«Davlat mukofotlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida

09:51 12 Aprel 2018 Hujjatlar
2467 0

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 6 fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018 yil 29 martda ma’qullangan

1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1995 yil 22 dekabrda qabul qilingan «Davlat mukofotlari to‘g‘risida»gi 176–I-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995 yil, № 12, 266-modda; 1996 yil, № 5–6, 63-modda, № 9, 120-modda; 1998 yil, № 9, 163-modda; 2000 yil, № 7–8, 202-modda; 2003 yil, № 9–10, 140, 149-moddalar; 2005 yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 6, 250-modda; 2008 yil, № 4, 193-modda; 2012 yil, № 9/1, 241-modda; 2017 yil, № 9, 510-modda, № 12, 769-modda) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).

2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

3-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti SH. MIRZIYОYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 11 aprel
№ O‘RQ—473
 

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Davlat mukofotlari to‘g‘risida
(yangi tahriri)

 

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi


Ushbu Qonunning maqsadi davlat mukofotlarini ta’sis etish, ular bilan taqdirlash va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Davlat mukofotlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Davlat mukofotlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlat mukofotlarini ta’sis etish, ular bilan taqdirlash va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.

3-modda. Davlat mukofotlari

Davlat mukofotlari fuqarolarni ularning mamlakat mustaqilligini mustahkamlashga, tinchlik va barqarorlikni saqlashga, mamlakatning iqtisodiy, siyosiy, sotsial, ilmiy, intellektual, ma’naviy salohiyatini hamda mudofaa qudratini oshirishga qo‘shgan hissasi, davlat va xalq oldidagi faoliyatning ijtimoiy, xayriya, gumanitar sohalaridagi hamda boshqa sohalardagi xizmatlari uchun rag‘batlantirishning oliy shaklidir.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar taqdirlanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet davlatlarning mukofotlari bilan taqdirlanishi mumkin.
Davlat mukofotlari bilan ayrim hollarda fuqarolar bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, harbiy bo‘linmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalari hamda boshqa yuridik shaxslari, shuningdek chet el yuridik shaxslari mukofotlanishi mumkin.

4-modda. Davlat mukofotlarini ta’sis etish

Davlat mukofotlari O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan ta’sis etiladi.
Davlat mukofotlari to‘g‘risidagi nizomlar va davlat mukofotlarining tavsiflari O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining rasmiy nomlari davlat tilida belgilanadi.
2-bob. Davlat mukofotlari tizimi

5-modda. Davlat mukofotlarining turlari

Davlat mukofotlari quyidagilardan iborat:
«O‘zbekiston Qahramoni» unvoni;
O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari;
O‘zbekiston Respublikasining ordenlari;
O‘zbekiston Respublikasining medallari;
O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i.

6-modda. «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni

«O‘zbekiston Qahramoni» unvoni oliy darajadagi mukofotdir va u bir marta beriladi.
«O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan shaxslarga oliy mukofot belgisi — «Oltin Yulduz» medali va unga doir guvohnoma topshiriladi.

7-modda. O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari

O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari quyidagilardan iborat:
«O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi»;
«O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi»;
«O‘zbekiston iftixori»;
«O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti»;
«O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi»;
«O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi»;
«O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi»;
«O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi»;
«O‘zbekiston Respublikasi xalq shoiri»;
«O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi»;
«O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi»;
«O‘zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim»; 
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan aloqa xodimi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan me’mor»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan pillachi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan transport xodimi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fuqaro aviatsiyasi xodimi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi»;
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi».
O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari berilgan shaxslarga belgilangan namunadagi ko‘krak nishoni va unga doir guvohnoma topshiriladi.

8-modda. O‘zbekiston Respublikasining ordenlari

O‘zbekiston Respublikasining ordenlari quyidagilardan iborat:
«Mustaqillik» ordeni;
«Amir Temur» ordeni;
«Jaloliddin Manguberdi» ordeni;
«Buyuk xizmatlari uchun» ordeni;
«El-yurt hurmati» ordeni;
«Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni;
«Mehnat shuhrati» ordeni;
I va II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni;
I va II darajali «Shon-sharaf» ordeni;
«Do‘stlik» ordeni;
«Mardlik» ordeni.

