Davlat muassasalarida pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklari tashkil etiladi

12:03 04 Fevral 2019 Jamiyat
298 0

Davlat taʼlim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklari tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi.

“Huquqiy axborot“ kanali xabariga koʻra, Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 fevraldan boshlab:

jismoniy tarbiya soatlaridan boʻsh vaqtlarida sport inshootlarida trenerlar tomonidan aholiga, shu jumladan, oʻquvchi-yoshlar va talabalarga koʻrsatiladigan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport xizmatlari pullik asosda amalga oshiriladi;

davlat taʼlim muassasalarining sport inshootlarida trenerlar tomonidan koʻrsatilgan pullik xizmatlar uchun tushgan toʻlovning 20 foizi kommunal xizmatlar xarajatlariga yoʻnaltiriladi, qolgan qismi davlat taʼlim muassasasi va trenerlar oʻrtasida teng miqdorda taqsimlanadi.

Qaror bilan Davlat taʼlim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat koʻrsatuvchi sport toʻgaraklari tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, shugʻullanuvchilar tomonidan sport toʻgaraklariga qatnashish uchun taʼlim muassasasi rahbariga ariza va boshqa tegishli hujjatlar taqdim etiladi.

Arizalarni koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruh tuziladi va ular tomonidan shugʻullanuvchilarning layoqati aniqlanadi.

Shunga koʻra, taʼlim muassasasi rahbari va shugʻullanuvchilar oʻrtasida sport toʻgaragiga qatnashish boʻyicha belgilangan tartibda shartnoma tuziladi.

Pullik xizmat koʻrsatganlik uchun toʻlov miqdori trener tomonidan taʼlim muassasasi rahbariyati bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Toʻlovlar har oyda kelgusi oyning 10-sanasidan kechikmasdan amalga oshiriladi.

Kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan shugʻullanuvchilar pullik xizmat koʻrsatilganligi uchun belgilangan toʻlovlarni imtiyozli ravishda 50 foiz miqdorida amalga oshiradi. Bunda oilaning kam taʼminlanganligi toʻgʻrisida mahalla tomonidan beriladigan maʼlumotnoma taʼlim muassasasi rahbariga taqdim etiladi.

Bir oiladan ikki yoki undan ortiq farzand ishtirok etgan taqdirda, pullik xizmat koʻrsatilganligi uchun belgilangan toʻlovlarni imtiyozli ravishda har biri uchun 70 foiz miqdorida amalga oshiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?