Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida

15:14 18 Fevral 2019 Hujjatlar
756 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini roʻyobga chiqarish, shuningdek, aholining hayot darajasini oshirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni rivojlantirish maqsadida davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini sifat jihatidan yangi darajaga oʻtkazish jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda.

Qisqa vaqt oraligʻida “yagona darcha” tamoyili boʻyicha koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari soni 100 ta xizmatdan ortdi, xizmatdan foydalanish uchun murojaat qilayotgan fuqarolar soni esa 50 barobarga oshdi. Bunda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari koʻrsatkichi qoʻshimcha davlat xizmatlari joriy etilishi munosabati bilan yana ikki barobar ortishi kutilmoqda.

Biznes yuritishda ortiqcha byurokratik jarayonlarni tubdan qisqartirish va davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada rivojlantirish maqsadida:

1. 2019-yil 1-iyundan boshlab shunday tartib belgilansinki, unga koʻra:

jismoniy va yuridik shaxslar davlat xizmatlari markazlarida (keyingi oʻrinlarda — Markazlar) fuqarolar doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan va yuridik shaxslar pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qatʼiy nazar, davlat xizmatlarini eksterritorial tamoyil boʻyicha olishga haqli;

davlat xizmatlarini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — Yagona portal) orqali murojaat etganda davlat boji, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar Markazlar orqali yoki bevosita xizmat koʻrsatuvchi organlarga murojaat etganda toʻlanadigan summadan 90 foiz miqdorida toʻlanadi;

Yagona portal orqali koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari uchun davlat bojlari va yigʻimlarning Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) byudjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladigan qismi 20 foizdan 10 foizga kamaytiriladi va boʻshaydigan mablagʻlar qolgan oluvchilar orasida mutanosib ravishda taqsimlanadi;

davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va tashkilotlar davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda belgilanadigan roʻyxat boʻyicha maʼlumotlarni oʻzlarining maʼlumotlar bazalariga va axborot tizimlariga elektron koʻrinishda elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish uchun kiritib boradilar.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, davlat xizmatlari koʻrsatuvchi boshqa idora va tashkilotlar axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda oʻzlarining idoraviy axborot tizimlarida, resurslarida va maʼlumotlar bazalarida mavjud va davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan axborot va maʼlumotlar “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga taqdim etilishini hamda Agentlikka zarur axborot va maʼlumotlardan foydalanish imkonini taʼminlasin.

3. Quyidagilar:

Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillarining 2019-yil 1-apreldan boshlab bekor qilinadigan ayrim turlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

Davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini belgilovchi normalari mavjud idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni yuqoriroq yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlagan holda qayta koʻrib chiqish jadvali (keyingi oʻrinlarda — Jadval) 2-ilovaga muvofiq;

Davlat xizmatlarini optimallashtirish, davlat xizmatlari koʻrsatilishi uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarning elektron bazalarini shakllantirish hamda idoraviy axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini “Elektron hukumat” tizimiga integratsiya qilish boʻyicha tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Vazirlik va idoralar idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar Jadvalga muvofiq qayta koʻrib chiqilishini:

Agentlik, Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi va boshqa manfaatdor idoralar xodimlarini jalb qilgan holda ishchi guruhlar tuzish;

aniq bir turdagi davlat xizmatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani yalpi xatlovdan oʻtkazish;

davlat xizmatlarini optimallashtirish, asossiz cheklovlar, ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillar va eskirgan tartibga solish mexanizmlarini bartaraf etish;

qonun hujjatlarini qisqartirish, normalarning koʻpligini bartaraf etish va ularni yagona normativ-huquqiy hujjatga birlashtirish orqali normalarni tizimlashtirish;

davlat xizmatlari koʻrsatish tartiblarini Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi qonuniga moslashtirish;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan muddatlarda kiritish orqali taʼminlasin.

5. Mazkur qarorning 3-ilovasida koʻrsatilgan vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga Tadbirlar rejasining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

6. 2019-yil 1-avgustdan boshlab davlat xizmatlari koʻrsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnomalar, soliq toʻlovchining hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisida guvohnomalar, toʻlangan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining ushlab qolingan summalari toʻgʻrisida maʼlumotnomalar talab qilinishi taqiqlansin.

