Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini ragʻbatlantirish miqdori oshadi

00:13 13 Mart 2019 Jamiyat
435 0

Illyustrativ foto

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 mart kuni imzolangan 207-sonli qaroriga binoan, ichki ishlar organlari xodimlarini ragʻbatlantirishga doir ayrim qarorlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Bu haqda Oʻzbekiston Adliya vazirligining “Telegramm” ijtimoiy tarmogʻidagi “Huquqiy axborot” rasmiy kanalida xabar berildi.

Unga koʻra, yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalar summasining 45 foizi Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmalariga yoʻnaltiriladi. Ilgari bu qiymat jarimalarning 55 foizini tashkil qilgan.

Jarimalar summasining 10 foizi esa Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.

Qonunchilikka muvofiq, qoniqarsiz faoliyat yuritayotgan profilaktika inspektorlari va tezkor xodimlardan lavozim maoshining 50 foizgacha jarima solinadi.

Kiritilgan qoʻshimchalar bilan mazkur jarima mablagʻlari Ichki ishlar vazirligi ixtiyorida qoldirilishi belgilandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?