Davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish uchun javobgarlik kuchaytirildi

11:15 24 Avgust 2019 Siyosat
151 0

Munisxon Karimova- “Xalq soʻzi”-Oniline. Oʻtgan yilda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining Madaniy va arxeologik meros obyektlarini muhofaza qilish, qoʻriqlash, targʻib etish va ulardan foydalanish borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti senatorlar tomonidan tinglangan edi. Muhokama jarayonida sohadagi ishlar samaradorligiga salbiy taʼsir etayotgan bir qator masalalar mavjudligi aniqlangan.

Ayni paytda yurtimizda 7 ming 500 ga yaqin moddiy madaniy meros obyektlari mavjud boʻlib, ularning 4308 tasi arxeologik, 2079 tasi arxitektura, 694 tasi mahobatli sanʼat asari, 395 tasi diqqatga sazovor joylarni tashkil qiladi. Mazkur obyektlarning 7123 tasi davlat mulki va 353 tasi xususiy mulk hisoblanadi.

Moddiy madaniy meros obyektlari xatlovdan oʻtkazilganda, afsuski,259 tasi butkul yoʻqotilgani, obyektlarning atigi 34 foizining kadastr hujjatlari mavjudligi, bor-yoʻgʻi 29,5 foiziga muhofaza belgilari oʻrnatilgani aniqlangan. Vaholanki, joriy “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 188-bandida yil davomida moddiy madaniy meros obyektlarining davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash, kadastr hujjatlarini tayyorlash va muhofaza belgilarini oʻrnatish ishlarini toʻliq yakunlash belgilangan.

Shuningdek, YUNESKO huzuridagi Umumjahon merosi qoʻmitasi 2016-yil 13-iyuldagi yigʻilishida Shahrisabz tarixiy markazi xavf ostida turgan Umumjahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritildi. Bundan tashqari, Samarqand shahrida oʻtkazilgan tahlil natijalarida shaharning tarixiy qiyofasi va muhitiga salbiy taʼsir etadigan 159 ta koʻp qavatli bino va inshootlar qurilgani aniqlandi.

Yuqoridagilarni inobatga olib Madaniyat vazirligiga zudlik bilan moddiy madaniy meros obyektlari muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlarini koʻrish, sohaga tegishli normativ-huquqiy bazani takomillashtirish tavsiya qilingandi.

“Moddiy madaniy meros obyektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ayni shu maqsadlarda ishlab chiqildi. Unga koʻra, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish hamda davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish boʻyicha javobgarlikni kuchaytirish, Madaniy meros departamentining mansabdor shaxslariga maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish vakolatini berish, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirish faoliyatini litsenziyalash kabi masalalarni qamrab olgan.

Qayd etish kerak, Jinoyat kodeksining 132-moddasida davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini qasddan nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish boʻyicha jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Endilikda esa, ushbu moddaga davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish darajasi va miqdoriga mos ravishda javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Xususan, davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa, eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash belgilandi.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish kiritilib, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti mansabdor shaxslariga maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish vakolati beriladi.

Aksariyat holatlarda Madaniy meros departamentiga ajratilgan mablagʻlar yetarli emasligi sababli ular tomonidan muhim masalalar sudgacha olib chiqilishida jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda.

Shuning uchun Madaniy meros departamenti hamda uning hududiy boshqarmalari – moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni koʻzlab qilingan daʼvolar hamda fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarga beriladigan arizalar yuzasidan davlat bojidan ozod qilish taklif qilindi.

Senatorlar tomonidan mazkur normalar maʼqullandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?