Belgilansinki, davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar mazkur bandda nazarda tutilgan hujjatlarni davlat soliq xizmati organlari, ATB “Xalq banki”, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasidan elektron oʻzaro hamkorlik orqali faqat idoralararo integratsiyalashuv platformasiga axborot olish uchun ulanish yoʻli bilan mustaqil ravishda soʻraydilar va oladilar;

Davlat soliq qoʻmitasi, ATB “Xalq banki”, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi 2019-yil 1-iyulga qadar davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonida foydalaniladigan axborot tizimlarini takomillashtirsin hamda mazkur bandda nazarda tutilgan axborot va hujjatlarni faqat idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etsin.

7. Agentlikka Markazlar orqali davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatish (yetkazib berish) boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan tariflar asosida pullik ekspress-xizmatlar koʻrsatish huquqi berilsin. Bunda nogironligi boʻlgan shaxslar va borish qiyin boʻlgan tumanlar aholisiga ekspress-xizmatlar tekin koʻrsatilishi nazarda tutilsin.

8. Davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga:

faqat Markazlar orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini joriy etish boʻyicha tadbirlarni oʻz vaqtida bajarish;

davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonida foydalaniladigan axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarining serverlarida profilaktika ishlarini ish vaqtidan tashqarida olib borish;

davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonida foydalaniladigan oʻzlarining axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalaridagi nosozliklar haqida Agentlikni xabardor qilish, shuningdek, ularni zudlik bilan tuzatish choralarini koʻrish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

9. Agentlikka xoʻjalik boshqaruvi organlari, uy-joy kommunal va foydalanish xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan turli xizmatlar koʻrsatilishi sifati ustidan, jumladan, xizmat koʻrsatish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va fuqarolar uchun boshqa qulayliklar yaratish yuzasidan monitoring olib borish vakolati berilsin.

Agentlikka:

xoʻjalik boshqaruvi organlariga, uy-joy kommunal va foydalanish xoʻjaligi tashkilotlariga aniqlangan qonunbuzilishlari va kamchiliklarni, ularning yoʻl qoʻyilishiga olib kelgan sabablar va sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha taqdimnomalar kiritish;

davlat xizmatlari koʻrsatish talablari va tartibini buzganlik uchun aybdor boʻlgan mansabdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish huquqi berilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda davlat xizmatlari koʻrsatishda Markazlar xodimlari tomonidan arizachilardan naqd va naqdsiz pul qabul qilish mexanizmini joriy etsin;

bir oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda davlat xizmatlarini tezlashtirilgan tartibda oshirilgan tariflar boʻyicha koʻrsatish tartibini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;

uch oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida samaradorlik va natijadorlikning asosiy koʻrsatkichlari (KPI) (koʻrsatilgan xizmatlarning miqdori va sifati, xizmat koʻrsatish tezligi, xodimning xushmuomalaligi va malakaliligi, murojaatchilarning fikrlari va boshqalar) hamda ularning faoliyatini baholash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

uch oy muddatda Agentlikning “Call service” orqali davlat xizmatlari koʻrsatish mexanizmini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqsin va qabul qilsin;

manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-mayga qadar “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimining blokcheyn texnologiyasidan foydalanish asosida, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida joriy etilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda yuqori sinflar uchun “Informatika va axborot texnologiyalari” fanining oʻquv dasturiga “Elektron hukumat” tizimi xizmatlaridan foydalanish, talab eng yuqori boʻlgan davlat xizmatlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan, Yagona portaldan foydalangan holda olish koʻnikmalariga oʻrgatishga bagʻishlangan maxsus boʻlim kiritsin.

12. Iqtisodiy rivojlanish darajasi ortda qolayotgan tumanlar hamda chekka hududlarga salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ–3701-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlari binolarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori doirasida qoʻshimcha obyektlarni qurish uchun investorlarga barcha imtiyoz va afzalliklar saqlab qolingan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun hudud miqyosidagi boshqa tuman (shahar)dan yer uchastkalarini ajratishga ruxsat berilsin.

13. Davlat xizmatlari markazlari binolarini qurish Reja-jadvali 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga Reja-jadvalni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

Agentlik Reja-jadvalning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli monitoringni oʻrnatsin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga uning ijro etilishi toʻgʻrisida har chorakda axborot kiritsin.

14. 2021-yil 30-noyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Agentlik tomonidan Markazlar, notariuslar va FHDYO arxivlarini jihozlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan server va kompyuter uskunalari, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, dasturiy taʼminot, asboblar va qurilmalar, boshqa uskunalar bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T. A. Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti     Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019-yil 15-fevral


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?