“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi. U qaysi jihatlari bilan ahamiyatli? — Tahlil

01:27 09 Iyul 2020 Siyosat
641 0

Illyustrativ foto

Hozirgi kunga qadar mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirishda borasida qonunchilik bilan davlat fuqarolik xizmatchilariga belgilangan mezonlar, nomzodlarni ochiq saralab olishda shaffof mexanizmning mavjud emasligi, ularning faoliyatini baholash jarayonlari, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash tartiblari belgilanmagan edi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5843-sonli Farmonida belgilangan davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish boʻyicha konseptual talablar hamda tashkiliy-huquqiy asoslari inobatga olingan holda “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Mazkur qonun bilan nimalar oʻzgaradi...

Ushbu qonun Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari hamda sudyalardan tashqari barcha davlat fuqarolik xizmatchilariga tatbiq etiladi.

Qonun loyihasiga koʻra, davlat xizmatchisi kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini obyektiv va adolatli baholash asosida xizmat pogʻonalari boʻyicha oʻsish (meritokratiya), xizmat yuzasidan rahbariyatga oʻzining shaxsiy fikrini bildirish, oʻzi faoliyat yuritayotgan davlat organi yoki tashkiloti faoliyatini takomillashtirishga oid takliflarni berish, rahbarlar, boshqa mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan shaʼni va qadr-qimmatining hurmat qilinishi va boshqa huquqlarga ega boʻladi.

Davlat fuqarolik xizmatiga kirish ochiq mustaqil tanlov asosida nomzodni davlat lavozimiga tayinlash orqali amalga oshiriladi. Boʻsh davlat lavozimlari toʻgʻrisida axborot “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda davlat fuqarolik xizmati masalalari boʻyicha vakolatli organi rasmiy veb-saytida avtomatik tarzda nashr etiladi, shuningdek davlat organi va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlarda va davriy bosma nashrlarda ham joylashtirilishi mumkin.

Davlat xizmatchisi unga yuklatilgan xizmat vazifalarini vijdonan bajarish, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, davlat fuqarolik xizmatining nufuzini tushirishga olib keluvchi yoki davlat fuqarolik xizmatchisi oʻz xizmat vazifalarini vijdonan bajarishga shubha tugʻdiradigan har qanday harakatlardan oʻzini tiyish, shuningdek, har yili oʻzining daromadlar, mol-mulk va katta miqdordagi xarajatlar toʻgʻrisidagi, shuningdek oila aʼzolarining daromadlar, mol-mulk va katta miqdordagi xarajatlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyasini taqdim qilishga majbur.

Mazkur qonun bilan davlat xizmatchilarining ijtimoiy himoya masalalari ham tartibga solindi. Davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash unifikatsiya qilingan tizim asosida amalga oshiriladi.

Xorij tajribasi...

Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasida davlat fuqarolik xizmatiga oid munosabatlar maxsus qonunlar bilan tartibga solingani oʻrganildi.

Yaponiyada 1950-yilda mahalliy xizmatchilar maqomini belgilovchi “Mahalliy xizmatchilar toʻgʻrisida”gi qonun kuchga kirdi. Davlat xizmati sohasidagi qonunchilikka rioya qilish ustidan nazorat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xodimlar ishi boʻyicha kengashga yuklatilgan. Kengash parlamentga, mahkamaga va ayrim vazirliklarga kadrlar masalasi boʻyicha tavsiyalar beruvchi organ sifatida faoliyat koʻrsatadi.

Davlat xizmatidagi barcha xodimlar ikki asosiy turkumga – “oddiy xizmat” xodimlari va “alohida xizmat” xodimlariga boʻlinadi. Davlat xizmatchilarining asosiy qismi “oddiy xizmat” bilan band, ularga nisbatan lavozimga tayinlashning tanlov tizimi va maoshlarning standart shkalasi qoʻllaniladi. Davlat xizmatchilarining xizmat maqomi ularning oʻz darajalariga mos ravishda egallab turgan lavozimlari bilan belgilanadi. Mavjud sakkiz darajadan har biri 15 toifaga boʻlinadi. Amaldorning toifasi uning ish stajiga, bilim saviyasiga va turli xizmat tavsifnomalariga bogʻliq. Davlat xizmatida Yaponiya uchun xususiyatli boʻlgan “umrbod yollanish” tizimi amaldadir, bu tizim yollash boʻyicha ishga kirgan shaxsni aynan bir tashkilotda uzoq vaqt (nafaqaga ketgunga qadar) ishlashini koʻzda tutadi. Shu asnoda xizmatchining lavozimi va maosh hajmi uzluksiz ish stajiga bogʻliq qilib qoʻyiladi.

Yaponiyadagi “umrbod yollanish” tizimi bilan bogʻliq davlat xizmatining xususiyatli jihatlaridan biri bu – amaldorning oʻzi ishlayotgan idorada muqim ishlashidir.

Singapur davlat fuqarolik xizmati oʻz ichiga: prezident adminstratsiyasi, bosh vazir idorasi, 14 vazirlik va 26 doimiy qoʻmitalar xizmatlarini oladi.

