomonidan og‘ishmay rioya qilinishini, ular oldida turgan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Shu bois kuchli fuqarolik jamiyati shakllantirilayotgan yurtimizda jamoatchilik nazoratini takomillashtirish, uni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich o‘tkazilmoqda.

Alohida ta’kidlash joizki, Konstitutsiyamizga 2014 yilda kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari tomonidan qonun hujjatlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning konstitutsiyaviy asosi shakllantirildi. Unga muvofiq, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish hamda takomillashtirish yo‘li bilan ham ro‘yobga chiqariladi. E’tiborli jihati, jamoatchilik nazorati institutiga konstitutsiyaviy-huquqiy maqomning berilishi yurtimizda mazkur nazorat institutini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.

Amaldagi qator qonun va qonunosti hujjatlarida jamoat nazorati haqida qator normalar mavjud bo‘lsa-da, ushbu institutning mohiyati, turlari, uni amalga oshirishning usul hamda shakllari, umuman olganda, nazorat qilish mexanizmlarini nazarda tutuvchi maxsus qoidalar, yagona hujjat mavjud emas edi. Bu esa qonunlardagi mazkur qoidalar, hatto, konstitutsiyaviy normaning ham to‘liq ishlamasligiga sabab bo‘layotgandi.

Bundan tashqari, jamoatchilik nazorati borasida qator normativ-huquqiy hujjatlarni birxillashtirish va yagona tizimlashtirilgan tayanch qonunni qabul qilishga, jamoatchilik nazorati masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlaridagi “huquqiy bo‘shliqlar”ni bartaraf etishga ehtiyoj mavjud edi.

Shuning uchun ham Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi asosida “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun parlamentimiz quyi palatasi deputatlari tomonidan ishlab chiqilib, keng muhokamalardan so‘ng qabul qilindi, Senat tomonidan ma’qullandi hamda Prezidentimiz imzolaganidan so‘ng kecha matbuotda e’lon qilindi.

Qonun Konstitutsiyada nazarda tutilgan normani amaliyotda qo‘llashga, mamlakatimizda davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning qonunchilik asoslari va mexanizmini to‘liq belgilashga qaratilgani bilan nihoyatda e’tiborlidir.

Davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishi muhimligi nimada?

Avvalambor, jamoatchilik nazorati faqatgina jamiyat uchun emas, balki davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari faoliyatini samarali tashkil etishda ham muhim ahamiyatga ega. Zero, jamoatchilik nazorati qonunlarning samarali ishlashini ta’minlashga, inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish bilan birga, uni muhofaza etishga da’vat qiladi, davlat tuzilmalarining takomillashuvini ta’minlaydi. Bu esa pirovardida jamoatchilik nazorati orqali bugungi kunda o‘ta dolzarb hisoblanib kelinayotgan davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligi hamda mas’uliyatini oshirishga zamin yaratadi.

Ayni paytda jamoatchilik nazorati orqali fuqarolar fikr-mulohazalarining ijtimoiy hayotdagi ta’sirchanligi ortadi, davlat kelajagiga befarq bo‘lmagan va ijtimoiy faol aholi qatlami shakllanib boradi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatda islohotlarning yanada samarali olib borilishini ta’minlaydi. Davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari jamoatchilikning ishonchi va ko‘magida o‘z faoliyatini yanada samarali tashkil etish imkoniga ham ega bo‘ladi.
Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunda jamoatchilik nazorati sub’ekt hamda ob’ektlari, asosiy prinsiplari va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish shakllari belgilanib, nazorat shakllari bilan bog‘liq tartib keng yoritilgan. Shuningdek, jamoatchilik nazorati sub’ektlari hamda ob’ektlarining huquq va majburiyatlari, uning natijalarini rasmiylashtirish tartibi ochib berildi.

Qonunga muvofiq, jamoatchilik nazoratini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari olib borish huquqiga ega.

Davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, davlat, tarmoq hamda mintaqaviy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlarini, jamoatchilik fikrini hisobga olish, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining ijro etilishini ta’minlashga oid faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.

Qonunga muvofiq, jamoatchilik nazorati sub’ektlari davlat organlari faoliyati ustidan qator shakllarda, ya’ni davlat organlariga murojaatlar hamda so‘rovlar yo‘llash, davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida qatnashish, jamoatchilik muhokamasi, jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik monitoringi, jamoatchilik ekspertizasi, jamoatchilik fikrini o‘rganish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ijro etuvchi hokimiyat organlarining, boshqa tashkilotlar va muassasalarning hisobotlarini eshitish kabi usullarda nazorat olib boradi.

Qonunni ishlab chiqish jarayonida milliy qonunchilik, huquqshunos olimlar hamda ekspertlarning fikrlari va xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganildi, jamoatchilik nazorati sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyoti tahlil qilindi. Jumladan, AQSh, Belgiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya va Qozog‘iston kabi mamlakatlarning jamoatchilik nazorati sohasidagi qonun hujjatlari to‘liq o‘rganilgan.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mazkur Qonun davlat organlari hamda mansabdor shaxslari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, eng muhimi, bevosita fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini muhofaza etish mexanizmining yanada takomillashuviga xizmat qiladi. Bu esa “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilining amalda qaror topishini ta’minlaydi.

Tolibjon MADUMAROV,
Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?