Davlat xaridlari: oldin qanday edi, keyin qanday bo‘ldi?

16:10 04 Iyun 2018 Iqtisodiyot
278 0

Tadbirkorlik, ishbilarmonlik xalqimiz hayotida azaldan muhim o‘rin tutib, uning o‘ziga xos an’analari asrab-avaylangan, bunday fazilatga ega kishilar qadrlangan. Buni buyuk Amir Temurning “Azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz va loqayd kishidan afzaldir”, degan fikri ham tasdiqlaydi.

Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hayotga tatbiq etilgani buyuk sarkardaning mazkur ulug‘ so‘zlari dolzarbligini yanada oshirdi. Zero, shu asosda qator tashabbuslar hayotga tatbiq etilmoqda, muhim hujjatlar qabul qilinayapti. Binobarin, tadbirkorlik va ishbilarmonlik sohasiga mutlaqo yangi muhit, yangi nafas va yangicha qarashlar kirib kelayapti, mavjud g‘ov va to‘siqlar olib tashlanayotir.

Joriy yil 9 aprelda qabul qilingan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun ham bu borada nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, u davlat xaridlariningasoslanganligi, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi, ochiqligi va shaffofligi, tortishuvga asoslanganligi, xolisligi, mutanosibligi, yagonaligi va yaxlitligi, korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlaydi. Pirovardida sohada tadbirkorlarning sog‘lom raqobatini mustahkamlaydi, davlat byudjeti, markazlashtirilgan manbalar va davlat ulushiga ega bo‘lgan korxonalar mablag‘laridan samarali foydalanishga imkon yaratadi.

Vaholonki, mazkur Qonun qabul qilinishidan avval mazkur soha 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinar edi. Bunda davlat xaridlarining yaxlit tizimi mavjud emas edi. Oqibatda turli tushunmovchiliklar, huquqiy qarama-qarshiliklar vujudga kelgandi. Ko‘p bosqichli kelishuvlar va takrorlovchi tartib-taomillar esa korrupsiyaga sharoit yaratib, ko‘p vaqt yo‘qotilishiga sabab bo‘lardi.

Yangi Qonunni ishlab chiqishda esa davlat xaridlarini amalga oshirishning amaldagi tajribasi qatorida xalqaro tajriba chuqur o‘rganildi. Xususan, BMTning Xalqaro savdo huquqi bo‘yicha Komissiyasining (YUNSITRAL) model qonunchiligining asosiy qoidalari, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlar qonunchiligi ko‘rib chiqildi. Xalqaro tashkilotlar, moliya muassasalari, ekspert va biznes-hamjamiyati, vazirlik va idoralar vakillari bilan muhokamalar o‘tkazildi.

Pirovardida bugungi kun talablariga to‘liq javob beradigan huquqiy hujjat yaratildi va barcha bosqichlarda har tomonlama mukammallashtirilib, amaliyotga joriy etildi.

Zotan, ushbu Qonun bilan davlat xaridi jarayonida ochiqlik va oshkoralik prinsipi qaror topdi. Barcha ma’lumotlarni maxsus portalda e’lon qilish amaliyoti yaratildi. Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Moliya vazirligi tomonidan xarid qilish tartib-taomillari ustidan monitoring, davlat nazorati o‘rnatilgan bo‘lsa, fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNT va OAV tomonidan jamoatchilik nazorati ham yo‘lga qo‘yildi.

Ko‘rinib turibdiki, davlat xaridlarining iqtisodiyotdagi o‘ziga xos o‘rni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda ushbu tizimni joriy etishga mamlakatimizda kechayotgan islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi sifatida katta e’tibor berilayapti.

Xo‘sh, Qonunda yana qanday yangiliklar o‘rin oldi?

Masalan, unda davlat buyurtmachisining ikkita yangi kategoriyalari – “byudjet” va “korporativ” buyurtmachilari belgilandi. Bu borada vakolatli organ sifatida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi belgilandi. Vaholonki, ilgari davlat xaridlari sohasida vakolatli organ mavjud emas edi. Bundan tashqari, aytib o‘tganimizdek, davlat xaridlarining barcha turlari uchun maxsus axborot portali joriy etildi, elektron do‘kon va auksionda g‘olibni aniqlash avtomatik tarzda elektron tizim orqali amalga oshiriladigan bo‘ldi. Maxsus talablar tatbiq etilmaydigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) esa elektron do‘kon orqali xarid etilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Byudjet buyurtmachilari uchun25 eng kam ish haqi(EKIH), yiliga 2500 EKIHdan ortiq bo‘lmagan holda, korporativ buyurmachilar uchun 250 EKIHdan ortiq bo‘lmagan limitlar o‘rnatildi. Avvallari esa elektron savdo orqali birjada faqat 10 – 13 tovar, ish, xizmatlar guruhi ro‘yxatiga kirgan, 100 ming AQSH dollari qiymatigacha bo‘lgan faqat birinchi darajada zarur bo‘lgan tovarlar xarid qilinardi.

Tanlov esa savdolari o‘rnatilgan mezonlarga javob beradigan tovar (ishlar, xizmatlar)ning barcha turlariga tatbiq etildi. Ilgari esa tanlov savdolarini o‘tkazish mexanizmi faqat kapital qurilish sohasida amal qilar edi.

Ayni chog‘da tender tanlovlari uchun byudjet buyurtmachilari uchun6000 EKIHdan yuqori, korporativ buyurtmachilar uchun esa 25000 EKIH dan yuqori bo‘lgan so‘m limitlari o‘rnatildi. Oldinlari tender savdolari 100 ming AQSH dollaridan yuqori bo‘lgan summada o‘tkazilardi. Va mazkur jarayonlar, chunonchi, xarid qilish tartib-taomillari ustidan monitoring va nazorat tartibga solindi.

Xulosa o‘rnida aytganda, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni milliy iqtisodiyotda sog‘lom raqobat muhitini yanada rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xaridlariga teng erkinlik yaratish,davlat sektorini optimal muddatlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar) bilan samarali va oqilona ta’minlashga xizmat qiladi hamda mamlakatda qulay investitsion muhitni shakllantirish jarayonini davom ettiradi, xalqaro reytinglarda O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini tubdan yaxshilashda muhim omilga aylanadi.

O‘tkirbek Davletov,
O‘zbekiston RespublikasiMilliy gvardiyasi
Harbiy texnik instituti
katta o‘qituvchisi, mayor.
Ali Zurapov,
mazkur institut katta o‘qituvchisi, mayor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?