9-modda. O‘zbekiston Respublikasining medallari

O‘zbekiston Respublikasining medallari quyidagilardan iborat:
«Jasorat» medali;
«Sodiq xizmatlari uchun» medali;
«Kelajak bunyodkori» medali;
«Shuhrat» medali.

10-modda. O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i

O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i belgilangan namunadagi Faxriy yorliqning jildga solingan blankasi tarzida bo‘ladi.

11-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya

Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida doimiy ishlaydigan maslahat va kengash organi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlash va faxriy unvonlarini berish masalalarini hal etish bo‘yicha konstitutsiyaviy vakolatlari amalga oshirilishini, shuningdek geraldika sohasida yagona davlat siyosati yuritilishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaning tarkibi, vakolatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

3-bob. Davlat mukofotlariga taqdim etish, ular bilan taqdirlash va ularni topshirish

12-modda. Davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir taqdimnoma


Davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir taqdimnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Markaziy banki, Davlat xavfsizlik xizmati, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi raislari, Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, boshqa respublika muassasalarining, nodavlat notijorat tashkilotlari respublika organlarining rahbarlari tomonidan kiritiladi. Chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, shuningdek chet el yuridik shaxslarini taqdirlashga doir taqdimnoma O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda kiritiladi.
Davlat mukofotlariga taqdim etish tashabbusi bilan chiqish va ularni ko‘rib chiqish tartibi, taqdimnomaga ilova qilinadigan hujjatlarning ro‘yxati, shuningdek davlat mukofotlariga doir guvohnomalarning namunalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat mukofotlari bilan taqdirlash tashabbusi bilan mustaqil ravishda chiqishga haqlidir.

13-modda. Davlat mukofotlari bilan taqdirlash tartibi

Davlat mukofotlari bilan taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini davlat mukofotlari bilan taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tashabbusi bilan amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining ayni bir ordeni, medali va Faxriy yorlig‘i bilan takroran taqdirlash, shuningdek takroran faxriy unvon berish amalga oshirilmaydi, bundan darajalarga ega bo‘lgan davlat mukofotlari mustasno.
Darajalarga ega bo‘lgan davlat mukofotlari bilan taqdirlash ketma-ketlikda — quyi darajadan yuqori darajagacha amalga oshiriladi.
Fuqarolarni navbatdagi davlat mukofotiga taqdim etish, qoida tariqasida, avvalgi taqdirlangan paytidan e’tiboran kamida uch yil o‘tgach amalga oshiriladi. Alohida hollarda, fuqarolar navbatdagi mukofotga avvalgi taqdirlangan vaqtidan qat’i nazar taqdim etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlash shaxsning vafotidan keyin ham amalga oshirilishi mumkin.

14-modda. Davlat mukofotlarini topshirish

Davlat mukofotlarini topshirish tantanali vaziyatda amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlarini topshirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Markaziy banki, Davlat xavfsizlik xizmati, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi raislari, Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, boshqa respublika muassasalarining rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi diplomatik korpusining vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shunga vakolat bergan boshqa shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidentiga davlat mukofotlarini topshirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi va Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslarga bir vaqtning o‘zida belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
Shaxs vafot etgandan keyin mukofotlangan taqdirda davlat mukofoti mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlaridan biriga uni taqib yurish huquqi berilmagan holda topshiriladi.
Davlat mukofotlari vafot etgan mukofotlangan shaxsning yoki vafotidan keyin mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlaridan birining roziligi bilan davlat muzeylariga topshirilishi mumkin.
Agar mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlari bo‘lmasa, uning vafotidan keyin davlat mukofoti va unga doir guvohnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaga topshiriladi.

