Davlat ilmiy tashkilotlarining ilmiy faoliyat yurituvchilariga qanday imkoniyatlar yaratildi?

14:41 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
313 0

Xabaringiz bor, Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan maʼqullangan edi. 2019-yil 29-oktyabr kuni davlatimiz rahbari mazkur Qonunni imzoladi.

Qonunda ilmiy faoliyat subyektlari doirasi, ularning huquq va majburiyatlari, oliy taʼlim muassasalarida ilmiy faoliyat yuritish tartibi ochib berilgan. Jumladan, oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayoni bilan birga ilmiy faoliyat ham yuritiladi va ushbu muassasalarning pedagog kadrlari tegishli yoʻnalishlarda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishlari shart.

Bundan tashqari, Qonunda quyidagilar belgilangan:

* bazaviy moliyalashtirish;

* ilmiy loyihalarni moliyalashtirish;

* stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturani moliyalashtirish;

* noyob ilmiy obyektlarni saqlashni moliyalashtirish;

* ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlarini moliyalashtirish yoʻnalishlarida amalga oshiriladi.

Yana bir jihat, Qonunda ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida xalqaro hamkorlik qilish masalalari tartibga solingan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida xalqaro hamkorligi milliy ilmiy maktablarning jahon miqyosida oʻz oʻrniga ega boʻlishi, dunyo ilm-fani va texnologiyalari ilgʻor yutuqlaridan milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini yuksaltirishda foydalanish, xorijiy sarmoyalar, chet ellik yetuk ilmiy va texnologiya markazlari, olimlari, mutaxassislarini mamlakatga jalb etish, ilmiy faoliyat yurituvchilarning xorijda tajriba va malaka orttirishlarini taʼminlash maqsadlarida amalga oshiriladi.

Shuningdek, Qonunda ilmiy faoliyat yurituvchi jismoniy shaxslarning mehnat huquqlariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Masalan, davlat ilmiy tashkilotlarning ilmiy faoliyat yurituvchilariga 48 ish kunidan iborat yillik haq toʻlanadigan hamda moddiy yordamni koʻzda tutadigan mehnat taʼtili berilishi belgilab qoʻyilgan.

Muxtasar qilib aytganda, Qonunning qabul qilinishi ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat barcha ishtirokchilarining samarali hamkorligini taʼminlash, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat sohasidagi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy munosabatlarni toʻliq tartibga solishga xizmat qiladi.

Solijon MOʻMINOV,

Oliy Majlis Senati aʼzosi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?