Davlat xaridlari bo‘yicha yagona axborot portalida 12,5 milliard so‘mlik shartnomalar tuzildi

15:35 20 Iyun 2018 Iqtisodiyot
450 0
Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Davlat xaridlari bo‘yicha yagona axborot portali — xarid.uzning qariyb bir oylik faoliyati davomida umumiy qiymati 12,5 milliard so‘mlik 5 mingdan ziyod shartnomalar tuzildi.

Bu haqda Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan anjumanda ma’lumot berildi, deya xabar bermoqda “Xalq so‘zi” muxbiri Said Rahmonov.

— Elektron tijoratning B2G modeli hisoblanmish mazkur portalda ikkita savdo turi mavjud, —deydi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq mazkur portalning operatori etib tayinlangan “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatiElektron tijorat va xaridlarni tashkillashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Zilola Sheraliyeva. — Bular narxlar pasayishga yo‘naltirilgan auksion savdolar va elektron do‘kondir. Ayni paytda elektron auksionda 7 mingdan ortiq davlat buyurtmalari, elektron do‘konda esa qariyb 16 mingta tovar va xizmatlar joylashtirilgan bo‘lib, tuzilayotgan shartnomlar kun sayin ko‘paymoqda. Chunki ushbu savdo maydonchasi ishtirok etish uchun juda qulay. Buning uchun buyurtmachilar hamda yetkazib beruvchilar birjaning rasmiy vebsaytida ro‘yxatdan o‘tib, xarid boshlang‘ich narxining 3 foizi miqdorida zakalat, komission yig‘imlarni qoplash uchun esa shartnoma narxining 0,15 foizi miqdoridagi mablag‘ni garov sifatida kiritadilar, xolos.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Aytish joizki, xarid.uz elektron tizimi ishga tushgani hal ko‘p bo‘lmasa-da, tobora ommalashmoqda. Bugungi kunga qadar 30 mingdan ziyod byudjet tashkilotlari, 1,5 mingdan ko‘proq korporativ buyurtmachilar, qolaversa, asosiy qismi tadbirkorlik subyektlaridan iborat 9 mingga yaqin yetkazib beruvchilar ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Elektron do‘konda byudjet va korporativ buyurtmachilar talabgorning takliflari orasidan zarur lotni tanlab, narx so‘rash mexanizmini faollashtiradi. Keyingi 48 soat mobaynida yetkazib beruvchilar xuddi shunday tovarga o‘z narx takliflarini tizimga kiritadilar. Savdo g‘olibi esa elektron tizimga kiritilgan narx takliflarini solishtirgan holda, avtomatik rejimda aniqlanadi. Elektron auksion esa 10 kun ichida amalga oshiriladi. Unda kamida ikki nomzod ishtirok etgan taqdirda o‘tkazilgan, deb hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?