Davlat xizmatchilarining sovgʻa olish va berish tartibini belgilovchi qonun ishlab chiqilmoqda

13:54 13 Oktyabr 2020 Siyosat
336 0

Oʻzbekistonda davlat xizmatchilari tomonidan mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish, manfaatlar toʻqnashuvini yuzaga keltirish, poraxoʻrlik va boshqa korrupsiogen jinoyatlarni sodir etish holatlari uchramoqda. Shuningdek, davlat xizmatchilari (yoki uning yaqin qarindoshlari)ning korrupsiya bilan bogʻliq boʻlmagan, biroq davlat xizmati obroʻsiga putur yetkazuvchi xatti-harakatlari ham aniqlanib, keng jamoatchilikning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maʼlum qilishicha, shu kabi holatlarga yoʻl qoʻymaslik, davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish va sohaga ilgʻor xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan qonunchilikka qator yangi mexanizm va normalarni kiritish taklif etildi.

Jumladan, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish ishlarini yakunlash va uni qisqa muddatda Parlamentga kiritish belgilandi. Mazkur qonun bilan “sovgʻa” tushunchasiga aniqlik kiritilib, davlat xizmatchilari tomonidan sovgʻa olish va berish tartibini belgilovchi “Sovgʻa siyosati” deb nomlangan alohida bob bilan toʻldiriladi.

Bundan tashqari, davlat organlarida korrupsiya holatlari va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida qonun bilan tartibga solinadigan Davlat xizmatchilarining odob-ahloq kodeksi ishlab chiqiladi va unda davlat xizmatchilari uchun cheklovlarning aniq roʻyxati belgilanadi.

Yana bir muhim oʻzgarish — Oʻzbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonuni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida xabar bergan fuqaroning himoyasi kafolatlanib, uning shaxsi sir saqlanishi toʻgʻrisidagi norma bilan toʻldiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?