4-bob. Davlat mukofotlaridan foydalanish

15-modda. Davlat mukofotlarini taqib yurish


Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida oliy mukofot belgisi — «Oltin Yulduz» medalini, O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir ko‘krak nishonlarini, ordenlarini va medallarini ko‘kragining chap tomoniga taqib yuradi, qadag‘ichsiz ordenlar bundan mustasno. Taqdirlangan shaxslar davlat mukofotlarini boshqa hollarda ham taqib yurishi mumkin.
Oliy mukofot belgisi — «Oltin Yulduz» medali O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir ko‘krak nishonlaridan, ordenlaridan va medallaridan yuqoriga taqiladi. 
O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir ko‘krak nishonlari ushbu Qonunning 7-moddasida ko‘rsatilgan ketma-ketlikda O‘zbekiston Respublikasi ordenlari va medallaridan oldin taqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi ordenlari ushbu Qonunning 
8-moddasida ko‘rsatilgan ketma-ketlikda O‘zbekiston Respublikasi medallaridan oldin taqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi medallari ushbu Qonunning 
9-moddasida ko‘rsatilgan ketma-ketlikda taqiladi.
Ko‘krakning o‘ng tomonida O‘zbekiston Respublikasining qadag‘ichsiz ordenlari quyidagi ketma-ketlikda taqiladi:
«Mustaqillik» ordeni;
«Amir Temur» ordeni;
«Jaloliddin Manguberdi» ordeni.
«Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bo‘yinga osiladigan muhayyar lentada belgilangan tartibda taqiladi.
Shaxsda chet davlatlarning mukofotlari bo‘lsa, ular O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlaridan keyin joylashtiriladi.
Taqdirlangan shaxslar kundalik taqib yurish uchun davlat mukofotlari o‘rniga plankalardagi lentalarni taqib yurishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining ordenlari va medallari o‘rniga lentalar taqib yurish uchun plankalar bir oz bo‘rtib chiqqan, orden va medallar qadag‘ichlarining rangiga mos keladigan lentalar bilan qoplangan to‘g‘ri burchakli metall plastinkalardan iborat bo‘ladi. Har bir plankaning bo‘yi 12 mm, eni 24 mm.
Plankalardagi lentalarni taqib yurish qoidalari oliy mukofot belgisi — «Oltin Yulduz» medaliga, «Mustaqillik», «Amir Temur», «Jaloliddin Manguberdi» ordenlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir ko‘krak nishonlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Alohida hollar va kundalik taqib yurish uchun ordenlarning belgilangan tartibda tayyorlangan frakbop kichkina ko‘chirma nusxalari nazarda tutiladi.
Ordenlarning frakbop kichkina ko‘chirma nusxalarini taqish chog‘ida davlat mukofotlarini taqib yurishning ushbu Qonunda nazarda tutilgan umumiy qoidalariga rioya etiladi.
Taqdirlangan shaxslarga alohida hollarda davlat mukofotlari yelkaga yoki bo‘yinga osiladigan lentada topshiriladi.

16-modda. Davlat mukofotlarining tasvirlaridan foydalanish

O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, harbiy bo‘linmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalari hamda boshqa yuridik shaxslari, shuningdek chet el yuridik shaxslari davlat mukofotlarining qabariqli tasvirini binolarda joylashtirishi, davlat mukofotlarining tasvirini o‘z davriy bosma nashrlarida aks ettirishi mumkin. 

17-modda. Davlat mukofotlarini saqlash tartibi

Taqdirlangan shaxslar davlat mukofotlarini va ularga doir guvohnomalarni ehtiyotkorlik bilan saqlashi, ularning but saqlanishini ta’minlashi shart.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, harbiy bo‘linmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalari hamda boshqa yuridik shaxslari, shuningdek chet el yuridik shaxslari davlat mukofotlarining va ularga doir guvohnomalarning but saqlanishini ta’minlashi lozim.
Davlat mukofoti va unga doir guvohnoma yo‘qolgan taqdirda, ushbu mukofotga bo‘lgan huquq saqlanib qoladi. 
Davlat mukofotlari harbiy vaziyatda, tabiiy ofat natijasida yoki davlat mukofoti yo‘qolishining oldini olish imkoniyatini istisno etadigan boshqa sharoitlarda yo‘qolgan taqdirda, ularning dublikatlari berilishi mumkin. Tarkibida qimmatbaho metallar bo‘lgan davlat mukofotlarining dublikatlari berilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya qaroriga ko‘ra mazkur mukofotlarning mum nusxalari berilishi mumkin.
Davlat mukofoti va unga doir guvohnoma boshqa sharoitlarda yo‘qolgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya taqdirlangan shaxsga davlat mukofoti bilan taqdirlanganlik to‘g‘risida belgilangan tartibda ma’lumotnoma beradi.
Davlat mukofotini va unga doir guvohnomani yo‘qotgan taqdirlangan shaxs vafot etgan taqdirda, ushbu mukofot va guvohnomaning dublikatlari berilmaydi.

