Davlat xaridlarining shaffof tizimi

10:07 20 Aprel 2018 Iqtisodiyot
463 0
Foto: uzex.uz

Ma’lumki, Davlat byudjeti xarajatlarining asosiy qismi davlat xaridlari orqali amalga oshiriladi. Mazkur jarayonning ochiq, shaffof, adolatli va albatta, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymagan holda o‘tkazilishi byudjet mablag‘larining oqilona sarflanishiga xizmat qiladi. Bunda, eng avvalo, huquqiy asosning to‘liqligi muhim ahamiyat kasb etishi tabiiy. Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mamlakatimizda davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha mavjud normativ-huquqiy bazani yagona hujjat doirasida umumlashtiradi, uni tizimli ravishda tartibga soladi.

Ta’kidlash joizki, amaldagi me’yoriy hujjatlarda huquqiy asos aniq, uyg‘un, to‘liq ifodalanmagani yoki muvofiqlashtirilmagani, ko‘pgina qarama-qarshiliklar borligi ko‘zga tashlanadi. Davlat xaridlariga doir qonunchilikdagi bu kabi kamchiliklar natijasida tizimda davlat xaridlarining tejamliligi, samaradorligi hamda shaffofligi, insofli yetkazib beruvchilar uchun davlat xaridlari bozorining jozibadorligi va raqobatliligi ta’minlanmagan, barcha ishtirokchiga nisbatan teng hamda xolisona munosabatda bo‘linmagan.

Shu o‘rinda Qonun qabul qilinishi bilan jamiyatda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, degan haqli savol tug‘iladi.

Avvalambor, davlat xaridlarini amalga oshirish jarayoni yagona huquqiy hujjat — qonun asosida tartibga solinishi davlat xaridlari ishtirokchilarining ishonchini mustahkamlaydi. Shuningdek, ushbu sohada maxsus vakolatli organni belgilash orqali davlat xaridlarini ro‘yobga chiqarish jarayonini to‘liq nazorat etish, tahlil qilish va takomillashtirish imkoniyati yaratiladi.

Qonunda byudjet mablag‘larining maqsadli hamda to‘g‘ri sarflanishini nazorat etish, davlat xaridlari ishtirokchilariga qulay sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ qilib belgilandi va unga bu borada qator vakolatlar taqdim etildi.

Mazkur hujjatda davlat buyurtmachilari ikki turga bo‘linib, ularning tushunchasi ochib berilgan. Bular byudjet buyurtmachilari hamda korporativ buyurtmachilardir. Birinchisining tarkibiga davlat organlari, byudjet tashkilotlari, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun yuboriladigan byudjet mablag‘larini oluvchilar, korporativ buyurtmachilar tarkibiga esa davlat korxonalari, ustav fondida 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ta’sischilar tarkibida ustav fondi 50 foiz hamda undan ortiq qismini tashkil qiluvchi yuridik shaxslarning davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq qismi tashkil etgan yuridik shaxslar kiritilgan.

Bundan tashqari, Qonunda davlat xaridlarini rejalashtirish, uning tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish hamda ijro qilish, davlat xaridlari monitoringi kabi bosqichlarining mazmun-mohiyati ochib berilgan.

Ushbu Qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash uchun havolaki normalardan foydalanmaslik maqsadida elektron do‘kon, tanlov, tender va auksion o‘tkazishning tartib-taomillari belgilab berilgan.

Aytish mumkinki, mazkur hujjatning hayotga tatbiq etilishi bilan davlat xaridlarining o‘ziga xos tizimini yaratishga erishiladi. Uning qoidalari byudjet mablag‘lari hamda boshqa markazlashgan manbalar, shuningdek, hukumat kafolati bilan kredit resurslaridan maksimal darajada samarali foydalanishga olib keladi. Davlat sektori oqilona muddatlarda kerakli miqdorda zarur tovar, ishlar hamda xizmatlar bilan ta’minlanadi. Davlat xaridlarini raqobat asosida amalga oshirishning ochiq va shaffof mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu jarayonda tadbirkorlik sub’ektlariga keng yo‘l ochilib, korrupsiyaning oldini olish imkoniyati yaratiladi.

Shuhrat TO‘XTABOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?