Davlat xaridlarida korrupsiyaga yo’l qo’yilmaydi

13:31 26 Aprel 2018 Iqtisodiyot
476 0
Foto: uzex.uz

Ayni paytda “Davlat xaridlari to’g’risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati aholi, shu jumladan, tadbirkorlar o’rtasida keng tushuntirilmoqda, ommaviy axborot vositalarida izchil yoritilayapti.

Aytish joizki, bu sa’y-harakatlar mazkur hujjatning hayotga samarali tatbiq etilishini ta’minlash barobarida, tadbirkorlik sub’ektlarining yanada faol ish olib borishlariga qulay shart-sharoit yaratishni kafolatlaydi. Xo’sh, davlat xaridlarining o’zi nima? Yaqinda kuchga kirgan Qonunning asosiy yangiliklari nimalardan iborat?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo’mitasi tomonidan o’tkazilgan seminarda ushbu hujjatning ahamiyatiga e’tibor qaratilib, soha mutaxassislari yuqoridagi savollarga javob qaytardilar.

— Qonun qabul qilinishidan avval mazkur soha 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan, bunda davlat xaridlarining yaxlit tizimi mavjud emasligi natijasida huquqiy kolliziyalar vujudga kelgan. Ko’p bosqichli kelishishlar hamda takrorlovchi tartib-taomillar korrupsiyaga sharoit yaratgan va ko’p vaqt yo’qotishga sabab bo’lgan, — deydi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bo’lim boshlig’i Abror Gadoyev. — Prezidentimiz tomonidan shu yil 9 aprelda imzolangan Qonun davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, davlat xaridlari ochiqligi hamda shaffofligini ta’minlashga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatli bo’ldi, desak, aslo yanglishmaymiz.

Ayni paytda Qonun ijrosi doirasida vakolatli organ tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, maxsus axborot portali belgilab olindi. Bugungi kunda barcha davlat xaridlari ishtirokchilari va buyurtmachilari xarid.uz saytiga kirib, mazkur portal to’g’risida ma’lumotlarga ega bo’lishlari, unda ro’yxatdan o’tib, xaridlarda qatnashishlari mumkin. Bunda, eng avvalo, byudjet tashkilotlarining ham, korporativ tashkilotlar, shu jumladan, tovar etkazib beruvchilarning ham elektron raqamli imzodan foydalanishi talab etiladi. 

Elektron raqamli imzolarsiz davlat xaridlari, ya’ni elektron xaridlarida qatnashish imkoniyati cheklangan. Shu bilan birga, Qonunda sakkizta muhim printsip belgilab berildi. Bularning eng asosiysi, davlat xaridlarida raqobat hamda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish hisoblanadi. 

Bundan anglashiladiki, davlat xaridlarida korrupsiyaga yo’l qo’yib bo’lmaydi. Ushbu Qonun O’zbekistonning xalqaro reytingda biznes ko’rsatkichlari bo’yicha natijalari yuqori bo’lishini ta’minlaydi. Bu esa mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, mazkur jarayonga xorijlik investorlarni keng jalb qilishga imkon yaratadi.

Tadbirda Qonunning asosiy tushunchalari, davlat xaridlarining printsiplari, uning sub’ektlari, elektron do’kon, undan foydalanish tartibi kabi qoidalar haqida batafsil tushuntirish berildi. Ayni chog’da undagi ba’zi normalar ishtirokchilarning qizg’in muhokamasiga sabab bo’ldi.

— Qonun xaridlarning besh tartib-taomilini belgilaydi, undan ikkitasi davlat xaridi bo’yicha qaror qabul qilishda inson omilini butkul inkor etadi, qolgan xarid tartib-taomillari shaffofligi maxsus axborot portalida zarur ma’lumotlar chop qilish yo’li bilan ta’minlanadi, — deydi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi davlat xaridlarini nazorat qilish boshqarmasi mutaxassisi Muzaffar Ziyoqulov. — Qonunda bizning agentlik vakolatli organ sifatida belgilandi. Ilgari davlat xaridlari sohasida vakolatli organ mavjud emas edi. Bu ham asosiy yangiliklardan biri hisoblanadi. Seminarda ushbu hujjatning mazmun-mohiyati keng tushuntirilgan holda, tadbirkorlarning savollariga mufassal javoblar qaytarildi, ishtirokchilarning ayrim e’tirozlari muhokama etildi. Albatta, o’rtaga tashlangan fikr-mulohazalar Qonun targ’ibotini yanada kuchaytirishni taqozo qiladi. Bu mazkur hujjatning hayotga samarali qo’llanilishini ta’minlaydi.

Ziyoda ASHUROVA,
«Xalq so’zi» muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?