Davlat hamda ixtirochi o‘rtasida muvaffaqiyatli kelishuv

11:37 25 Iyul 2018 Jamiyat
188 0
Illyustrativ foto

Ixtiro qilish, yangilik yaratish inson tabiatiga xos xislat. Bugun dunyoda aynan ilmiy kashfiyotlari sabab mamlakat iqtisodiyotiga katta foyda keltirayotgan firma va kompaniyalar, olimlar juda ko‘p. Inson ilmu salohiyati, tafakkurining mahsuli hisoblangan ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalari juda katta biznes manbai hisoblanadi.

Mamlakatimizda bu soha rivoji davlatning doimiy diqqat markazida bo‘lgan. 2014 — 2018 yillarda Davlat byudjeti mablag‘laridan ilmiy-amaliy va innovatsion ishlanmalarni moliyalashtirish uchun qariyb 800 milliard so‘m ajratilib, ularning natijalariga ko‘ra, 700 dan ortiq ixtirolar patentlashtirildi.

Ammo bu raqamlar bizning olimlarimiz, ilmiy tafakkuri, salohiyati yuksak yoshlarimiz uchun yetarli emas. Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga kirishilgan bugungi shiddatli davr mazkur sohani ham mukammal isloh qilishni taqozo etmoqda. Ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish zarurati yanada dolzarblashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida bu boradagi munosabatlarni bugungi kun talablari asosida zamonaviylashtirish nazarda tutiladi. Hujjatda soha taraqqiyotiga oid bir necha aniq yo‘nalishlar belgilab berilyapti. Respublika iqtisodiyotining raqobatdoshligini oshirish maqsadida ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini jadal va keng joriy etish mo‘ljallanmoqda.

Jumladan, qarorga ko‘ra, davlat-xususiy ilmiy klasterlarini yaratish, ilmiy-texnikaviy tadqiqotlarni respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va mintaqalari ehtiyojlaridan kelib chiqib belgilash taklif etilyapti. Talab va ehtiyojga mos innovatsiyalarni joriy etish yuzasidan ishlar yo‘lga qo‘yiladi.

Ilmiy-texnik ishlanmalar va ixtirolarni tijoratlashtirish uchun grantlar ajratiladi. 2018 yilning 1 oktyabridan boshlab patentlangan intellektual mulk obyektlari mualliflariga qo‘shimcha mukofotlar joriy etiladi.

Ilmiy muassasalar kengashlariga ishlab chiqarish siri (nou-xau) yoki tijorat siri rejimida ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining intellektual natijasini qo‘riqlash to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi

berilyapti.

Shu bilan birga, qarorda ilmiy faoliyat natijalarini xorijiy davlatlarda tijoratlashtirish yuzasidan ham O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga vazifalar yuklandi. Muassasalar tomonidan taqdim etilgan bu turdagi ishlanmalarni xalqaro bozorlarda ilgari surishga diplomatik vositalar orqali ko‘maklashish belgilandi.

Umuman, jarayonni qayta isloh qilish, yangi imtiyoz va rag‘batlar, faoliyatni tijoratlashtirishning zamonaviy mexanizmlari joriy etilishi ixtirochiga nima beradi?

Bu, birinchi navbatda, davlat va ixtirochi o‘rtasida tuzilgan muvaffaqiyatli shartnomadir. Ya’ni davlat uning ixtirosini o‘z himoyasiga oladi. Mahalliy va xorijiy iste’molchilar oldida ixtirochining imidji oshadi. Bozorda raqobatdosh mahsulotlar ko‘payadi. Ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti kuchayadi.

Qarorda belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishi Oliy Majlis Senati a’zolariga ham alohida mas’uliyat yuklaydi. Mamlakatning iqtisodiy barqarorligiga xizmat qiluvchi kelajakning munosib sarmoya manbalarini yaratishga intilishni har jihatdan qo‘llab-quvvatlaymiz. Zero, unda belgilangan chora-tadbirlar hududlarning ilmiy salohiyatini ham yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish munosabatlarida ishtirok etuvchi mutasaddi idoralar faoliyati ustidan ta’sirchan parlament nazoratini muntazam amalga oshirib boramiz. Qolaversa, Davlat byudjeti ijrosini muhokama qilayotganda, ushbu yo‘nalishga ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligi masalasi doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.

Solijon MO‘MINOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?