Vazirliklarda (agar bosh vazir idorasi qoʻshib hisoblansa) ishlovchi xizmatchilarning soni oltmish besh mingdan ortiq, qoʻmitalardagilar soni esa qirq toʻqqiz mingdan ortiq xodimni oʻz ichiga olgan. Mazkur qoʻmitalar muayyan funksiyalarni ado etish uchun parlament hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan mustaqil davlat agentliklari tarzida tavsiflanadi.

Singapurda kadrlar zaxirasini shakllantirishda meriokratiya tamoyiliga asoslaniladi. Meriokratiya tamoyiliga koʻra davlat istiqbolli yoshlarni maktab davridan aniqlab kuzatib boradi hamda ularning butun oʻqishi davomida ragʻbatlantirib boradi. Ular universitetlarga kirish uchun nafaqalar oladi, ayrimlari xorijga ketadi. Oʻz navbatida iqtidorli oʻquvchilar toʻrt yildan olti yilgacha davlat xizmatida ishlab berish majburiyatini oladi.

Davlat xizmatidagi mansabdorlarning ish faoliyati quyidagi tamoyillarga asoslanadi - davlat xizmatiga munosib kadrlarni jalb qilish hamda ularni qayta tayyorlash, poraxoʻrlikni yuzaga keltiruvchi omillar sonini kamaytirish, pinhona imtiyozlar mavjud boʻlmagan oshkoralik siyosatini yuritish.

Martaba darajasi yuqori boʻlgan xizmatchilarni davlat nazoratidagi kompaniyalar boshqaruvida ishlash uchun tayinlash amaliyoti joriy qilingan. Bu amaliyot ularga xususiy sektor muammolari bilan shugʻullanish imkonini beradi. Shu tarzda davlat xizmatchilari foydali tajribani qoʻlga kiritadi.

AQSHdagi davlat xizmatchilari turkumi ham davlat-hukumat vakolatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq mansabdor shaxslarni va yordamchi-texnik xodimlarni, ham yollanma xodimlarni (shu jumladan, davlat oʻquv muassasalarining oʻqituvchilari, davlat korxonalarining va kommunal xizmat sohalari ishchilari) oʻz ichiga oladi. AQSHda keng maʼnoda mehnati uchun federatsiya, shtat yoki hukumat mahalliy organi byudjetidan maosh oladigan har bir shaxs “davlat xizmatchisi” (“government employee”) yoki “ijtimoiy sektor xizmatchisi” (“public employee”) hisoblanadi.

AQSHda 1883-yilda davlat fuqarolik xizmatiga oid “Fuqarolik xizmati toʻgʻrisida” gi Qonun qabul qilingan. Qonun fuqarolik xizmatiga tanlash va lavozimlarning aksariyatiga tayinlash uchun yangicha tizimni (taqdirlashga loyiq ishlar tizimini) va tanlov imtihonlarini joriy qildi. Qonunga muvofiq quyidagi organlar tuzildi:

1) xodimlarga rahbarlik boshqarma;

2) alohida maslahatchi boshqarma;

3) xizmatlar tizimini muhofaza qilish kengashi;

AQSHda xodimlar ish faoliyati samaradorligi (KPI) asosida baholanadi. KPI xodimlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirib, ish samaradorligini oshirish, yuqori koʻrsatkich koʻrsatganlarni mukofotlashni kengroq qoʻllash yoʻli bilan xizmatchilarni ragʻbatlantirishni kengaytirdi. Fuqarolik xizmati boʻyicha koʻp sonli va oʻta batafsil huquqiy meʼyorlar, asosan, AQSH qonunlari Toʻplamining kodifikatsiyalashtirilgan beshinchi qismida joylashgan.

“Oliy rahbarlar xizmati toʻgʻrisida” gi Qonunda lavozimlarning ikki turi: martabali va umumiy lavozimlar belgilangan. Martabali lavozimlarga faqat xizmatga aloqador amaldorlar tayinlanishi mumkin, bu davlat apparati ishining barqarorligini taʼminlashi va “uning begʻarazligini hamda hukumatga xalqning ishonchini kafolatlashi” lozim.

Davlat fuqarolik xizmatchilari uchun rahbarlik lavozimidagi salohiyatlari, bilimlari, intilish sabablarini, kuchli va zaif jihatlarini har tomonlama baholash uchun bir yillik sinov muddati belgilangan. Ularning ishi qoniqarsiz baholanganda ular ishdan boʻshatiladi yoki oldingi lavozimiga qaytariladi.

Qonunning ahamiyati...

Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida” gi Qonuni davlat fuqarolik xizmatchilarini huquqiy maqomini belgilovchi, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasi masalalarini tartibga soluvchi hamda davlat fuqarolik xizmatini mustahkamlovchi muhim loyiha hisoblanadi.

Mazkur qonun loyihasi davlat fuqarolik xizmatini tashkiliy-huquqiy mexanizmini yagonaligini taʼminlashga qaratilgan munosabatlarni tartibga solish orqali huquqiy asoslarini yaratish, davlat xizmatchilarining kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini obyektiv hamda adolatli tanlov asosida xizmat pogʻonalari boʻyicha oʻsishni kafolatlarini oʻrnatish, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, oʻtash va tugatish jarayonlarini tartibga solish, davlat fuqarolik xizmatchilarini kasbga layoqatliligini va professionalligini oʻsishida shart-sharoitlar yaratish hamda raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Dildora Anvarova, Xulkar Safarova,

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimlari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?