Davlat xaridi bo‘yicha qaror qabul qilishda inson omili kamayadi

10:25 12 Aprel 2018 Siyosat
672 0

Kuni kecha kuchga kirgan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun, ekspertlarning fikricha, mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish borasida olib borilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Darhaqiqat, bozor infratuzilmasi taraqqiy topgan mamlakatlar tajribasidan ayonki, davlat xaridlari tizimi har qanday mamlakat ichida ma’lum turdagi tovarlar va xizmatlar ayirboshlash sohasining ajralmas qismi, xo‘jalik yuritishning liberal boshqaruv turi hamda raqobatni rivojlantirishning muhim mexanizmi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligidan ma’lum qilishlaricha, Qonun davlat xaridlari ochiqligini va shaffofligini hamda bu sohada tadbirkorlarning raqobat kurashini ta’minlaydi, Davlat byudjeti, markazlashtirilgan manbalar va davlat ulushiga ega bo‘lgan korxonalar mablag‘laridan samarali foydalanishga imkon yaratadi. Darvoqe, mazkur agentlik Qonun bilan davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ sifatida belgilandi. Ilgari davlat xaridlari sohasida vakolatli organ mavjud emas edi.

Qonun xaridlarning besh tartib-taomilini belgilaydi, undan ikkitasi davlat xaridi bo‘yicha qaror qabul qilishda inson omilini butkul inkor etadi. Qolgan xarid tartib-taomillari shaffofligi maxsus axborot portalida zarur axborot chop qilish yo‘li bilan ta’minlanadi. Binobarin, Prezidentimiz parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida yaqin kelajakda barcha davlat xaridlarini amalga oshirish hamda davlat mulkini sotish uchun internet tarmog‘ida yagona maydon tashkil etish lozimligini alohida ta’kidlagan edi. Bu byudjet xarajatlarini qisqartirish, davlat mulkini samarali boshqarish va katta moliyaviy mablag‘larni iqtisod qilish imkonini beradi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Qonun qabul qilinishidan avval mazkur soha 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan. Bunda davlat xaridlarining yaxlit tizimi mavjud bo‘lmagan, oqibatda huquqiy kolliziyalar vujudga kelgan. Ko‘p bosqichli kelishishlar hamda takrorlovchi tartib-taomillar korrupsiyaga sharoit yaratgan va ko‘p vaqt yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Erkin Xolbo‘tayevning qayd etishicha, qonun loyihasi davlat xaridlarini amalga oshirishning milliy hamda xalqaro tajribani, shu jumladan, BMTning Xalqaro savdo huquqi bo‘yicha komissiyasining model qonunchiligi asosiy qoidalarini, Yevropa ittifoqi, AQSh, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlar qonunchiligini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida ekspertlar hamjamiyati bilan maslahatlar olib borildi. 

Muhokamalar jarayonida hujjatning amaliy ahamiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Korrupsiyaga qarshi kurashishga yo‘naltirilganlik, davlat xaridlari bozorida tadbirkorlik sub’ektlarining halol raqobatli kurashi uchun sharoitlar yaratish, ushbu sohada davlat hamda jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini ta’minlash maqsadida davlat xaridlarini elektron shaklga o‘tkazish uning asosiy jihatlaridan, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Xo‘sh, Qonunning asosiy yangiliklari nimalardan iborat?
Avvalambor, davlat buyurtmachisining ikkita yangi toifasi, ya’ni “byudjet” va “korporativ” buyurtmachilar kiritildi. Yuqorida ta’kidlanganidek, davlat xaridlarining barcha turi uchun maxsus axborot portali joriy qilinmoqda. Elektron do‘kon hamda auksionda g‘olibni aniqlash avtomatik tarzda elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

Qonunga ko‘ra, maxsus talablar tatbiq etilmaydigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) elektron do‘kon orqali xarid qilinadi. Bunda byudjet buyurtmachilari uchun eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida, yiliga esa 2500 baravardan ortiq bo‘lmagan holda, korporativ buyurtmachilar uchun eng kam ish haqining 250 baravaridan ortiq bo‘lmagan cheklovlar o‘rnatildi. Ilgari elektron savdo orqali birjada faqat 10 — 13 tovar, ish, xizmatlar guruhi ro‘yxatiga kiritilgan hamda 100 ming AQSh dollari qiymatigacha bo‘lgan miqdorda, faqat birinchi darajada zarur bo‘lgan tovarlar xarid qilingan.
Tanlov savdolari o‘rnatilgan mezonlarga javob beradigan tovar (ishlar, xizmatlar)ning barcha turiga tatbiq etiladi. Bungacha tanlov savdolarini o‘tkazish mexanizmi faqat kapital qurilish sohasida amal qilar edi. Qonunda, shuningdek, yana bir qator yangiliklar o‘rin olgan.

Umuman, Qonunning hayotga izchil tatbiq qilinishi sog‘lom raqobat muhitini yanada rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun davlat xaridlariga teng erkinlik yaratish, davlat sektorini maqbul muddatlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar) bilan samarali va oqilona ta’minlashga xizmat qiladi hamda mamlakatda qulay investitsiyaviy muhitni shakllantirish, xalqaro reytinglarda yurtimiz ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash imkonini beradi.
Q. XIDIROV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?