18-modda. Davlat mukofotlarini O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish

O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘zlariga tegishli bo‘lgan davlat mukofotlarini hamda ularga doir guvohnomalarni olib chiqish huquqiga ega.
Vafot etgan taqdirlangan shaxsning doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan yaqin qarindoshlari mazkur mukofotlarga bo‘lgan o‘z huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatganidan keyin davlat mukofotlarini olib chiqish huquqiga ega.
Davlat mukofotlariga bo‘lgan huquq tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanmagan bo‘lsa, ularni olib chiqish taqiqlanadi.
Qimmatbaho metallardan tayyorlangan davlat mukofotlarini olib chiqish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

19-modda. Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslarga beriladigan imtiyozlar va pul to‘lovlari

Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozlardan foydalanadi, pul to‘lovlari yoki esdalik sovg‘alari oladi.
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, harbiy bo‘linmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalari hamda boshqa yuridik shaxslari, shuningdek chet el yuridik shaxslari taqdirlanganda pul to‘lovlari ajratilmaydi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

20-modda. O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlarini (premiyalarini), esdalik va ko‘krak nishonlarini, idoraviy mukofotlarni ta’sis etish


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari (premiyalari), davlat va jamiyat tarixidagi muhim sanalarga va voqealarga atalgan esdalik va ko‘krak nishonlari ta’sis etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan idoraviy mukofotlar ta’sis etilishi mumkin. 
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya bilan kelishilgan holda, o‘zlarining ichki hujjatlari bilan xodimlarni rag‘batlantirishning har xil turlarini, shu jumladan unvonlarni, esdalik va ko‘krak nishonlarini, idoraviy mukofotlarni belgilashi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari (premiyalari), esdalik va ko‘krak nishonlari, idoraviy mukofotlar ular to‘g‘risidagi nizomlarga muvofiq davlat mukofotlaridan keyin taqiladi.

21-modda. Davlat mukofotlaridan mahrum etish

Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar quyidagi hollarda ulardan mahrum etilishi mumkin:
shaxs og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilinganda — sudning taqdimnomasiga binoan; 
shaxs o‘z sha’ni va qadr-qimmatini badnom etuvchi xatti-harakat sodir etganda — taqdirlash to‘g‘risida taqdimnoma kiritish huquqiga ega bo‘lgan organ yoki tashkilotning taqdimnomasiga binoan.
Davlat mukofotlaridan mahrum etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlaridan mahrum bo‘lganlik belgilangan imtiyozlar bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.
Davlat mukofotidan mahrum etilgan shaxsga tegishli davlat mukofoti va unga doir guvohnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaga qaytarilishi lozim.
Qonunga zid ravishda hukm qilingan va to‘liq oqlangan shaxslarning davlat mukofotlariga bo‘lgan huquqlari qonun hujjatlariga muvofiq tiklanadi.

22-modda. Davlat mukofotlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Ordenni, medalni, faxriy unvonga doir ko‘krak nishonini qonunga zid ravishda taqib yurish, sotib olish, sotish, almashish yoki o‘zga tarzda haq evaziga berish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Tashqi ko‘rinishi davlat mukofotlariga o‘xshash bo‘lgan esdalik va ko‘krak nishonlarini, idoraviy yoki boshqa mukofotlarni ta’sis etish hamda tayyorlash taqiqlanadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib qo‘ygan O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari, shuningdek egasi aniqlanmagan davlat mukofotlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaga topshiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?